Umra yoki hajda ayollar uzrli bo‘lib qolsa

Assalomu alaykum! Ustoz agar ayol kishi haj yoki umraga borganida benamoz bo‘lib qolsa nima qilish kerak? Qanday yo‘l tutish kerak? Shunaqa paytdayam duo qilsa amalga oshadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Haj va umradagi ayollarga xos daqiq masalalar Hayz ko‘rgan ayolning safari طَهُرَتْ الْحَائِضُ وَبَقِيَ لِمَقْصِدِهَا يَوْمَانِ تُتِمُّ فِي الصَّحِيحِ (Safarga chiqqan) hoiza ayol qasd qilgan joyiga etib borishidan ikki kun avval hayzidan pok bo‘lsa, sahih qovlda keltirilishicha etib borgunicha va etib borganidan so‘ng namozlarini to‘liq qilib o‘qiydi (ya’ni musofirga aylanmaydi). (Roddul Muhtor)
Ayol kishi xayz ko‘rgan holatda safarga chiqsa-yu, shar’iy masofani bosib o‘tgandan keyin yoki ko‘zlagan manziliga shar’iy masofadan ozroq qolganda pok bo‘lsa, u ayol musofirga aylanmaydi. Misol uchun, bir ayol haj safariga xayz ko‘rgan holatda chiqsa, Makkai Mukarramadagi tushishligi ko‘zlangan mehmonxonasigacha etib borganidan keyin yoki etib borishiga safar masofasi (Hanafiy mazhabi o‘lchoviga ko‘ra, 96 km masofa safar masofasi hisoblangan ) dan ozroq, masofa qolganida xayzdan poklansa, bu holatlarda Makkai Mukarramada musofirga aylanmaydi va namozlarini qasr qilib o‘qimaydi, balki muqim holatdagidek to‘liq qilib o‘qiydi. Chunki u shar’iy safarni boshlagan vaqtida namozga mukallaf emas edi. (namozga hayzdan poklangach mukallaf bo‘ladi)
Agar pok holatda safarga chiqsa-yu, safar mobaynida xayz qoni kela boshlasa, unday ayol shar’iy musofirga aylanadi. Xayzi to‘xtagandan keyin namozlarni qasr qilib o‘qiydi. Shuningdek, xayz holatida safarga chiqsa-yu, ko‘zlagan manziliga eng kami safar masofasi (96 km)cha qolganda pok bo‘lsa, bunday holatlarda ham shar’iy musofirga aylanadi (Raddul muhtor).كَصَبِيٍّ بَلَغَ أَيْ فِي أَثْنَاءِ الطَّرِيقِ وَقَدْ بَقِيَ لِمَقْصِدِهِ أَقَلُّ مِنْ ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ فَإِنَّهُ يُتِمُّ وَلَا يُعْتَبَرُ مَا مَضَى لِعَدَمِ تَكْلِيفِهِ فِيهِ “Agar bir balog‘atga etmagan bola safar mobaynida balog‘atga etsa, balog‘atga etgan joyidan ko‘zlagan manziligacha bo‘lgan masofa safar masofasi (96 km) bo‘lsa, u shar’iy musofirga aylanadi. Agar shar’iy masofadan kamroq bo‘lsa, shar’iy musofirga aylanmaydi” (Bahrur roiq). Hoizaning ehromga kirishi 1-Masala: ehromga kirish uchun hayzdan pok ayollarga g‘usl qilish mustahab bo‘lgani kabi hoiza ayol ham ehromga kirish uchun g‘usl qilishi mustahabdir. Lekin hoiza ehromga kiriganda o‘qiladigan ikki rak’at nafl, masjidga kirish va tavof qilishni to‘xtatib turadi.
Savol: ayol kishi Jidda shahriga jo‘nashdan avval hayz ko‘rib qolsa, ehromga kirishligi joizmi?
Javob: bu holatga tushgan ayol tozalik ma’nosida g‘usl yoki tahorat qiladi.  Namoz o‘qimasdan, haj yo umraning niyatini qilib, talbiya aytib ehromga kiradi. Qilgan g‘usli hayzdan poklanish uchun emas, balki faqatgina tozalanish uchundir. Bunday voqea Oisha roziyallohu anho bilan ham sodir bo‘lgan edi.
3-Masala: agar hayz ko‘rgan ayol ilmsizlik qilib, “hayz holatda ehromga kirish joiz emas”, deb o‘ylasa yoki qasddanmi, esdan chiqaribmi miyqotdan o‘tib ketib qolsa, uch xil suratda bo‘ladi.
1. Miyqotdan o‘tib ketdi, lekin haj yoki umraning birortasiga ehromga kirgani yo‘q. Hukmi:
a)  miyqotdan ehromsiz o‘tganiligi gunohiga tavba qilsin;
b) miyqotga qaytib, birinchi umra qilish kerak bo‘lsa umraga, haj qilishi kerak bo‘lsa hajga ehromga kirsin. Shunday qilsa jarima qurbonligi soqit bo‘ladi;
v) agar miyqotga qaytib bormasa, bitta qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi. yoki tuya yo molning etti bir hissasiga sherik bo‘lib qurbonlik qilsa ham joiz;
g) miyqotga qaytib bormagani uchun tavba qilsin;
2. Miyqotdan o‘tib ketib, umra yo hajga ehromga kirdi. Lekin umraning tavofi yo tavofi qudum yoki Arofotda vuquf qilish amallaridan birortasini boshlagani yo‘q, ehromga kirdi, xolos. Hukmi: bu suratda ham yuqoridagi a, b, v, g bandlardagi hukm joriy bo‘ladi.  Lekin ehromga kirib olganligi uchun qayiadan ehromga kirmaydi. Haj yo umradan qaysinisiga ehromga kirgan bo‘lsa, talbiyasini miyqotga kelib aytadi.
3. Miyqotdan o‘tib, haj yo umradan biriga ehrom bog‘ladi, tavof yo vuqufi Arafot amallaridan biriga ham kirishdi, buning hukmi: bu suratda 3 ta ish vojib bo‘ladi:
a) miyqotdan ehromsiz o‘tgani gunohiga tavba qilish.
b) bitta qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi. yoki tuya yo molning etti bir hissasiga sherik bo‘lib qurbonlik qilsa ham joiz;
v) miyqotga qaytib borib kirgan ehromini talbiyasini aytishligi. Lekin qaytib borgani bilan amalga kirishib qo‘ygani tufayli jinoyat qurbonligi soqit bo‘lmaydi.
Bir ayol miyqotdan umraga ehromga kirdi. Tavofga kirishmasidan ilgari hayz ko‘rib qoldi. Hayzdan pok bo‘lmasdan avval Madinaga ketishsa, zimmasiga o‘sha ehromi bilan Makkaga qaytib kelib amallarini ado qilishi vojib bo‘ladi. Madinadan qaytib kelishda engi ehromga kirishi joiz emas. Agar Madinadan qaytib kelayotib yana ehromga kirsa, uning zimmasiga 4 ish vojib bo‘ladi:
a) nojoiz ishni qilgani uchun tavba qilish.
b) shu holatda uning zimmasida ikkita umra qilish vojib bo‘ldi. Birini tark qiladi.
v) bir umrani ado qilgandan keyin halol bo‘lgach, zimmasidagi ikkinchi umrani yangi ehrom bilan qazosini o‘taydi.
g) (ehromning ustidan yana ehromga kirganligi va ikki umradan birini tark qilganligi uchun) ikkita echki yo ikkita qo‘y qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi.
Agar ayol umrani tavofini bajarganidan keyin hayz ko‘rib qolsa, Safo va Marva o‘rtasida sa’yi qilaveradi. Chunki Safo Marva o‘rtasida sa’yi qilishda pok holatda bo‘lishi mustahabdir, vojib emas. Agar hayz ko‘rgan ayol sa’yi qilmasa, umraning ehromidan chiqmasligi vojibdir. Pok bo‘lgach o‘sha ehromi bilan vojib bo‘lgan sa’yini ado qiladi. Agar biror joyga, masalan, Madinaga ketib qolsa, ehromidan chiqmay, qayta boshqa ehromga kirmasligi vojibdir. Mobodo, qayta ehromga kirsa, zimmasiga to‘rtta narsa vojib bo‘ladi.
a) ehromda bo‘la turib qayta ehromga kirish jinoyati va unlan tavba qilish.
b) ikkinchi ehromni tark qilib avvalgi ehromining sa’yisini tugatib halol bo‘lishi.
v) halol bo‘lgach qoldirgan ikkinchi ehromining qazosini ado qilish.
g) ikkita qo‘y (ehromda bo‘la turib qayta ehrom kiygani uchun va bir umrani tark qilgani uchun)
Vatanidan haj yo umraga ketgan ayol miyqotdan ehromga kirdi, umra tavofiga kirmasdan avval hayz ko‘rib qolsa, bu ayol pok bo‘lgunicha kutib turishi vojib. Pok bo‘lgach umra tavofini va sa’yisini qilib bo‘lgach sochini qisqartirib ehromdan chiqadi. Mobodo, ilmsizlik qilib hayz ko‘rish bilan umraning ehromi fosid bo‘ldi, deb o‘ylasa, hamda Oisha roziyallohu anho masjidlariga borib qayta ehromga kirsa, to‘rtinchi masaladagi ishlar, ya’ni tavba, birinchi umraning amallarini bajarish, ikkinchi umraning qazosi, ikkita qo‘y qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Savol: umraga ehrom bog‘lagan ayol hayz tufayli umra qila olmasa, so‘ng haj amallari boshlanib qolsa nima qiladi?
Javob: bunday ayol ehromdan chiqish niyati bilan soch qisqartirish yoki ehromda qilishi man’ qilingan amallardan birortasi (hushbo‘ylik surtish, sochini tarash) ni qilib, ehromdan chiqib, hajning ehromiga kiradi. وكل من عليه الرفض يحتاج الى نيّة الرفض Ikki ehromdan birin tark qilishi lozim bo‘lgan har bir kishiga tark qilayotganligining niyatini qilish kerak. (Manosik 297 bet)
Haj amallarini tugatgach umraning qazosini qiladi. Bir qo‘yni qurbonlik qiladi. Shunday voqea Oisha roziyallohu anho bilan ham sodir bo‘lgan. وكل من لزمه رَفْضُ الْعُمْرَةِ فَعَلَيْهِ دَمٌ وَقَضَاءُ عُمْرَةٍ Umrani tark qilishi lozim bo‘lgan har bir kishiga bir qurbonlik va bir umraning qazosi lozim bo‘ladi. (Manosik 296 bet)
Savol: hoiza ayol ka’bani tavof qilsa bo‘ladimi?
Javob: hoiza uchun masjidni ichida bo‘la turib ka’bani tavof qilishi harom amal sanaladi. Shuningdek, masjidni tashqarisidan tavof qilishi ham haromdir. Tavofi ziyorat masalalari Erkak kishilar kabi ayollarga ham tavofi ziyorat farzdir. Zul hijjaning 10-kuni shaytonga tosh otgandan keyin, qurbonlik qilib sochini qisqartirganidan so‘ng tavofi ziyoratni qilishi sunnatdir. Agar soch oldirishdan ilgari tavofi ziyoratni qilsa ham joiz, lekin sunnatni tark qilgan bo‘ladi. قال القارى رحمه الله : واما الترتيب بينه اى بين طواف الزيارة و بين الرمى والخلق اى كونه بعدهما فسنة وليس بواجب تاكيد لما قبله وكذا الترتيب بينه وبين الخلق حتَى لو طاف قبل الرمى والخلق لا شيء عليه الا انه قد خالف السنة فيكره Mulla Ali Qoriy rohmatullohi alayh aytdi:
“Tavofi ziyorat bilan shaytonga tosh otish hamda soch oldirish yoki qisqartirish o‘rtasidagi tartib, ya’ni tavof u ikkisidan keyin bo‘lishi sunnatdir, vojib emasdir. Tavof bilan qurbonlik o‘rtasidagi tartib ham shu kabidir. Agar bir kishi tosh otmasdan,sochini qisqartirmay yoki oldirmay turib tavofi ziyoratni qilsa, zimmasiga biror narsa vojib bo‘lmaydi, lekin sunnatga xilof ish qilgan bo‘ladi”. (Manosik 233 bet)
Hayz ko‘rib qolishi ehtimoli bor ayollar Zul hijjaning 10 kuni subhi sodiqdan so‘ng tavofi ziyoratni qilsalar joiz. Subhi sodiq kirmasidan ilgari joiz emas.
Savol: hoiza tavoflardan qaysinisini tark qilishi mumkinu, qaysi tavofni tark qilishi mumkin emas?
Javob:
1. Tavof qudum - sunnat bo‘lib, hayz tufayli qoldirsada, Minoga ketishdan avval pok bo‘lsa, tavof qilib oladi. Aks holda tark qilishga majbur bo‘ladi. Tark qilgani uchun kafforot lozim bo‘lmaydi.
2. Tavof ziyorat (Zulhijjaning o‘ninchi kunidan boshlanadi to o‘n ikkinchi kunning quyoshi botkunicha) – farz amali bo‘lib, hayz tufayli bajara olmasa, to pok bo‘lgunicha kechiktiradi. Lekin tark qilsa haji ado bo‘lmaydi. Hayz holatda tavof qiladigan bo‘lsa, tavof ado bo‘lib, jazosiga tuya yoki mol qurbonlik qilishi zarur bo‘ladi.
3. Tavof vido’ – bu vojib amaldir. Agar shu tavofni qilishdan avval hayz ko‘rib qolsa, uni tark qilaveradi. Zimmasidan soqit bo‘ladi. Shunday voqea Sofiya roziyallohu anho bilan ham sodir bo‘lgan.
Savol: tavof qilayotgan  ayol hayz ko‘rib qolsa nima qiladi?
Javob: qaysi turdagi tavof bo‘lsa ham o‘sha zahoti tavofni to‘xtatib, masjiddan chiqishi lozim. Turib qolsa gunohkor bo‘ladi.
Savol: hoiza ayol haj amallaridan qay birini bajarishi mumkin?
Javob: hoiza ayol tavofdan bo‘lak hajning barcha amallarini bajarsa bo‘ladi. Tavof uchun esa poklik shartdir. Hoizaga masjidga kirishi mumkin bo‘lmaydi.
Agar bir ayol hayz yoki nifos ko‘rgan holatida ilmsizlik qilib yoki qasddan 7 bor yoki tavofning ko‘prog‘ini yoki to‘rt va undan ko‘proq qismini ado qilsa, zimmasiga uchta ish vojib bo‘ladi.
a) harom bo‘lgan nopok holatda masjidga kirish va tavof qilish gunohidan tavba qilish.
b) pok bo‘lgach tavofini qaytadan qilish.
v) agar qaytadan qilmasa, bitta mol yoki bitta tuya so‘yishligi.
Tanbeh:
Agar hayz holatida ado qilgan tavofini pok holida qayta ado qilmasa, va vataniga ketib qolsa, miyqotdan o‘tib ketmagan bo‘lsa, ehromsiz qaytib kelib tavofi ziyoratni ado qiladi. Agar miyqotdan o‘tib ketib bo‘lgan bo‘lsa, qaytib miyqotdan umraga ehromga kirib, umraning amallarin tugatgach tavofi ziyoratni ado qiladi. Agar vatanidan ortiga qaytmasa vatanidan turib haramda bir mol yo tuyani qurbonlik qildirtiradi. So‘ngina ehromdan halol bo‘ladi.
Agar 10-zulhijja kuni ilmsizlik qilib hayz holatida tavofi ziyoratini qilsa, so‘ng 11-12-kunlari pok bo‘lsa, tavofi ziyoratni qayta qiladi va zimmasidan hayz holatida tavofi ziyoratni qilgani uchun zimmasiga vojib bo‘lgan tuya yoki mol soqit bo‘ladi.  Agar 11-12-kunlari pok bo‘lgach tavofi ziratni qayta qilmasa, hamda qurbonlik kunlari o‘tib ketsa tavofi ziyoratni qiladi. hayz holatida tavofi ziyoratni qilgani uchun zimmasiga vojib bo‘lgan tuya yoki mol soqit bo‘ladi. lekin pok bo‘la turib qurbonlik kunlaridan kechiktirgani uchun bir qo‘y yoki echki qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Agar hayz yo nifos holatda  tavofi ziyoratning aylanishini uch yo undan kam aylansa zimmasiga uch ish vojib bo‘ladi.
a) harom bo‘lgan nopok holatda masjidga kirish va tavof qilish gunohidan tavba qilish.
b) pok bo‘lgach tavofini qaytadan qilish.
v) agar qaytadan qilmasa, bitta qo‘y yoki bitta echki so‘yishligi (mol yoki tuya emas) vojib.
Agar tavofi ziyoratni qayta qilayotganda ularni ham qo‘shib qayta qilsa qurbonlik qilishi soqit bo‘ladi va har bir aylanish evaziga ikki kg dan bug‘doy yoki uning narxini sadaqa qilishi vojib bo‘ladi.
Agar bir ayol hayz yo nifoslik uzri bo‘lmasdan turib tavofi ziyoratning to‘lig‘ini yoki ko‘p qismini qurbonlik kunlari (10 kuni subhi sodiq kirgandan to 12 kun quyosh botgunicha bo‘lgan vaqt)dan kechiktirib yuborsa,  bir qo‘y yoki echki zimmasiga vojib bo‘ladi va kechiktirgani uchun tavba qilishi lozim bo‘ladi.
Agar bir ayol hayz va nifosni uzri bo‘lmasdan turib tavofi ziyoratni uch va undan kamroq aylanishini 12 Zulhijjaning quyosh botkunicha bo‘lgan vaqtdan kechiktirib yuborsa, har bir aylanish evaziga fitr sadaqasi miqdoricha (bug‘doydan 2 kg yoki uning qiymatini) sadaqa qilishi va kechiktirgani uchun tavba lozim bo‘ladi.
Savol: hayz ko‘rgani tufayli farz bo‘lgan tavof ziyoratni tark qilgan hamda vataniga ketgan ayolning hukmi nima?
Javob: tavof ziyorat hajning farzidir. Uni bajarilmas ekan ehromdan chiqadigan amallarni qilish bilan ham ehromdan chiqmaydi. Er-xotinlarning yaqinliklari ham halol bo‘lmaydi. Agar shu tavofni tark qilib vataniga ketib qolgan bo‘lsa, yangi ehromsiz qaytib borib, tavofni bajaradi. Mobodo bormasdan, qurbonlik qildiradigan bo‘lsa ham ehromdan chiqqan bo‘lmaydi. Har bir jinoyatga jazo ta’yin topaveradi. Shuning uchun tavof ziyoratni qilmasdan hayz ko‘rib qolgan ayol pok bo‘lib tavofni ado qilmagunicha vataniga qaytishni to‘xtatib turishi zarurdir.
Agar hayz yo nifos tufayli uch yoki undan kamroq fylanishni qoldirib vataniga ketib qolsa, uning zimmasiga qaytib kelib, qolganlarini ado qilishi vojib bo‘ladi. Agar vatanidan Makkaga qaytib kelmasdan jinoyati evaziga bir qo‘y yoki echkini qurbonlik qilsa, kifoya qiladi. mobodo qaytib borib ado qilib kelishni xohlasa miyqotdan umra uchun ehromga kiradi. Avval umrani ado qilib so‘ng tavofi ziyoratidagi qoldirgan aylanishlarni bajaradi.
Qurbonlik kunlari ya’ni 10-zulhijjaning subhi sodig‘idan to 12-kunning quyoshi botkunicha hayz yo nifosli bo‘lib tavofi ziyorat qilolmasa, bu kunlar tugashi bilan pok bo‘lgach tavofi ziyoratni qilaveradi hamda kechiktirgani uchun biror bir qurbonlik zimmasiga vojib bo‘lmaydi.
Agar qurbonlik kunlaring avvalida ya’ni Zulhijjaning subhi sodig‘i kirganidan so‘ng tavofi ziyoratni barchasini yo ko‘proq qismini ado qilishini imkoniyati bor edi, lekin u beparvoligi tufayli ularni ado qilmasa, uning zimmasiga quyidagi ishlar vojib bo‘ladi:
a) vojibni tark qilganlik gunohiga tavba qilishi;
b) hayz qachon kelib qolishini bilmagan bo‘lsa, 2 kg bug‘doy yoki uning qiymatini sadaqa qilishi;
v) hayz kelish vaqti ma’lum bo‘lib, hayz kelgunicha tavofning hammasini yoki to‘rt aylanishni yoki ko‘prog‘ini bajarib olish imkoni bo‘la turib tavofni qilmasa va hayz kelib qolsa, kechiktirgani uchun bir qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi lozim bo‘ladi.
Hayz ko‘rgan ayol 12 Zulhijja kuni quyosh botishidan avval g‘usl qilib, tavofi ziyoratning barchasi yoki ko‘proq qismini ado qiladigan vaqtda pok bo‘lsa, lekin g‘aflat beparvoligi tufayli tavofni bajarmasa, zimmasiga quyidagi ishlar vojib bo‘ladi:
a) tavofni o‘z vaqtidan kechiktirmaslik imkoniyati bo‘la turib, kechiktirganilik gunohidan tavba qilish;
b) tavofni o‘z vaqtidan kechiktirgani uchun bir qo‘y yo echki qurbonlik qilish;
agar 12-zulhijjaning quyoshi botishidan ilgari pok bo‘lsayu, lekin g‘usl qilib, masjidga borib, tavofi ziyoratni boshlasa va uch yoki undan kamroq aylana aylanishga imkoniyatli vaqt qolgan bo‘lsa, hamda tavofni qilmay kechiktirsa,
a) tavofga kirishmaganlik gunohiga tavba qilish,
b) vaqt chiqib ketishidan oldin bir ikki aylana aylanishga imkoniyati bo‘la turib aylanmagani uchun har bir aylana evaziga fitr sadaqasi miqdoricha sadaqa qilishlik lozim bo‘ladi.
Bir ayolning hayz odati  6  kun bo‘lib, Makkaga etib borgach, hayz ko‘rishni boshlasa, 3-4 kun hayz ko‘rgach qon to‘xtasa, g‘usl qilib, namoz o‘qishni boshlasada, odat kunlari, ya’ni 6 kun to‘liq bo‘lguncha tavof amalini bajarmay turadi. Odatiga binoan 6 kun o‘tgach esa ehtiyotan yana bir bor g‘usl qilib so‘ng tavofini bajaradi.
Bir ayolnin hayz odati 5 kun bo‘lib, besh kun o‘tgach qon to‘xtasa Tavofga kirishaveradi. Agar 5 kundan o‘tib 10 kundan oldin to‘xtasa, 10 kunga qadar tavofni kechiktirishi mustahab sanaladi.
Bir ayolning 7 kun odati bo‘lsayu, 3 yoki 4 kun qon kelib to‘xtasa, u g‘usl qilib tavof qilib olsa, qon to‘xtaganidan keyin 15 kun poklik ko‘rmasdan turib, qon tomchisi, asari yoki qon oqqanini ko‘rib qolsa, u tavofni hayz kunlarida qilgan bo‘ladi hamda uni qayta ado qilishi vojib bo‘ladi. Agar bu umraning tavofi bo‘lsa, zimmasiga bir qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi vojibdir.
Tanbeh: hajning farz bo‘lgan tavof ziyoratini hayz yo nifos yo junub  holatda ado qilish bilan badana, ya’ni tuya yoki mol qurbonlik qilish lozim bo‘ladi.
Umraning farzi bo‘lgan tavofini hayz holatda ado qilish bilan qo‘y yoki echki qurbonlik qilish lozim bo‘ladi.
Tanbeh: hayz yo nifos yo junub holatda qilingan tavofni pok holatda qaytadan ado qilinadigan bo‘lsa zimmadan jinoyat qurbonliklari soqit bo‘ladi.
Savol: hoiza tavofi ziyorat qilib olish uchun ko‘rayotgan hayz qonini dori iste’mol qilish vositasida to‘xtatsa, lekin tavofi ziyorat qilib bo‘lganidan so‘ng odatiy hayz kunlarida ikkinchi bor hayz ko‘rib qolsa, qilgan tavofining hukmi nima bo‘ladi?
Javob: ikki hayz oralig‘ida poklik aralashganligi uchun hayz vaqtida tavof qilgan hisoblanadi. Buning jarimasiga tuya yoki mol qurbonlik qilishi lozim bo‘ladi. Agar hayzdan pok bo‘lganidan keyin tavofi ziyoratni qaytarib qilsa, jarima soqit bo‘ladi. Lekin ikki ko‘rinishda ham tavba zaruriydir.
Ya’ni, bir ayol har oyning to‘qqizinchi va o‘n beshinchi kunlari davomida hayz ko‘radigan bo‘lsayu, to‘qqizinchi kunda qon ko‘rib, o‘ninchi kunida tavofi ziyoratni qilib olish maqsadida dori iste’mol qilsa hamda qon to‘xtab tavofni bajarsa, so‘ng 12-13-14 kunlarda ham pok bo‘lib, 15-kuni yana qon ko‘ra boshlasa, tavofni hayz muddatidagi aralashgan poklikda bajargan bo‘ladi (ya’ni 9 va 15 kunlar davomida hayz ko‘rishlik u ayolning odatiy kunlari edi). Odat kunlaridagi poklik hayzdan hisoblanganligi uchun  zimmasiga qurbonlik jarimasi lozim bo‘ladi. Agar tavofni qaytadan bajarsa qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar hayz ko‘rishni boshlagach dori vositasida hayzni to‘xtatsa, so‘ng qondan pok holatida tavof qilsa, odatiy kunlari tugagunicha qon ko‘rmasa yoki odat kunidan keyin qon kelsa ham tavofi zimmasidan soqit bo‘ladi hamda zimmasiga jarima vojib bo‘lmaydi.ولو انقطع دمها بدواء اولاً او لم ينقطع فاغتسلت اولا وطافت ثم عاد دمها في ايام عادتها يصح ولزمها بدنة وكانت عاصية وعليها ان تعيده طاهرة فان عادته سقط ما وجب  Odatining avvalgi kunlarida davodan foydalanish tufayli hoizaning qoni to‘xtasa, yoki to‘xtamasayu g‘usl qilsa, yoki g‘usl qilmasa, tavofi ziyoratni bajarsa, so‘ngra odat kunlarida yana qon ko‘rsa, qattiq gunohkor bo‘lsada, tavofi tavof bo‘ladi. Zimmasiga esa tuya yoki molni qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi. Pok bo‘lgach tavofni qaytarishi lozim.
Agar qayta tavof qilsa, vojib bo‘lgan qurbonlik soqit bo‘ladi. (G‘unya 147-bet)
Savol: hoiza farz bo‘lgan tavof ziyoratni bajaraversa bo‘ladimi?
Javob: tavofi ado bo‘lib, jinoyatiga tuya yoki mol so‘yishi zimmasiga lozim bo‘ladi. Lekin pok holatida qaytadan bajarsa, jinoyat qurbonligi zimmasidan soqit bo‘ladi. لَوْ هَمَّ الرَّكْبُ عَلَى الْقُفُولِ وَلَمْ تَطْهُرْ فَاسْتَفْتَتْ هَلْ تَطُوفُ أَمْ لَا ؟ قَالُوا يُقَالُ لَهَا لَا يَحِلُّ لَك دُخُولُ الْمَسْجِدِ وَإِنْ دَخَلْت وَطُفْت أَثِمْت وَصَحَّ طَوَافُك وَعَلَيْك ذَبْحُ بَدَنَةٍ وَهَذِهِ مَسْأَلَةٌ كَثِيرَةُ الْوُقُوعِ يَتَحَيَّرُ فِيهَا النِّسَاءُ  Agar karvon hajdan qaytishga tayyorgarlik ko‘rsa, hoiza esa hayzidan pok bo‘lmasa, tavof qilish yoki qilmaslikka fatvo so‘rasa, ulamolar bunday ayolga masjidga kirishi halol bo‘lmaydi, agar masjidga kirib tavof qilsa, gunohkor bo‘lsada tavofi durust bo‘ladi, zimmasiga mol yoki tuya so‘yish lozim bo‘ladi, deydilar.  (Roddul Muhtor)
Kimdir shu tavofni tark qilib, ehromdan chiqsa, halol bo‘lmaydi. وَاعْلَمْ أَنَّ الْمُحْرِمَ إذَا نَوَى رَفْضَ الْإِحْرَامِ فَجَعَلَ يَصْنَعُ مَا يَصْنَعُهُ الْحَلَالُ مِنْ لُبْسِ الثِّيَابِ وَالتَّطَيُّبِ وَالْحَلْقِ وَالْجِمَاعِ وَقَتْلِ الصَّيْدِ فَإِنَّهُ لَا يَخْرُجُ بِذَلِكَ مِنْ الْإِحْرَامِ ، وَعَلَيْهِ أَنْ يَعُودَ كَمَا كَانَ مُحْرِمًا ، وَيَجِبُ دَمٌ وَاحِدٌ لِجَمِيعِ مَا ارْتَكَبَ وَلَوْ كُلَّ الْمَحْظُورَاتِ ، وَإِنَّمَا يَتَعَدَّدُ الْجَزَاءُ بِتَعَدُّدِ الْجِنَايَاتِ إذَا لَمْ يَنْوِ الرَّفْضَ ، ثُمَّ نِيَّةُ الرَّفْضِ إنَّمَا تُعْتَبَرُ مِمَّنْ زَعَمَ أَنَّهُ خَرَجَ مِنْهُ بِهَذَا  Ehromdagi odam ehromni tark qilishni niyat qilib, halol kishilar bajaradigan amallar: tikilgan kiyim kiyish, hushbo‘ylanish, soch-tirnoqlarni olish, ayoliga yaqinlik qilish, ov qilish kabilarni boshlab yuborsa, bunday niyati bilan u ehromdan chiqmaydi. Ehromdagi kishidek Makkaga qaytib borishi vojib bo‘ladi. Qilgan barcha jinoyatlariga bitta qon lozim bo‘ladi. Agar ehromni tark qilish niyatida bo‘lmagan bo‘lsa, jinoyatlarining adadicha jazo lozim bo‘ladi. Ehromdan chiqishning niyati men ehromdan chiqdim, deb da’vo qilish bilan bo‘ladi. (Roddul Muhtor)
Savol: hoizaning Arofatda turishi mumkinmi?
Javob: mumkin. Amal ado bo‘ladi. Arofatda turish uchun hayzdan pok bo‘lish shart emas.
Savol: hoiza umraga ehromga kirsa bo‘ladimi?
Javob: bo‘ladi, lekin umra amallarini to‘xtatib turadi.
Tahoratsiz holda umraning tavofini ado etish
Savol: betahorat umraning tavofini ado etishning hukmi nima?
Javob: betahorat umraning tavofini ado etsa, tahoratsizligi hayz  yoki nifos, yoki junublik yoki oddiy holdagi tahoratsizlik bilan bo‘lsin umraning tavofini qilsa, tavofi ado topaveradi. Qasddan qilgani uchun gunohkor bo‘lib, zimmasiga qo‘y yoki echki so‘yish vojib bo‘ladi. Agar bularning barchasidan pok bo‘lganidan keyin, tahoratlik holida tavofni qaytadan qilsa, jarima qurbonligi soqit bo‘ladi.ولو طاف للعمرة كله او اكثره او اقله ولو شوطا جنبا او حائضا او نفساء او محدثا فعليه شاة لا فرق فيه بين الكثير والقليل والجنب والمحدث لانه لا مدخل في طواف العمرة البدنة ولا للصدقة بخلاف طواف  الزيارة وكذا لو ترك الاول منه ولو شوطا لزمه دم ولو اعاده سقط عنه الدم Umraning tavofini barchasini, ko‘pini yoki ozini, garchi bir aylana bo‘lsa ham junub, hoiza, nufaso yoki tahoratsiz holda bajarsa zimmasiga qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi. Bunda ko‘p, oz, junub yoki tahoratsizlikning farqi yo‘q. Chunki shariatda yuqoridagi suratda umraning tavofida tuya yoki molni qurbonlik qilish, sadaqa qilish belgilanmagan. Tavofi ziyoratning aksi o‘laroq. Chunki unda hoiza, junub bir tavofni bo‘lsa ham tark qilsa, unga qon lozim bo‘ladi. Agar uni pok bo‘lgach qaytarib ado etsa, bo‘ynidan qon soqit bo‘ladi.
Tamattu’ hajini bajaruvchi ayol umraning tavof qilishidan ilgari hayz ko‘rib qolishi
Savol: tamattu’ hajini bajaruvchi ayol umraning tavofini qilishidan ilgari hayz ko‘rib qolsa, hamda sakkizinchi Zul hijja oyi kelib hajga exrom bog‘lashiga to‘g‘ri kelib qolsa nima qiladi?
Javob: bu borada shariat hukmi shuki ayol kishi hazrati Oisha roziyallohu anho kabi umrani tark qiladi. Sochini yig‘ib barchasidan barmoqning bir bo‘g‘inicha, taxminan 2-3 sm qisqartirib  ehromdan chiqadi. So‘ng sochini tarab haj ehromiga kiradi. Hayz holatidagi ayolga tavofdan tashqari barcha amallarni bajarishi joizdir. Shuning uchun Arofot va Muzdalifada vuquf qiladi, shaytonga tosh otadi. Hayzdan pok bo‘lgach qachon bo‘lsa ham, xoh qurbonlik kunlaridan keyin bo‘lsa ham, farz bo‘lgan tavofi ziyoratni qiladi. Hamda hajning ehromidan chiqadi. So‘ng ado qilolmagan qazo umrasining ehromi uchun tan’im yoki haram hududidan tashqari biror joyga borib ehromga kiradi. So‘ng umraning qazosini ado qiladi. Shu bilan birgalikda jarima qurbonligini ham bajaradi. Lekin bu qurbonlik go‘shtidan eya olmay, barchasini faqirlarga tarqatadi. (G‘unyatun Nosik)
Savol: umraning tavofini barchasini yoki ko‘prog‘ini bajarib bo‘lgandan so‘ng sa’yi qilishdan avval hayz qonini ko‘rib qolsa nima qiladi?
Javob: tamattu’ durust bo‘lishi uchun umraning tavofini to‘laligicha yoki ko‘proq qismini bajargan bo‘lishi shart. Shuning uchun tavofning tavofning hammasini yoki to‘rt bor aylanganidan so‘ng hayz ko‘rib qolsa va pok bo‘lgunicha hajga ehrom bog‘lash vaqti kirib qolsa, umraning ehromidan chiqmay turib haj ehromiga kiradi. Umraning sa’yisini esa haj amallarini tugatganidan so‘ng ham bajarsa joiz. Bunday ayol tamattu’ qiluvchiga aylanib, shukrona qurbonligini so‘yadi. Agar tavofni hammasini yoki to‘rt aylana aylanolmay qolsa, balki uch yoki undan kamroq aylangandan so‘ng hayz ko‘rib qolsa, Arofatga chiqqunicha hayzdan pok bo‘lib, tavofni to‘liq yoki to‘rt bor aylana olsa, umraning ehromidan chiqmasdan turib, hajning ehromiga kiradi va qiron hajini qiluvchiga aylanadi.
Arofatga chiqqunicha hayzdan pok bo‘lib, tavofni to‘liq yoki to‘rt bor aylana olmasa, umraga bog‘lagan ehromi botil bo‘ladi. Bu borada shariat hukmi shuki ayol kishi hazrati Oisha roziyallohu anho kabi umrani tark qiladi. Sochini yig‘ib barchasidan barmoqning bir bo‘g‘inicha, taxminan 2-3 sm qisqartirib  ehromdan chiqadi. (Zubdatun Nosik). Vallohu a’lam!
25 May 2022, 17:13 | Savol-javoblar | 103 | Haj va umra
|
Boshqa savol-javoblar