Qazo va nafl ro‘za haqida

Assalomu alaykum! Izlash xizmatidan olgan ma’lumotlarimdan kerakli xulosa chiqara olmayapman. Savol: Ma’lumki, Ramazon oyi ro‘zasini to‘liq tutib, so‘ngra Shavvol oyidan 6 kun ro‘za tutilsa, yil bo‘yi ro‘za tutganlik savobiga ega bo‘linadi. Shu nasibadan umidvor bir insonning 30 kundan ortiq qazo ro‘zasi bor. Albatta farz ro‘za nafldan ustun turgani bois, avval qazolarni ado qilish lozim bo‘ladi. Shunga ko‘ra qazolarni to‘xtatmasdan tutgan taqdirda ham Shavvol oyidagi 6 kunlik nafl ro‘zani tuta olmaydi (Shavvol oyidan chiqib ketgan hisoblanadi). Shu 6 kunlik nafl  ro‘za (Ramazon oyidagi bilan hisoblaganda yil bo‘yi ro‘za tutganlik) savobiga qanday erishsa bo‘ladi? Javob uchun avvaldan tashakkurlar!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ikki niyatni bir ibodatda jamlash haqida Hanafiy mazhabimizda ikki ibodatga niyatni bir ibodat ostida jamlash haqida shunday kelgan: “Ikki ibodatni orasini niyatda jamlash ikki xil bo‘ladi. Birinchisi vasila-vositalarda jamlash bo‘lib, bunga jum’a kungi g‘uslni misol qilish mumkin. Bir kishi juma kuni g‘usl qilishda ham juma uchun hamda janobatdan poklanish g‘uslini niyat qilsa joiz bo‘ladi, ikkisini savobiga erishadi. Ikkinchi jamlash esa maqsadlarda bo‘ladi. Bunda ikki farzni yoki ikki naflni yoki farz va naflni jamlab niyat qilish bilan bo‘ladi. Endi ikki ikki farzni bir niyatga jamlash namoz va boshqa ibodatlarda namoyon bo‘ladi. Agar namozda ikki farzni niyat qilsa, masalan peshin va asr namozlarini o‘qiyman deb to‘rt rakaatga niyat qilsa, ikkisi ham durust bo‘lmaydi. Ammo buni ro‘za tutishda qilsa, masalan zimmasidagi qazo va kafforat ro‘zasini jamlab bir kun ro‘za tutishni niyat qilsa, faqt qazoga o‘tadi. Agar farz va naflni jamlab niyat qilsa, masalan peshinni farzi va sunnatini deb to‘rt rakaatga niyat qilsa, Imom Abu Yusufning nazdlarida bu suratda farzga o‘tadi, naflga qilgan niyati bekor bo‘ladi. Imom Muhammadga ko‘ra esa, farzga ham naflga o‘tmaydi. Xuddi shunday niyatni zakot masalasida qilsa, masalan farz zakotni va nafl sadaqani niyat qilsa, zakotga o‘tadi. Ro‘za ham shu kabidir. Imom Muhammad esa naflga o‘tadi deganlar. Ammo bir niyat bilan ikki naflni jamlasa, masalan bomdodni sunnati bilan tahiyyatul masjidni birga niyat qilsa, ikkisiga ham o‘tadi. Siz qazoni niyat qilib, shavvol oyida ro‘za tuting, savobga doxil bo‘laverasiz. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 17:59 | Savol-javoblar | 166 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar