Erni rozi qilish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, dadam doim onamga birinchi o‘rinda meni rozi qilishing kerak. Namozingham hattoki meni aytganimdan keyingi o‘rinda. Ya’ni men qaergadir ketmoqchi bob turganimda yoki qaysidir yumush sabab senga ishim tushsa namozingni vaqti chiqib ketayotgan bo‘lsa ham avval meni aytganimni qilishing kerak deydilar. Dadam yaqinda Qur’onni o‘zbekchasini o‘qib chiqdilar. Dadamni aytishlaricha yuqoridagi gaplari Qurondayam qattiq ta’kidlangan ekan. Axir har doim avvalo Alloh taoloni birinchi o‘ringa qo‘yish, qolganlari ikkinchi darajali narsalar emasmidi? Iltimos o‘sha oyatni ko‘rsatsangiz. O‘zim o‘g‘il bola bo‘lsamda yoshligimdan sura yodlatgan, balog‘atga etganimda namozni o‘rgatgan, ertalab bomdodga shirin so‘z bilan uyg‘otadigan, o‘qishdan yoki ishdan charchab kelganimda avval namozingni o‘qib ol o‘g‘lim deb kuch quvvat berib, vaqti kelsa urushib, hayotda motivatsiya beradigan bu meni onam. O‘zi umuman bizni jamiyatda ayolni nuqul past ko‘rishadi. Masjidda domla ayol haqida biror kamchilik aytib, ayollarimiz juda taltayib ketyapti, uyingizga kirganingizda sizni bezor qiladigan darajada gaplarni aytadi, falon donishmand "hech qachon ayollingizga siringizni aytmang" degan deb ma’ruza qilinsa tamom bizni erkaklar o‘sha gapni ushlab olishadi. Ana keyin ayolini xo‘rlashini ko‘rayvering. Aslini olganda bizni ko‘pchilik erkaklar hayotda juda lapashang, aybni o‘zidan ham qidirib ko‘rmaydigan bo‘lib ketishgan. Shu savolni o‘qiyotgan va o‘zini erkakman degan mas’uliyatni ko‘tarib yurgan erkaklar siz o‘zi hech o‘zingizdan ham kamchilik qidirib ko‘rasizmi? Hech shu qusurlaringizni ko‘ra olib shuni bartaraf etish yo‘lida irodangizni ko‘rsata olasizmi? Yo‘q siz masjidda ayol shaniga aytilgan (aslida ham qaysidir tomonlam to‘g‘ri tanqid qilinayotgan) bir ma’ruzani eshitasizda shartta kelib ayolni yoqasidan olasiz, kamsitasiz, so‘kasiz. Siz esa g‘o‘yoki taqvodor, ibodatda yurgan qalbi pok insonsiz. Biz o‘zi Alloh taoloni suyukli bandasi yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘la olyabmizmi? Balkim rostan ham siz taqvodor ayolingizni esa diniy bilimi sayozdir. Lekin siz dinga, islomga shunaqa jerkib chaqirasizmi? Naxotki farz, sunnatga muloyimlik bilan ayolni qalbiga shirin so‘zlar aytib chorlashni eplolmaymiz?!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Aslida erning bu darajada haqqi yo‘q. Xotindan ortiqcha joyi ham yo‘q(asosan hozirgi kunda). Lekin Alloh  erga ba’zi bir huquqlarni berdi, uni ulug‘lab, sharafini ko‘tardi, ayollardan fazilatli qilib qo‘ydi. Ba’zi nonko‘r erlar shu huquqni bergan Zotga nonko‘rlik qilishdi va qilishmoqda. Bergan huquqiga tuflab, huquq bergan Zotdan “Men rozi bo‘lsam keyin Allohga ibodat qilasan” deb o‘z huquqlarini ustun qo‘yishmoqda. Bunday insonni nima deyish mumkin?!
2). Bu borada ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan uzoqlashmoqdamiz. Zamonamizning etuk mashoyixlaridan biri Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy(Alloh u zotni umrini uzoq qilsin) o‘zlarining bir maruzalarida : “Oilani mustahkamlash uchun yozilgan ko‘plab kitoblarni ko‘rdik. Shularning ichida bir narsa diqqatimizni tortdi. Unda : “Er ayoliga bir kunda besh bor ma’naviy-ruhiy “xabar” jo‘natib tursin. Bu bo‘sa ham bo‘lishi mumkin, ayolning biror ishini taqdirlash bo‘lishi mumkin, erkalatib boshini yoki qo‘lini silash bo‘lishi mumkin, erkalash ma’nosidagi ayol uchun yoqimli “xonim” yoki “malikam” kabi chiroyli  so‘zlar bo‘lishi mumkin, ishxonada bo‘ladigan bo‘lsa oddiygina SMS bo‘lishi mumkin” deyilgan ekan. Aslida bunday qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islom davlatining boshlig‘i sifatida yumushlari boshdan oshib yotgan bo‘lsa ham ayollariga e’tibor va muhabbatni bir kun ham kanda qilmaganlar. Ularga yordam tariqasida ko‘pincha kiyimlarini o‘zlari yamaganlar, qo‘ylarni soqqanlar, boshqa ro‘zg‘or ishlarini qilishdan orlanmaganlar. Buni birgina sevimli xotinlari Oisha roziyallohu anho bilan bo‘lgan oilaviy munosabatlarida yaqqol ko‘rish mumkin: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Hayz ko‘rgan  paytimda suv ichar, so‘ng idishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatar edim. U zot og‘zim tekkan joyga og‘izlarini qo‘yib ichar edilar. Hoizalik paytimda suyakning go‘shtidan bir tishlab, so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatar edim. U zot og‘zim tekkan joyga og‘izlarini qo‘yar edilar" (Muslim rivoyati).
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan yugurishda musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng mening jussam og‘irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va «Haligi bilan biru bir», dedilar» (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Arab tilida erkalash ma’nosida ismni qisqartirib aytish keng tarqalgan. “Sahihi Buxoriy”ga kirgan hadislardan birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Oisha roziyallohu anhoni «Oish» deb chaqirganlari rivoyat qilinadi.  
 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zador hollarida Oisha roziyallohu anhodan bo‘sa olib shunday deganlar: “Bo‘sa tahoratni sindirmaydi, ro‘zani ham ochmaydi, ey Humayro, dinimiz juda keng” deyiladi rivoyatlardan birida. Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Oisha roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollardan ba’zilaridan bo‘sa oldilar, so‘ng tahorat qilmay namozga chiqdilar” dedilar. Shunda men “O‘sha ayol sizsiz-a?” dedim. Oisha roziyallohu anho kulib qo‘ydilar".  
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etayotgan vaqtlarida ham bemalol sajda qilgan holatlarida vafot topishlari mumkin edi. Lekin u zot ummatga muhabbat va vafoning ta’limini berib Oisha onamizning quchoqlarida vafot topganlar.
Ayollarga muomalaning ana shunday go‘zal namunasini o‘rgatib ketgan Payg‘ambar alayhissalomga ummat bo‘lgan bizlarning ayollarimizga bo‘lgan munosabatimiz, ularning haqlarini ado etishdagi kamchiliklarimiz tufayli oila borasidagi islomiy talablarga e’tibor susayib ketdi. Vaholanki, ayollarga munosabatlarning eng to‘g‘ri, eng go‘zal ko‘rinishi faqat Islomdadir. Mana shu haqiqatni esdan chiqarganlar oilada turli muammolarga, tuzatib bo‘lmas xatolarga duchor bo‘laveradilar”. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 03:20 | Savol-javoblar | 179 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar