ISLOMDA MUZORABANING ASOSIY SHARTI HAQIDA

Assalomu alaykum,SHAYH HAZRATLARI!Ushbu bo‘limda berilgan muzoraba haqidagi savol-javoblarni o‘qib chiqib mazkur savolni berishga qaror qildim.Chunki,bu savollarni ayrimlari oldin o‘zlaricha shariy savdo qilyapmiz deb,o‘rtada nizo chiqqandan keyin hato qilib bo‘lishgandan keyin yordam so‘rab berilgan savollar ekan.Men savolimga javob topolmadim.Shu jumladan, muzorabani oldin so‘rab o‘rganib keyin muzoraba qilishga qaror qildim.Shayh hazratlari,ISLOMDA MUZORABA SAVDOSINING ASOSIY SHARTLARI VA UNING QOIDASINI ANIQ QILIB TUSHUNTIRIB BERING.QAY HOLATDA ISLOMGA TO‘GRI KELADI,QAY HOLATDA MUZORABA SHARTLARI ISLOMGA TO‘GRI KELMEYDI?Nasiya savdosini ham tushuntirib o‘tsangiz.SIZDAN ILTIMOS!Javoblari uchun oldindan rahmat!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Muzoraba Muzoraba, qoroz va muqoroza bitta ma’noda ishlatiladi. Iroq ahli lug‘atida muzoraba deyilsa, Hijozliklar lug‘atida esa qoroz yoki muzoraba deyiladi. Istilohda bular salam yoki salafga o‘xshash turli xil bo‘ladi. Muzoraba deb mol bir tarafdan, amal boshqa tarafdan bo‘lib, foydaga sherikchilik qilishga aytiladi. Fuqaholar muzorabaning joizligiga Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhuning muzoraba qilganlarini dalil qilib keltirishadi. “U kishi agar mollarini muzorabaga bersalar sheriklariga dengizdan yurmaslikni, vodiyga tushmaslikni va ho‘l narsa sotib olmaslikni shart qilib qo‘yar edilar. Agarda bularning birortasini qilsa zomin bo‘lishini aytardilar”. (Imom Bayhaqiy. Sunan. 6/
). Sahobalar ham etimlar molini muzorabaga berib qo‘yishardi. Kishilar ichida savdogarlikka malakali insonlarning mollari bo‘lmasi mumkin, ba’zi insonlarning mollari bo‘lib, ular tijoratni eplay olmasliklari mumkin. Muzorabaning hikmatlaridan biri shu ikki tarafning hojatini ravo qilish va molning o‘sishini ta’minlashdan iboratdir. Muzoraba ikki turli bo‘ladi: Mutlaq yoki umumiy muzoraba. Bunda amal, makon, zamon yoki shaxs ta’yin qilinmaydi;Muqayyad yoki xos muzoraba. Bunda yuqoridagi narsalar ta’yin qilinadi.Fuqaholar muzoraba uchun tikiladigan sarmoyani ma’lum va naqd bo‘lishini shart qilishgan. Bunda qarz yoki savdo molini sarmoya qilish joiz emas. Chunki, muzoraba yoki sherikchilik naqd mablag‘ bilan boshlanib, shu bilan nihoyasiga etadi. Bunda har ikki taraf o‘zining foyda yoki ziyoninni va hissasini aniq biladi. Muzorabada ham sherikchilik bobida bayon qilganimizdek foyda ma’lum foiz suratida bo‘lishi vojibdir. Ikki tarafdan biri foyda uchun ma’lum mablag‘ni shart qilib qo‘yishi joiz emas. Chunki ba’zida taraflar foyda ko‘rmasliklari mumkin. Bunda ushbu ta’yin qilingan ma’lum mablag‘ sherikchilikni buzadi. Ishchi agar muzoraba foydasi taxminiy foydadan ortsa, ma’lum mablag‘ni ta’yin qilib olishi joiz bo‘ladi. Misol uchun foyda yuzdan oshsa, yuz olaman deyishi to‘g‘ri bo‘ladi. Ishchi yana oylik va foydadan hissa olishni ham jamlashi joizdir. Buning bayonini biz ijara bobida zikr qildik. Agar foydaning hammasi ishchiga deyilsa, bu shartnoma qarz hisoblanadi. Agar foydaning hammasi mol egasiga deyilsa, bu ibzo’ (ya’ni xayriya uchun ishlab berish) shartnomasi bo‘ladi. Agar foydaning bir qismi ishchiga va bir qismi mol egasiga ta’yin qilinsa, ushbu shartnoma muzoraba deb nomlanadi. Ishchi foydaga sheriklik sababli yoki taqsimot sababli va yoki kelishuv sababli egalik qiladimi, bunda ixtilof bor. Aslida sarmoyaga zarar etmagan taqdirdagina foyda haqida so‘z boradi. Foyda sarmoyaning viqoyasi, ya’ni qo‘riqchisidir. Foyda ba’zan ishchining harakati bilan hosil bo‘ladi. (Zamonaviy iqtisod lug‘atida buni iyrodiy foyda, ya’ni kirim foydasi deyiladi). Ba’zan esa foyda ishchining harakatisiz hosil bo‘lishi ham mumkin. (Buni sarmoya foydasi deyiladi). Ziyon ham huddi shunday. Ibn Hazm shunday deydi:“Chorvaning bolasi, daraxtning mevasi, hovlining ijarasi sarmoya egasinikidir. Chunki bular uning molidan hosil bo‘lmoqda. Ishchiga esa faqatgina foydadan nasiba beriladi. Buni foyda emas, balki faqatgina savdodan o‘sib chiqqan narsa deb nomlanadi”. (Al-Muhallo. Ibni Hazm 8/249).Bu erdagi foydadan murod iyrodiy ya’ni kirim foydasidir. Sarmoyaga ishchining zomin bo‘lishini shart qilishlik joiz emasdir. Ishchi agar sarmoyani qabz qilsa, ya’ni qo‘lga kiritsa u omonatdor hisoblanadi. Agar uni tasarruf qilsa vakil bo‘ladi. sarmoyaga foyda qo‘shilsa, ushbu foydadan shart qilingan hissa miqdorida sherik bo‘ladi. Muzoraba qiluvchi va muzoraba qilinuvchining nafaqasini aniqlab qo‘yish vojibdir. Muzoraba qiluvchining nafaqasi shaxsiy nafaqa bo‘lib, bu nafaqani uning molidan qilinadi. Muzoraba qilinuvchining nafaqasi tijoriy nafaqa bo‘lib, bu nafaqani ushbu moldan sarflanadi. Agar muzoraba qilinuvchining molidan ba’zi shaxsiy nafaqalar, misol uchun safar va tibbiy xarajatlar ishlatilsa, bularni nizo chiqmasi uchun kelishuv asosida chegaralab qo‘yish vojib bo‘ladi. Muzoraba qiluvchi faqatgina sarmoya egasining ruxsati bilan nasiya savdo qilishi joiz. Agar uning ruxsati bo‘lmasa nasiyaga sotishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ba’zi fuqaholar agar nasiya sotish tijorat odatlaridan biri bo‘lsa unga ruxsat berishgan. Shuningdek nasiyaga sotib olish uchun ham sarmoya egasining ruxsati lozim. Chunki nasiya savdoda sarmoya egasining zomini ortadi. Agar sarmoya egasi ishchiga muzoraba molini qarz asosida ishlatishga ruxsat bersa, uning qarz olgan narsasi ikkisi o‘rtasida vujuh (amal) sherikchii hisoblanadi. Ba’zi fuqaholar muzoraba qiluvchiga sarmoya egasining ruxsati asosida boshqa kishilar bilan muzoraba qilishi ijozatini berganlar.

27 May 2022, 04:18 | Savol-javoblar | 203 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar