Tahorat olish vaqtida a’zolarni quritish

Assalamu alaykum! Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li hammuallifligida yozilgan "Tahorat kitobi"ning elektron shakli 169-betida quyidagi jumla bor : "Ba’zilar bir a’zoni yuvguncha boshida yuvgan a’zosi qurib qolsa, tahoratni qayta boshidan qilishini aytadi. Ammo a’zolarni qurib qolishi tahoratni ketkazmaydi." Biz tahorat olayotganda ba’zan shunday holat bo‘ladi. Ya’ni tahorat olish asnosida oyoq kiyimni echmay olinadi. Navbat oyoqqa etganda poyafzal va paypoq echilib, oyoq yuviladi, artiladi va paypok bilan poyafzal qayta kiyiladi. Bizning oyoqlarni yuvish orasidagi artib, quritishimiz yuqoridagi hukmga tushadimi? Fiqhda nixoiy ulamolar ittifoq qilgan hukmi qanday? Javob uchun oldindan tashakkur.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ketma-ket qilmoq.
Tahorat qilgan kishi bir a’zosini yuvganidan keyin oraga begona ishni qo‘shmasdan, boshqasini ham yuvishini «ketma-ket» deb tushunmog‘imiz lozim. Tahoratni qilib bo‘lib, oyoqni boshqa joyga, misol uchun, uyga kirib yuvishni «ketma-ket qilmaslik» deb tushuniladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat amallarini doimo ketma-ket qilganlar. Ba’zan bu holatga amal qilinmagani haqida ham rivoyat bor.
Imom Molik Nofe’ roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda aytilishicha, Ibn Umar roziyallohu anhumo bozorda tahorat qilib, oyoqlarini masjidga kirib yuvganlar va sahobalar buni inkor qilmaganlar.
عَنْ نَافِعٍ: أَنَّ عَبْدَ اللهِ بْنَ عُمَرَ بَالَ فِي السُّوقِ، ثُمَّ تَوَضَّأَ فَغَسَلَ وَجْهَهُ وَيَدَيْهِ، وَمَسَحَ رَأْسَهُ، ثُمَّ دُعِيَ لِجَنَازَةٍ لِيُصَلِّيَ عَلَيْهَا حِينَ دَخَلَ الْمَسْجِدَ، فَمَسَحَ عَلَى خُفَّيْهِ ثُمَّ صَلَّى عَلَيْهَا. رَوَاهُ مَالِكٌ.
Nofe’dan rivoyat qilinadi:
«Abdulloh ibn Umar bozorda tahorat ushatdi. So‘ngra tahorat qildi. Yuzi va ikki qo‘lini yuvdi hamda boshiga mash tortdi. Keyin masjidga kirganida mayyitga janoza o‘qish uchun da’vat qilindi. U ikki maxsisiga mash tortdi va janoza namozini o‘qidi».
Molik rivoyat qilgan. (“Kifoya” kitobidan).
Oyoqlarining ikkisini ham yuvib keyin artadigan bo‘lsa, sunnatni ado qilgan bo‘ladi. Poyafzalni echish ketma-ketlikni buzmaydi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:31 | Savol-javoblar | 188 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar