LGBTni qo‘llaydigan jamoalar

Assalomu alaykum! Ustozlar men futbolga qiziqaman jamoalar LGBTni qo‘llamoqda ekan. Men shu jamoaning futbolchisiga muxlislik qilsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Musulmon kishi umrini bu kabi ishlarga zoe qilishi kerak emas. Foydali ishlar bilan shug‘ullaning. LGBT bo‘lganiga ham, boshqasiga ham muxlislik qilmang. Musulmon g‘ayridinga muxlis bo‘lmaydi.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مِنْ حُسْنِ إِسْلاَمِ الْمَرْءِ تَرْكُهُ مَا لاَ يَعْنِيهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ فِي الزُّهْدِ وَابْنِ مَاجَهْ.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kishi Islomining husni – behuda narsalarni tark qilishidadir», dedilar».
Termiziy «Zuhd»da va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Sharh: Bu hadisi sharif ham o‘tgan hadisning roviylari Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda.
Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishi Islomining husni-chiroyli bo‘lishi haqida so‘z yuritmoqdalar. Shariatda «falonchining Islomi husnli-chiroyli bo‘ldi» degan ibora, falonchi Islomga ichidan ham, tashidan ham, haqiqiy ravishda kirdi, degan ma’noni ifoda qiladi.
Ibn Battoi esa: «Falonchining Islomi husnli bo‘ldi, degani: «Ehson hadisi, ya’ni, «Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turganidek ibodat qilishing», degan hadis bilan sharh qilinadi, deydi.
Demak, kishining Islomi husnli bo‘lar, yoki aksincha ham bo‘lishi mumkin ekan. Uning qanday bo‘lishi esa, Islomdagi kishining o‘ziga bog‘liq. Agar inson o‘zi uchun behuda bo‘lgan narsalarni tark qilsa, bu–uning Islomi husnli bo‘lganiga dalil ekan. Chunki bu ishni faqat haqiqiy musulmon odamgina amalga oshiradi. Chin musulmon odam hayotning har bir lahzasiga o‘ta jiddiylik bilan qaraydi. Qiyomatda ana shu har bir lahza uchun hisob-kitob, savol-javob bo‘lishini zin­hor unutmaydi. Chin musulmon odam behuda sarflangan vaqt, molu dunyo, sog‘lik, kuch-quvvat, imkoniyat va boshqa narsalar uchun qiyomat kuni javob berishini to‘la his qilib yashaydi. Shuning uchun u behuda narsaga umuman yaqinlashmaydi. Bu esa, o‘z navbatida uning Islomining husni bo‘ladi.
Chin musulmon bo‘lishni o‘ylagan odam behuda, foydasiz va ma’nosiz narsalarga o‘zini urmaydi. Unday narsalarni esa, pastkash kishilar qiladilar. Musulmonlik esa, oliy sharafdir, yuqori martaba va yuksak maqomdir. Har birimiz Islomimizning husnli bo‘lishi uchun urinaylik, behuda narsalarni tark qilaylik. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 10:13 | Savol-javoblar | 160 | Administrator
|
Boshqa savol-javoblar