Erkak va aël sinfdoshlar

Assalomu alaykum! Biz tomonlarda maktabni tugatganligi(masalan 5,10,15 yil va x. k. z) sharafiga bazm uyushtiriladi. Albatta erkak va aël aralash bo‘ladi. Vaxolanki bazm kunduzidan kechasigacha davom etishi mumkin. Men do‘stlarimga bu ish nojoiz ekanligini aytsamda ular bu erda zino bo‘lmaydi faqat suxbat bo‘ladi, qatnashgan odamlar zino qilish niyatida kelmaydi. Avvalo inson o‘ziga to‘g‘ri bo‘lishi kerak deyishadi. Bu davrada qatnashib ayollarga aralashmasang, ularga shaxvat bilan qaramasang bo‘ldi, o‘zing juda taqvodor turma, dinda bunchalik chuqurlashma deydi. Shu o‘rinda bu kabi yig‘inlarning xukmini tushuntirib bersalaringiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!Oyati karima va hadisi shariflar dalolatiga ko‘ra nomahram erkak va ayollar og‘ir zaruratsiz o‘zaro aralashib yurishlari joiz emas. Ayollarga nisbatan shahvat ko‘zi bilan qaramaslik ular bilan aralashib yurishni joiz qilmaydi. Zero, aralashuv bu gunoh sodir bo‘lishi uchun vositadir. Shariatimiz biror gunohni man qilgan bo‘lsa unga olib boruvchi barcha yo‘llarni ham man qilgan. Alloh taolo "Ahzob" surasida marhamat qiladi: وَإِذَا سَأَلْتُمُوهُنَّ مَتَاعًا فَاسْأَلُوهُنَّ مِن وَرَاء حِجَابٍ
«Qachonki ulardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rang».
Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biror narsani so‘rasangiz, oldilariga kirib emas, parda ortida turib, so‘rang. Musulmonlarning odobi shunday bo‘lmog‘i kerak. Erkak-ayolning aralash-quralash bo‘lishi oqibatida kelib chiqadigan turli musibatlardan, balo-ofatlardan xoli bo‘lmog‘i lozim. Ayollar ayolligini, erkaklar erkakligini bilishi, har biri o‘zining chegarasida turishi zarur.
«Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir». Erkak kishi bilan nomahram ayol orasida parda bo‘lmasa, qalblarning pokligiga futur etadi. Shuning uchun ham Alloh taolo «shunday qilmog‘ingiz», ya’ni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biror narsani so‘raganingizda, parda ortidan so‘rashingiz ikki tomonning qalblari uchun ham pokroq, demoqda. (“Tafsiri hilol” kitobidan).
Usuliy qoidaga ko‘ra oyati karimaning nozil bo‘lishi xos bir voqeaga bog‘langan bo‘lsa ham undagi hukm butun ummatga taalluqlidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam nomahram erkak va ayollar aralashib yurishidan qaytariq o‘laroq, hatto Alloh uchun eng mahbub makon, gunoh va ma’siyatlardan uzoq bo‘lgan er, ya’ni masjidda ham ular bir-birlariga to‘qnash kelishlaridan saqlanishga buyurganlar.حَدَّثَنَا مُوسَى بْنُ إِسْمَاعِيلَ، حَدَّثَنَا إِبْرَاهِيمُ بْنُ سَعْدٍ، حَدَّثَنَا الزُّهْرِيُّ، عَنْ هِنْدٍ بِنْتِ الْحَارِثِ: أَنَّ أُمَّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم إِذَا سَلَّمَ قَامَ النِّسَاءُ حِينَ يَقْضِي تَسْلِيمَهُ، وَمَكَثَ يَسِيرًا قَبْلَ أَنْ يَقُومَ. قَالَ ابْنُ شِهَابٍ: فَأُرَى - وَاللهُ أَعْلَمُ - أَنَّ مُكْثَهُ لِكَيْ يَنْفُذَ النِّسَاءُ قَبْلَ أَنْ يُدْرِكَهُنَّ مَنِ انْصَرَفَ مِنَ الْقَوْمِUmmu Salama roziyallohu anho aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (namozdan so‘ng) salom berib bo‘lishlari bilanoq ayollar turib ketishardi. U zot turmasdan avval o‘rinlarida biroz qolar edilar».
(Roviylardan biri) Ibn Shihob aytadi: «Menimcha, u zotning biroz to‘xtab turishlari ayollarning namozdan turayotgan odamlarga ro‘para bo‘lmay turib, tarqalib ketishlari uchun bo‘lgan. Yana Alloh biladi». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

27 Oktabr 2022, 09:20 | Savol-javoblar | 303 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar