Himmat (niyatlar) haqida

Assalomu alaykum! Ustozlar, bu savol meni anchadan beri o‘ylantirib keladi. Shu bois, bugun sizlardan so‘rashga qaror qildim. Ustozlar, ilmsizligim, yomon insonligim bois, juda ham ko‘p xatolar qildim, adashdim. Endi esa, qattiq afsusdaman. Men qilgan ishlarim sabab, o‘zimni juda yomon inson deb bilaman. Bu ayni haqiqat. Buni o‘zim yaxshi bilaman. Ammo shunga qaramasdan ham Alloh taolodan umidim juda katta. In shaa Alloh Allohning do‘stlaridan bo‘lishni qattiq istayman va himmatim ya’ni, niyatlarim juda ham baland. Savol: Juda ko‘p gunohlarni qilgan kishi ham katta ulamolarning darajasiga etishishni niyat qilishi durustmi? Niyat qilishni ham chegarasi bormi? Albatta, niyatlar xayrli va oxiratdagi yuqori darajalar haqida! Anchadan beri ichimda «sen qilgan ma’siyatlaring sabab olim bo‘lishga, Allohning do‘stlaridan bo‘lishga loyiq emassan» degan vasvasa ko‘p bo‘lmoqda.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Fuzayl ibn Iyoz 105-hijriy yilda Samarqandga qarashli Nasa degan joyda tug‘ilgan. Bu joyning forscha ismi «Darhi kuzu» bo‘lib, «Mann vodiysi» ma’nosini anglatadi. U yoshligining yarmini yo‘lto‘sarlik qilib, odamlarning molini talab, qaroqchilik va zo‘ravonlik qilib o‘tkazdi. U Abyuvard va Marv orasidagi tor yo‘llarda yo‘lovchi musofirlarni poylab turar edi. Sekin-asta o‘sha tor yo‘l uning nomi ila ataladigan bo‘ldi va u erdan o‘tuvchilar hamda karvondagilarning qalbiga qo‘rqinch soladigan joyga aylandi. Yo‘lovchilar bir-birlariga uning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun o‘sha erni chetlab o‘tishni tavsiya qilar edilar. Fuzayl o‘zi talab olgan mollarni aysh-ishratga, ko‘ngilxushlikka sarflar, lazzatlariga ishlatar edi. U ushbu nodonlik hayotining avjida bir joriyani uchratib, uni sevib qoldi va o‘zini unga bag‘ishladi. Fursat topishi bilan uning huzuriga oshiqar edi. Bunday fursatlar esa juda oz bo‘lar edi. Unga bog‘lanib qolgan Fuzaylning yo‘lto‘sarlikka, musofirlarni poylashga va ularni ta’qib qilishga vaqti qolmadi. Joriyaning ishqi uning qalbini rom qilib, moliyaviy qiziqishlarini unutdi. Bu ishq undagi zo‘ravonlik va yomonlik olovini so‘ndirib, shu joriya haqida fikr qilishdan boshqaga yaramay qoldi, kun-tun faqat unga etishish yo‘llari haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Insonda nafs to‘zonlari tinchlansa, yomonlik hislari sokin bo‘lsa, buning muqobilida uning qalb to‘ridagi sodiq tuyg‘ular qo‘zg‘aladi. Ana shu holat o‘z egasini Allohga etaklovchi birinchi qadamlar bo‘ladi. Mazkur hisni uyg‘otgan narsa nima bo‘lishining farqi yo‘q. Shuningdek, uning qay tarafga yo‘llangani yoki qay narsaga moyil bo‘lgani ham farq qilmaydi. Chunki muhabbatning yo‘li bittadir. Mahbub qanday bo‘lsa ham, u yo‘lning qay tarafida turgan bo‘lsa ham baribir. Eng muhimi, solik o‘ziga yoqqan va o‘zi berilgan bekatda to‘xtab qolmasa, bas. Modomiki oldidagi yo‘l ochiq ekan, u barcha bekatlardan o‘tishi lozim. U o‘zining haqiqiy mahbubi oldinda ekanini bilmog‘i matlubdir. U harchand yo‘lda davom etar ekan va bekatlardan birma-bir o‘tar ekan, o‘z yo‘lini davom ettirish jozibasi uni o‘ziga tortayotganini his qiladi. Fuzayl ibn Iyoz o‘zining mazkur joriyaga bo‘lgan muhabbati va unga bog‘lanishi orqali yo‘l boshiga keldi. Kechalarning birida karvon yo‘lini to‘sib, uning molini talash rejasini tuzish o‘rniga mahbubasi ila qanday qilib uchrashish rejasi haqida fikr yurita boshladi. Nihoyat, kechaning oxirgi qismida, hamma uxlab yotganda habibasining hovlisiga borib, eshik qoqib, so‘rab o‘tirmay, devordan oshib tushish rejasini tuzdi. Fuzayl munosib vaqtni tanlab, rejasini amalga oshirishga kirishdi. Tun qorong‘usida joriyaning hovlisiga etib bordi. Ikkilanib o‘tirmasdan, hovli devoridan oshib o‘tishga qulay joy axtara boshladi. Tezda o‘shanday joyni topdi va osilib devorning ustiga chiqdi. Devordan hovliga tushishdan oldin atrofga diqqat bilan quloq soldi. U shu holda turganida tun qorong‘usida bir qorining Alloh azza va jallaning quyidagi oyatni tilovat qilayotganini eshitdi: «Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haqqa qalblari ‎‎yumshash, ayni choqda, oldin kitob berilgan, so‘ng muddat o‘tishi bilan qalblari qotib ‎‎qolgan, ko‘plari fosiq bo‘lganlarga o‘xshamaslik vaqti kelmadimi?!» («Hadid» surasi, 16-oyat). O‘sha soatda Fuzaylning qalbi befarosatlikdan ozod bo‘ldi. Uning qalbini o‘rab olgan qasovat parchalandi. Uning qulog‘iga muhabbat to‘la rabboniy kalimalar kirishi bilan qalbiga bu kalimalarning shu’lasi etib bordi. Bu shu’la undagi so‘nib borayotgan chiroqni yana yondirdi, o‘chib borayotgan olovni alangalatdi. U birdan qorong‘u zulmatni titratib yuborgan ovoz ila: «Ha, Robbim! Vaqti keldi!» deya qichqirdi. O‘sha lahzaning o‘zida uning zoti tamoman o‘zgardi. U turgan eridan qaytib tushdi. Xuddi bir narsa chaqib olgan odamdek, hech narsaga qaramay: «Ha, Robbim! Vaqti keldi!» deya qichqirgancha olg‘a yurib ketdi. O‘sha kechaning oxirida bu banda ila uning Robbi orasida sulh tuzildi. O‘sha zulmatli soatda bezori, qaroqchi, yo‘ltasar Fuzayl ibn Iyoz dafn etildi. Uning o‘rniga olim, parhezkor, zohid, obid va hakiym Fuzayl ibn Iyoz tug‘ildi! Endi u nima qiladi? Qaerga boradi? U Saraxsga qaytib ketishni ma’qul ko‘rdi. Kech kirishi bilan tunash uchun musofirxonaga bordi. U erda bir guruh yo‘lovchilarni ko‘rdi. Ularning yo‘l yurish haqida o‘zaro maslahat qilayotganlarini eshitdi. Shu payt ulardan biri «Tong otguncha kutib turganimiz ma’qul. Yo‘l xatarli. U erda Fuzayl bor», dedi. Fuzayl ularni tinchlantirish uchun oldilariga bordi, so‘ng tomog‘iga yig‘isi tiqilgan holda: «Batahqiq, Alloh yo‘lni Fuzayldan tozaladi. Mana, u sizning qarshingizda tavba qilgan holida turibdi! Umid qilamanki, bugundan boshlab meni faqat Allohga qochgan holimda, U Zotning Baytul Haromi oldida ko‘rasizlar!», dedi. So‘ngra uzoq safarga kerakli narsalarini olib, Baytulloh tomon yo‘l oldi. U yo‘lda o‘z-o‘ziga shunday deb gapirib borardi: «Men kechasi ma’siyatga qo‘l urar edim. Bu erda esa musulmonlardan bir qavm mendan qo‘rqib o‘tiribdi. Alloh tavba qilishim uchun meni ularning huzuriga olib kelgan bo‘lsa kerak. Allohim! O‘zingga tavba qildim. Tavbamning Baytul Haromingni qo‘shni tutishim ila bo‘lishini istadim!» Ibn Asokir Ibrohim ibn Ash’asdan rivoyat qiladilar: «Fuzayl ibn Iyozdan ko‘ra qalbida Alloh ulug‘ bo‘lgan odamni ko‘rmadim. Qachon uning oldida Alloh zikr qilinsa yoki Qur’on o‘qilsa, unda xafv va mahzunlik zohir bo‘lar edi. Ikki ko‘zidan duv-duv yosh quyilardi. Huzurida turganlarning unga rahmi kelardi. U mahzunlik va qattiq fikrda bardavom edi». Fuzayl ibn Iyoz o‘zining Samarqanddan Makkaga qilayotgan safari davomida Bag‘dodga burildi. So‘ngra u erdan Kufaga o‘tdi. O‘sha joyda bir muddat turib, ilm oldi va hadis eshitdi. Hadis jamlashga va uni rivoyat qilishga juda ham berildi. Juda ko‘p muhaddislardan hadis oldi. Ularning ichida A’mash, Ato ibn Soib, Mansur ibn Mo‘’tamir, Husoyn ibn Abdurrohman, Muslim A’var, Abon ibn Abu Aiyoshlar bor edi. U kishi Kufa masjidida va boshqa joylarda ilm olish va hadis eshitishda bardavom bo‘ldi. Tez orada ilmi va ko‘p hadis bilishi ila tanildi. O‘z ismini ishonchli roviylar ro‘yxatining boshida bo‘lishiga erishdi. U haqda Ibn Nosiriddin quyidagilarni aytgan: «Fuzayl ibn Iyoz Abu Ali Tamimiy haramning imomi, shayxulislom, katta ulamolarning o‘rnagidir. Undan Shofe’iy, Yahyo Qatton va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. U sha’ni ulug‘ Robboniy imom, aslzoda, obid va ulug‘ zohid edi». (Doktor Muhammad Sa’iyd Ramazon Butiyning «Shaxsiyatun istavkafatnii» kitobidan qisqartirib olindi.) (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:06 | Savol-javoblar | 158 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar