Azondan keyin takbirgacha nafl o‘qish

Assalomu alaykum! Masjidda jamoat xufton namozini vaqtini kutayotganimizda (takbirdan oldin 1 yoki 2 daqiqa vaqt qolgan) bir kishi nafl namoz uchun turdi va namoz o‘qishni boshladi u kishiga jamoat a’zolaridan biri "sen nima o‘qiyapsan, naflmi"? deb so‘radi shunda namozxon namozini buzib "ha" dedi shunda u kishi "huftonga azon aytilganidan so‘ng nafl nomoz o‘qilmaydi" deb aytdi, namoz o‘quvchi indamasdan yana boshidan boshladi (quloq qoqdi), haligi kishi "yana ukiyaptimi" deganidan sung qiyomdagi kishi utirdi (namozini yana buzdi). Savolim: 1. Huftonga azon aytilgandan so‘ng nafl namoz o‘qish mumkin emasmi? 2. namozxonni allohga ibodatdan qaytarish joizmi (shu xolatda)?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Xuftonga azon aytilgandan keyin nafl o‘qish joiz. Bomdod va shom bundan mustano.
Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَيْنَ كُلِّ أَذَانَيْنِ صَلَاةٌ مَرَّتَيْنِ ثُمَّ قَالَ فِي الثَّالِثَةِ لِمَنْ شَاءَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ Abdulloh ibn Mug‘affal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ikki azonning orasida namoz bor», deb ikki marta aytdilar. So‘ngra uchinchisida:
«Kim xohlasa», dedilar».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Sharh: Ushbu hadisdagi ikki azon – farz namozga aytiladigan azon va iqomatdir. Ikkisini qo‘shib, ikki azon deb atash urf bo‘lgan. Bundan har bir azondan keyin va iqomatdan oldin ikki rak’at qo‘shimcha namoz o‘qib olish yaxshiligi kelib chiqadi.
Ammo o‘sha amrdan keyin «kim xohlasa», deb Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan istisno qilinishi bu ishni ta’kid qilinmagan sunnat namoz holiga aylantirgandir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 08:14 | Savol-javoblar | 167 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar