Betob inson qabristonda yotib shifo topishi

Assalomu alaykum! Betob insonni tekshirishsa xech qanday kasali yo‘q, o‘sha odamga ziyoratgoxlarga boring deyishadi va u borib qabristonda yotib qoladi, o‘sha odam tuzalib ketadi. Buni ko‘p ko‘ryapman, ularni ko‘pchiligi tabib ham bo‘lib ketishyapti. Bu holatga shariatimiz nima deydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo buni imtihon qilish uchun shunday qilgan. Afsuski insonlar hozirgi kunda kasb korda ham, tijoratda ham va davolanishda ham joizini qo‘yib nojoizini tanlaydilar. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الرُّقَى وَالتَّمَائِمَ وَالتِّوَلَةَ شِرْكٌ، فَقَالَتْ امْرَأَتُهُ زَيْنَبُ: كَيْفَ هَذَا وَاللهِ لَقَدْ كَانَتْ عَيْنِي تَقْذِفُ، فَكُنْتُ أَخْتَلِفُ إِلَى فُلَانٍ الْيَهُودِيِّ فَيَرْقِيهَا فَتَسْكُنُ، قَالَ: ذَلِكَ عَمَلُ الشَّيْطَانِ كَانَ يَنْخُسُهَا بِيَدِهِ، فَإِذَا رَقَاهَا كَفَّ عَنْهَا، إِنَّمَا كَانَ يَكْفِيكِ أَنْ تَقُولِي مَا كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: أَذْهِبِ الْبَأْسَ رَبَّ النَّاسِ، اشْفِ أَنْتَ الشَّافِي لَا شِفَاءَ إِلَّا شِفَاؤُكَ شِفَاءً لَا يُغَادِرُ سَقَمًا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Albatta, dam solish, tumor va issiq-sovuq shirkdir», dedi. Shunda uning xotini Zaynab: «Bu qanday gap? Axir mening ko‘zimdan yosh oqar edi. Falonchi yahudiyning oldiga borsam, dam solib qo‘ysa, to‘xtab qolar edi», dedi. «O‘sha shaytonning ishi. U qo‘li bilan u(ko‘z)ni chuqalar edi. Dam solganda to‘xtar edi. Senga esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytgan narsani aytish kifoya qilar edi: «Allohumma azhibil ba’sa. Robban-naasi, Ishfi. Antash-shafiy. Laa shifa’a illaa shifauka. Shifaan laa yug‘odiru saqman», dedi». Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilganlar.  («Hadis va Hayot» kitobidan). Gohida noshar’iy ishlar ham shifoga sabab bo‘ladi. Bu erda musulmon kishi “asosiysi shifo emas shariatga mavofiq to‘g‘ri yo‘ldan shifo topish kerak” degan fikrni oldinga qo‘yish kerak. Bir vaqtlar Kaspirovskiy, Chumak kabilar haqida ham Iysoning qo‘lidagi xislatlar bor deb aytishgan edi. Oxiri qip-qizil firibgar bo‘lib chiqishdi. Vallohu a’lam!

3 May 2022, 17:29 | Savol-javoblar | 147 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar