Amri maruf

Assalomu alaykum! Qarindoshlarim aroq ichishadi. “Aroq ichmanglar, gunoh bo‘ladi”, deb “Zikr ahlidan so‘rang” saytidan o‘qib olgan ilmlarimni oyat, hadislar bilan aroqni kasofati va qiyomatdagi dahshatini aytib berganimga ular “qiyomatda hamma o‘zi uchun javob beradi. Biz sendan kattamiz. Kecha dunyoga kelib aql o‘rgatasanmi. Namoz o‘qisang o‘zingga qilasan, men ichsam o‘zim javobini beraman sen javob bermaysan men uchun” deyishdi, lekin yomonlikdan qaytarish musulmon bo‘ynidagi vojib amaliku. Qarindoshlarim ichishsa yo shirk amallarni qilishsa men ko‘ra-bila turib gapirmasam shu ish to‘g‘rimi? Menga shunday oyat yo sahih hadis aytsangiz men qarindoshimga uni ko‘rsatsam.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Inson nasihat qilmoqchi bo‘lgan barcha kishilarning oldida suyukli bo‘lishi kerak. O‘zgalarga nasihat qiladigan, ta’lim beradigan va ularni aytgan gaplariga amal qilishini xohlaydigan inson avvalo yaxshi ilmga ega bo‘lishi kerak. Har bir bilgan narsasiga amal qilishga harakat qilishi kerak. Eng muhimi ularga yaxshi gapirib, muhabbatini qozona olishi kerak. Chunki hikmatlarda “Kimni yaxshi ko‘rsang uni har bir so‘zi va amallari senga chiroyli bo‘lib ko‘rinaveradi” deyilgan. Qolaversa banda Alloh bilan o‘zining o‘rtasini isloh qilsa, Alloh u bilan boshqa bandalar orasini ham isloh qilib qo‘yadi. Buning uchun biroz vaqt ham kerak bo‘ladi. Surunkali kasallik davolanishi qiyin va uzoq muddat talab qilganidek, gunohlar ham surunkali bo‘lib qoladi, tark qilishi uchun uzoqroq muddat kerak bo‘ladi. Buning uchun yonidagi tabiblik vazifasini bajarayotganlar biroz sabr qilishlar kerak bo‘ladi. Oddiy kasallikni davolash uchun tabobatdan ilm va tajriba zarur bo‘lganidek, gunoh kasalini davolamoqchi bo‘lganlarda ham davolash ilmi va tajribasi bo‘lishi kerak. Siz ilm o‘qing. Zimmangizda etkazish vazifasigina bor, majburlash emas. Siz ularga etkazsangiz va ularning ishlariga norozi bo‘lsangiz qolganiga javobgar bo‘lmaysiz. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 05:43 | Savol-javoblar | 207 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar