Oyat va hadislar orasidagi ixtilofmi?

Assalomu alaykum! Hurmatli “Zikr ahlidan so‘rang” hay’ati, Alloh din yo‘lidagi xizmatlaringizga ulkan ajrlar bersin!
Savolim quyidagicha: «Alloh Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni halol narsalarni harom qilishdan qaytarib oyatda: «Nima uchun Alloh senga halol qilgan narsalarni haromga chiqarasan», degan. Hadisda esa Fotima onamiz tilla taqinchoq taqqanlarida Payg‘ambarimiz uni do‘zax o‘tiga o‘xshatib taqmaslikka buyurganlar.
Savolim shundan iboratki, nima uchun ushbu hadisda ayollarga halol qilingan narsani payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qizlariga man qilib qo‘ydilar?»
Javob uchun oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Oyat va hadis hech qachon bir-biriga zid kelmaydi. Chunki oyat ham vahiy, hadis ham. Hadislar oyatlarning sharhlaridir. Oyat halol qilgan narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘g‘ridan-to‘g‘ri harom qilishlari ham hech ham mumkin emas. Siz keltirgan oyatda esa, qasam orqali o‘zlariga harom qilib olganlar. Ikkisi bir-biridan katta farq qiladi. Ayollarga tilla taqinchoqning haromligiga kelsak, bu haqida kelgan hadis halol qilinganligi to‘g‘risidagi hadislar bilan mansuh(bekor) bo‘lgan. Islomning avvalida juda ko‘p halol bo‘gan narsalar keyinchalik harom qilingan. Harom bo‘lganlari halol qilingan. Shuning uchun “to‘g‘ri kelgan sahih hadisga amal qilamiz” deyish xatodir. Avval uni mansuh bo‘lgan yoki bo‘lmaganini, tarixini, darajasini o‘rganish kerak bo‘ladi. Keyin biror narsaga hukm chiqarish kerak. Bu ishlarni bizdan oldingi mujtahid ulamolar a’lo darajada bajarib, bizga faqat amal qilishgina qolgan xolos. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:53 | Savol-javoblar | 169 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar