Balo qazolardan saqlanish

Assalomu alaykum! Xalqimizda bir noxushlik bo‘lsa, misol uchun mashina avtohalokatga uchrasa yoki biror bir qimmatbaho idish sinib qolsa yoki uyda biror bir hayvon o‘lib qolsa yoki katta miqdorda puli yo‘qolib qolsa katta yoshdagilarimiz «kelgan balo qazo shunga ursin» yoki bo‘lmasa shunga o‘xshash fikrlar bildirishadi. Savolim shuki bu fikrlar qanchalik to‘g‘ri? Masalan Allohdan panoh so‘rab iltijo qilsak kelgan balolar shunday yo‘nalish olishi mumkinmi?  Javobingiz uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! وَقَالَ عُبَادَةُ بْنِ الصَّامِتِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ لاِبْنِهِ: يَا بُنَيَّ إِنَّكَ لَنْ تَجِدَ طَعْمَ حَقِيقَةِ اْلإِيمَانِ حَتَّى تَعْلَمَ أَنَّ مَا أَصَابَكَ لَمْ يَكُنْ لِيُخْطِئَكَ، وَمَا أَخْطَأَكَ لَمْ يَكُنْ لِيُصِيبَكَ، سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَقُولُ: «إِنَّ أَوَّلَ مَا خَلَقَ اللهُ الْقَلَمَ، فَقَالَ لَهُ: اكْتُبْ، فَقَالَ: رَبِّ وَمَاذَا أَكْتُبُ؟ فَقَالَ: اكْتُبْ مَقَادِيرَ كُلِّ شَيْءٍ حَتَّى تَقُومَ السَّاعَةُ». يَا بُنَيَّ، إِنّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَقُولُ: «مَنْ مَاتَ عَلَى غَيْرِ هَذَا فَلَيْسَ مِنِّي». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Uboda ibn Somit roziyallohu anhu o‘z o‘g‘liga shunday degan: «Ey o‘g‘lim! Sen to o‘zingga etgan narsa seni chetlab o‘tishi mumkin emasligini, o‘zingni chetlab o‘tgan narsa senga etishi mumkin emasligini bilmaguningcha, hech qachon iymon haqiqati ta’mini tota olmassan. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning  shunday deganlarini eshitganman: «Albatta, Alloh avval yaratgan narsa – Qalamdir. U Zot unga: «Yoz», dedi. «Ey Robbim, nimani yozaman?» dedi. «Har bir narsaning qiyomat payti bo‘lguncha taqdirlarini yoz», dedi». Ey o‘g‘lim! Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim mana shundan boshqa(aqiyda)da o‘lsa, mendan emas», deganlarini eshitganman». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Barchaga o‘zi uchun xalq qilingan amal muyassardir» jumlasi bor hadislarini musulmon insonning kelgusi ishlarda qazoi qadarni qanday tushunishi lozimligini bayon qiluvchi hadis, deb atagan edik. Ushbu hadis esa musulmon insonning bo‘lib o‘tgan ishlarida qazoi qadarni qanday tushunishi lozimligini bayon qiluvchi hadisdir. Ulug‘ sahobiylardan bo‘lmish Uboda ibn Somit roziyallohu anhu mo‘minlik va otalik burchlarini ado etib, o‘z o‘g‘illariga qazoi qadarga iymon keltirishdan dars berganlar. U kishi o‘z o‘g‘illariga murojaat qilib: «Ey o‘g‘lim! Sen to o‘zingga etgan narsa seni chetlab o‘tishi mumkin emasligini va o‘zingni chetlab o‘tgan narsa senga etishi mumkin emasligini bilmaguningcha, hech qachon iymon haqiqati ta’mini tota olmassan», demoqdalar. Qarang, iymon haqiqatining ta’mi – qazoi qadarga ishonishda! O‘ziga etgan narsani: «U meni chetlab o‘tishi mumkin emasdi, shu narsa albatta bo‘lishi kerak edi», deb bilishda! O‘ziga etmay, undan chetlab o‘tib ketgan narsani: «Bu shunday bo‘lishi kerak edi, baribir menga etmas edi», deb bilishda ekan! Agar bunga jiddiyroq e’tibor beradigan bo‘lsak, gap bo‘lib o‘tgan ishlar haqida ketmoqda. «O‘zingga etgan narsa seni chetlab o‘tishi mumkin emasligini...» Ya’ni senga etgan yaxshilik seni chetlab o‘tishi mumkin emasligini bilmaguningcha, Iymon haqiqati ta’mini topa olmassan! «Bu yaxshilik o‘zimning ustaligimdan, boshqalardan ustunligimdan yoki falonchining yordamidan etdi», deb o‘zingdan ketma. «Shu narsaga Allohning xohishi bo‘lgan ekan, menga etdi», deb Allohga shukr ayt! Shuningdek, senga etgan yomonlik seni chetlab o‘tishi mumkin emasligini bilmaguningcha, iymon haqiqati ta’mini topa olmassan! «Bu yomonlik falon narsa bo‘lgani uchun yoki falonchining qo‘li bilan etdi, agar unday bo‘lmaganda, bunday bo‘lar edi», deydigan bo‘lsang, iymon haqiqati ta’mini topishingga yo‘l bo‘lsin! Qachon «Shu narsa menga etishi kerak edi, chetlab o‘tishi mumkin emas edi, men qazoi qadarga iymon keltiradigan odamman», desanggina, iymon haqiqati ta’mini topishdan umid qilsang bo‘ladi. O‘tgan ishga afsus-nadomat chekish, o‘zini ham, o‘zgalarni ham ovora qilib, aql-zakovatni, kuch-imkoniyatni samarasiz urinish va vaqtni behuda o‘tkazishga sarflash musulmon odamga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun bo‘lib o‘tgan ishni qazoi qadardan ko‘rib, kelajakni o‘ylash, kelajak uchun harakat qilish kerak. «O‘zingni chetlab o‘tgan narsa senga etishi mumkin emasligini bilmaguningcha, hech qachon iymon haqiqati ta’mini topa olmassan». Seni bir yaxshilik chetlab o‘tsa, attang qilib: «Unday qilmay, bunday qilganimda, bu yaxshilik meni chetlab o‘tmasmidi», deb yurma! Yoki «Bu ish falonchining aybi bilan bo‘ldi, agar o‘shaning aybi bo‘lmaganda, bu yaxshilik meni chetlab o‘tmas edi», deb yurma! Unday qilsang, hech qachon iymon haqiqati ta’mini topa olmassan. «Bu yaxshilik meni chetlab o‘tishi kerak ekan, shunday bo‘ldi, menga etishi mumkin emasligi uchun etmadi», desanggina, iymon haqiqati ta’mini topa olasan! Chunki shundagina qazoi qadarga chin iymon keltirgan bo‘lasan! Agar seni bir yomonlik chetlab o‘tgan bo‘lsa, «Ustalik qilib, bu yomonlikdan chetlanib qoldim», deb quvonma! «Falonchining yordami bo‘lmaganda, ishim chatoq edi», deb yurma. Bunda qazoi qadarga shak keltirgan bo‘lasan! «Shu yomonlik meni chetlab o‘tishi kerak edi, menga etishi kerak emas edi, shunday bo‘ldi», degin. Ana shunda iymon haqiqati ta’mini topa olasan. Uboda ibn Somit roziyallohu anhu o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan kelib chiqqan. Buni ta’kidlab, bildirib qo‘ymoqdalar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Albatta, Alloh avval yaratgan narsa – Qalamdir. U Zot unga: «Yoz», dedi. «Ey Robbim, nimani yozaman?» dedi. «Har bir narsaning qiyomat payti bo‘lguncha taqdirlarini yoz», dedi». Demak, Alloh taolo xaloyiqni, borliqni yaratishdan oldin O‘zi hammadan oldin yaratgan Qalamga aytib, Qiyomat qoimgacha bu dunyoda bo‘ladigan ishlarni yozdirib qo‘ygan. Ana o‘sha narsaga har bir musulmon iymon keltirishi kerak. Ana o‘shanda o‘tgan narsaga noo‘rin munosabatda bo‘lib, o‘zini ham, o‘zgalarni ham qiynamaydi, qazoi qadar aqiydasiga shak keltirmaydi. Xuddi shu aqiydada yashab, xuddi shu aqiydada o‘lish har bir musulmon uchun nihoyatda zarurdir. Chunki bu aqiydadan chetga chiqqan odam zalolatga ketgan bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: «Kim mana shundan boshqa(aqiyda)da o‘lsa, mendan emas», deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu gaplari «mening yo‘limda emas» deganlaridir. Bu esa juda og‘ir gapdir. Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘lidan boshqa yo‘lda bo‘lishdan Alloh asrasin. Bu hadisning hikmati qazoi qadar aqiydasidan ko‘zlangan hikmatning asosini tashkil qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu esa insoniyat uchun juda zarur narsadir. O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, qazoi qadar aqiydasi asosan bo‘lib o‘tgan narsaga nisbatan ishlatiladi. Birovga musibat etadi, birovning boshiga og‘ir ish tushadi, molida, jonida nuqsonga uchraydi, yana birov ko‘zlagan yaxshiligiga erisha olmaydi. Ana shunda afsus-nadomat boshlanadi. Umidsizlik yuzaga chiqadi. «Nima uchun shunday bo‘ldi?» degan savol paydo bo‘ladi. Bu musibatlarning sababini axtara boshlaydi. O‘z fikricha musibatiga sababchi bo‘lganlarga dushmanlik qilishni boshlaydi. O‘zi ruhiy-ma’naviy zarar ko‘rgani etmagandek, boshqalarga zarar etkazish, ijtimoiy aloqalarni buzish ham boshlanadi. Qo‘yingki, o‘tib ketgan ish uchun, qayta tiklab bo‘lmaydigan narsa uchun huda-behuda zarar ko‘rish boshlanadi. Qazoi qadarga ishongan odam esa ushbu hadisi sharifga amal qiladi-da, «Menga etgan ushbu narsa meni chetlab o‘tib-ketishi mumkin emas edi, muqarrar ish bo‘ldi. Qazoi qadardagi bor narsaga behuda afsus-nadomat chekib o‘tirishning hojati yo‘q, endi o‘zimga muyassar bo‘lgan ishni qilishdan qolmay», deydi. Behudaga asabini buzishdan, ruhiy – ma’naviy ezilishdan, aql-zakovat, kuch-qudrat sarflashdan, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zarar etkazishdan tiyiladi. Kuch va imkoniyatlarini kelajagi uchun sarflashga o‘tadi. Bu holat faqat musulmonlarda bo‘lishi mumkin, xolos. Frantsiyalik olimlardan biri o‘zining musulmon bo‘lishiga sabab bo‘lgan hodisa haqidagi xotiralarida jumladan, quyidagi ma’nolarni aytadi: «Ilmiy guruh bilan uzoq Jazoir qishloqlaridan birida edik. Bir kuni qattiq shamol turdi. Bosh ko‘tarib, ko‘z ochishning imkoni bo‘lmay qoldi. Erlik aholi butun imkoniyatlarini ishga solib, o‘zlarini, molu-mulklarini qutqarishga harakat qilar edi. Shamol esa borgan sari kuchayar, yo‘lda nima to‘g‘ri kelsa, uchirib ketar edi. Shamol bir necha kun davom etdi. Zarar ko‘rmagan turar joy qolmadi. Tirik hayvon qolgani alomati ham yo‘q edi. Dovu daraxt, ekin-tikin to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘laveradi. Umuman, hayotning asari qolmadi. Biz o‘zimizcha: «Endi erlik aholi boshqa joyga ko‘chib ketsa kerak», deb o‘ylar edik. Shamol to‘xtadi. Ammo biz kutgan narsalarning birortasi ham bo‘lmadi. Hech kim «dod-voy» solmadi. Hech kim bo‘lib o‘tgan falokatdan shikoyat qilmadi. Hamma o‘z joyidan chiqib, hech narsa bo‘lmagandek, qolgan-qutgan narsalarni tartibga solishni boshladi. Birov ko‘rilgan zarariga afsus-nadomat chekmas, faqat qolgan narsalardan foydalanib, hayotni avvalgiday davom ettirish payidan bo‘lar edi. Bu oddiy, sahroviy odamlarning o‘zlarini tutishlari menga qattiq ta’sir qildi. So‘rab-surishtirib, ularning qazoi qadarga ishonishlarini, o‘sha aqiydaga binoan ish tutayotganlarini bildim». (“Sunniy aqiydalar” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:37 | Savol-javoblar | 144 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar