Avratni berkitishga qarshilik

Assalomu alaykum! Vaqtingizni olayotganimga xijolatdaman, ammo juda og‘ir vaziyatdamiz, qaynona qaynotam qizimizni ro‘mol o‘rashiga qattiq qarshilik qilishyapti, xo‘jayinimni oldin dindan tushunchalari deyarli yo‘q edi, Allohga shukur, ilm olib, dinlarini o‘rganib amal qilib boryapdilar. Ota onaga ozor berishdan shuning bilan birga Allohning amriga qarshi chiqishdan ham qo‘rqadilar, shundan qiynalib ketdilar, ularga yumshoqlik bilan tushuntirib ko‘rdilar mutlaqo tushunishni xoxlashmaydi, man ham ro‘mol o‘rab, yopiq kiyinishni boshlaganimda qattiq janjal qilgan edilar, ota onamni ham tinch qo‘yishmayapti, otamni jahli tez, onam bechora shundan namozlarini yashirib o‘qiyaptilar, qaynona qaynotam o‘g‘limni shunday bo‘lishiga kelin sababchi, bular mulla bo‘lib qolgan, eskilikka kirib ketgan (ularni nazarida oddiy namoz o‘qib, ro‘mol o‘ragan ham shu "maqomda"), deb otamni chaqirtirib masalani bir yoqlik qilmoqchilar, otam eshitsalar onamga qattiq jabr bo‘lishi mumkin, oldingi safar shunday bo‘lgandi, onamga qattiq janjal qilib, zulm qilib, namozni ham ta’qiqlaganlari uchun onam kasal bo‘lib qolgan edilar, xo‘jayinim ota onalariga qo‘llaridan kelgan yaxshilikni, xizmatlarini qiladilar, man ham kuchim etganicha xizmatlarini qilaman, yaxshi munosabatda bo‘laman. Ular hatto bizlarni ham ajratib yuborish vajohatida turibdilar. Xo‘jayinim viloyat imom xatibi o‘rinbosaridan chora so‘rashga borgan ekanlar ro‘molini oldindan o‘rasin deptilar, shunday qilish mumkinmi shunaqa vaziyatda, kanalni kuzatib boraman, sira bunaqa fatvo bermagansizlar, shayximiz Muhammad Sodiqning bironta kitoblarida shunday qilsa bo‘ladi deb o‘qimaganman, ular nimaga asoslanib bunday deyishyapti ( ularni ham qattiq hurmat qilamiz albatta)? Bizlar nima qilsak to‘g‘ri bo‘ladi, iltimos, e’tiborsiz qoldirmanglar, yo‘l ko‘rsatinglar ustozlar. Bintu Sodiq kanali obunachilar juda ko‘pligidanmi savollarga kechroq javob berar ekanlar, shunga sizlarga yubordim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Modomiki tirik ekanmiz imtihonda bo‘lamiz. Hamma musulmonlarning ham o‘zlariga yarasha imtihoni bo‘ladi. Sizni imtihoningiz shu ekan. Alloh taolo "Ankabut" surasida marhamat qiladi:  أَحَسِبَ النَّاسُ أَن يُتْرَكُوا أَن يَقُولُوا آمَنَّا وَهُمْ لَا يُفْتَنُونَ۝2. Odamlar «iymon keltirdik» deyishlari ila imtihon qilinmay tark etilishlarini o‘yladilarmi? 
Ya’ni odamlar iymonni «og‘iz bilangina aytib qo‘yiladigan quruq gap» deb o‘ylaydilarmi? Ular, o‘zlaricha, iymon keltirdik, deb qo‘ysak, ish bitdi, mӱmin bo‘ldik, uning savobi ham bu dunyoda, ham u dunyoda o‘z-o‘zidan kelaveradi, deb o‘ylaydilarmi? Iymon so‘zidan keyin hech qanday imtihon-sinov bo‘lmaydi, deb o‘ylaydilarmi? Qadimda ham, hozirda ham ko‘plar iymon haqida xuddi shunday notӳg‘ri tasavvurda bo‘lganlar. Ularning fikricha, Allohga iymon keltirdim, deganidan keyin hamma narsa o‘z-o‘zidan bo‘laverishi kerak. Aslida, unday emas. Alloh taolo hamma narsaning yaxshisini yomonidan, haqiqiysini soxtasidan ajratish uchun bu dunyoda sinov-imtihon qoidasini joriy qilib qo‘ygan. Ma’danlarning asli ham o‘tga solinib, toblanganida namoyon bo‘ladi. Yo‘qsa, hamma ma’dan ham sirtidan ma’dan bo‘lib ko‘rinib turaveradi. Utda sinalganda esa haqiqiysi boshqalaridan ajrab chiqadi. Iymon kalimasini og‘izda aytish oson. Har kim ham, iymon keltirdim, deb aytaverishi mumkin. Ammo til bilan aytilgan kalima dildan chiqqanmi yoki yo‘qmi, buni aniqlash uchun banda sinov- imtihondan o‘tishi kerak. Bu esa qadimdan joriy bo‘lib kelayotgan odat.وَلَقَدْ فَتَنَّا الَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ فَلَيَعْلَمَنَّ اللَّهُ الَّذِينَ صَدَقُوا وَلَيَعْلَمَنَّ الْكَاذِبِينَ۝3. Va, batahqik, Biz ulardan oldingilarni ham imtihondan o‘tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo‘lganlarni ham bilajak, yolgonchilarni ham bilajak.
Qaynota va qaynonangizni oldida ro‘molsiz yurishingiz joiz. Nomahramlar oldida avratlaringizni berkitishingiz farz. Siz Allohga itoat qiling. Hijob deb maxsus qora yoki boshqa rangli maxsus tikilgan kiyimga mahkam turib olmasdan nima bilan bo‘lsa ham avratlaringizni to‘sing. Kiyimda ikki shart bo‘ladi. Biri ichi ko‘rinadigan darajada shaffof bo‘lmasligi ikkinchisi a’zolarni bo‘rtib ko‘rinadigan darajada tor bo‘lmasligi. Qizingiz balog‘atga etmagan bo‘lsa, unga satrlanish farz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

3 Iyul 2022, 16:57 | Savol-javoblar | 206 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar