Hasadgo‘y qo‘shni
Assalomu alaykum! Ustozlar, bir qo‘shnim hasadgo‘y, ichi qora odam. Oilaviy shunaqa. Hadislarda hasadgo‘y hech qachon do‘st bo‘lmaydi deb eshitganman va o‘qiganman. Doim yomonlik qilib kelgan bizni oilamizga, ular bizni ro‘paramizdagi uyda yashaydi, biz tomon asfalt ular tomon keng va asfalt bosilmagan ko‘cha. Otam bilan 3-4 yil avval ko‘chamizdan o‘tayotgan odamlarga salqin bo‘lib turar deb mevasidan bolalar bahra olib eyishar deb ko‘chamiz o‘rtasiga gilos daraxt ekkandik. Ko‘chatgarga qaynagan suv quyib quritib, murosaga kelmay ana shu daraxtlarni sug‘urib tashlashgan. Bizni uyimizga ular tomondagi ariqdan suv kirardi, ariqni ham ko‘mib tashlashdi. Oilaviy er xotin farzandlari ham shunday yomon odamlar. Bizni juda ko‘p taxqirlashib boshqa qo‘shnilar bilan urushtirib qo‘yishgacha borgan. Bizga qilgan yomonliklarini aytsam tugamaydi, shundan buyon qo‘shnichilik aloqamiz yo‘q. Shu holatda biz nima qilaylik?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Yaxshilik qilinglar. Bu umr juda oz. Alloh taolo “Oli Imron” surasida marhamat qiladi: الَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي السَّرَّاء وَالضَّرَّاء وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ 134. Ular engillikda ham, qiyinchilikda ham nafaqa qiladiganlar, achchig‘ini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir. Allohdan bo‘lgan mag‘firatga va kengligi osmonlaru erchalik bo‘lgan jannatga sazovor bo‘lgan taqvodorlarning sifatlaridan biri: «...engillikda ham, qiyinchilikda ham nafaqa qiladiganlar…» Ya’ni ular yaxshilik qilishda sobitqadam odamlardir. Hayotlari engillashib, hamma narsalari serob bo‘lib ketsa ham, hovliqib, haddilaridan oshib, fisqu fasodga berilib ketmaydilar. Balki o‘zlarini bosib, xayr-ehson, nafaqa qilishda bardavom bo‘ladilar. Shuningdek, boshlariga og‘ir kunlar tushsa ham, siqilib, o‘zlarini noqulay sezib, baxillik yo‘liga o‘tib olmaydilar. Balki nafaqa qilishda bardavom bo‘ladilar. Ularning taqvolari doimo ehsonga chorlab turadi. Baxillik va qizg‘anchiqlikdan qaytaradi. Taqvodorlarning sifatlaridan yana biri: «...achchig‘ini yutadiganlar...» G‘azabini yutish eng qiyin ishlardan hisoblanadi. G‘azab insonda turli munosabatlar ila qo‘zg‘alib turadi, uni jilovlab olish har bir kishining ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin taqvodor kishi bu og‘ir ishni eplashi mumkin. Ya’ni qalbida taqvodorlik mavjud bo‘lgan insongina g‘azabdan g‘olib chiqa oladi. Islomda g‘azabni yutish ulug‘ axloqlardan hisoblanadi. Qur’oni Karim oyatlaridan tashqari, bu oliy sifatning maqtovi Payg‘ambarimizning hadislarida, salafi solihlarimizning ishlari va so‘zlarida o‘z aksini topgan. Imom Ahmad rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda kelishicha, bir kishi Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga: – Ey Allohning Rasuli, menga nasihat qiling, – dedi. U zoti bobarakot: – G‘azab qilma, – dedilar. So‘ragan odam keyinchalik e’tirof etib, bunday deydi: «Rasullulloh alayhissalom shu gapni aytganlarida, o‘ylab ko‘rsam, g‘azab hamma yomonlikni o‘zida jamlagan ekan». Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom: «Kim (jazo berishga) qodir bo‘lib turib, g‘azabini yutsa, qiyomat kuni Alloh uni xaloyiq oldida chaqirib turib, hurlardan xohlaganini tanlab olishga imkon beradi», – deganlar. Mazkur taqvodorlarning yana bir sifatlari: «...va odamlarni afv qiladiganlardir». Bu sifat g‘azabni yutish sifatini to‘ldirib keladi. Chunki ish chiroyli hal bo‘lishi uchun g‘azabni yutib qo‘yishning o‘zi kifoya emas. Oliyjanoblik ko‘rsatib, g‘azabini yutgan odam bu oliyjanobligini tugal qilayin desa, aybdorni afv qila olishi, kechira bilishi ham kerak. Imom Hokim rivoyat qilgan hadisda: «Kimki o‘zi uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin», – deyiladi. Ibn Kasir rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissolatu vassalom: «Qiyomat kuni bir jarchi: «Odamlarni afv qilganlar qani?! Ajringizni olgani Robbingizning huzuriga keling!» – deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir», – deganlar. «Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir». Yuqorida zikr qilingan sifatning sohiblari yaxshilik qiluvchi sanaladilar. Demak, ularni Alloh yaxshi ko‘rar ekan. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!
26 May 2022, 05:44 | Savol-javoblar | 158 | Dolzarb savollar