Agar Islomni qabul qilsa

Assalomu alaykum! Agar bir boshqa dindagi odam, Islom dinini qabul qilsa, oldingi barcha katta-yu, kichik gunohlari kechiriladimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Islom o‘zidan oldingi barcha gunohlarni yuvib tashlaydi” deganlar. Bandalarning haqqlari bundan mustasno. عَنِ ابْنِ شَمَاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: حَضَرْنَا عَمْرَو بْنَ الْعَاصِ وَهُوَ فِي سِيَاقَةِ الْمَوْتِ يَبْكِي طَوِيلًا وَحَوَّلَ وَجْهَهُ إِلَى الْجِدَارِ، فَجَعَلَ ابْنُهُ يَقُولُ: يَا أَبَتَاهُ، أَمَا بَشَّرَكَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِكَذَا أَمَا بَشَّرَكَ بِكَذَا، قَالَ: فَأَقْبَلَ بِوَجْهِهِ فَقَالَ: إِنَّ أَفْضَلَ مَا نُعِدُّ شَهَادَةُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، إِنِّي قَدْ كُنْتُ عَلَى أَطْبَاقٍ ثَلَاثٍ، لَقَدْ رَأَيْتُنِي وَمَا أَحَدٌ أَشَدَّ بُغْضًا لِرَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مِنِّي، فَلَوْ مُتُّ عَلَى تِلْكَ الْحَالِ لَكُنْتُ مِنْ أَهْلِ النَّارِ، فَلَمَّا جَعَلَ اللهُ الْإِسْلَامَ فِي قَلْبِي أَتَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقُلْتُ: ابْسُطْ يَمِينَكَ فَلْأُبَايِعْكَ، فَبَسَطَ يَمِينَهُ فَقَبَضْتُ يَدِي فَقَالَ: مَا لَكَ يَا عَمْرُو؟ فَقُلْتُ: أَرَدْتُ أَنْ أَشْتَرِطَ، قَالَ: تَشْتَرِطُ بِمَاذَا؟ قُلْتُ: أَنْ يُغْفَرَ لِي، قَالَ: أَمَا عَلِمْتَ أَنَّ الْإِسْلَامَ يَهْدِمُ مَا كَانَ قَبْلَهُ، وَأَنَّ الْهِجْرَةَ تَهْدِمُ مَا كَانَ قَبْلَهَا، وَأَنَّ الْحَجَّ يَهْدِمُ مَا كَانَ قَبْلَهُ، وَمَا كَانَ أَحَدٌ أَحَبَّ إِلَيَّ مِنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَلَا أَجَلَّ فِي عَيْنِي مِنْهُ، وَمَا كُنْتُ أُطِيقُ أَنْ أَمْلَأَ عَيْنَيَّ مِنْهُ إِجْلَالًا لَهُ، وَلَوْ سُئِلْتُ أَنْ أَصِفَهُ مَا أَطَقْتُ، لِأَنِّي لَمْ أَكُنْ أَمْلَأَ عَيْنَيَّ مِنْهُ، وَلَوْ مُتُّ عَلَى تِلْكَ الْحَالِ لَرَجَوْتُ أَنْ أَكُونَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ، ثُمَّ وَلِينَا أَشْيَاءَ لَا أَدْرِي مَا حَالِي فِيهَا، فَإِذَا أَنَا مُتُّ فَلَا تَصْحَبْنِي نَائِحَةٌ وَلَا نَارٌ، فَإِذَا دَفَنْتُمُونِي فَشُنُّوا التُّرَابَ عَلَيَّ شَنًّا، ثُمَّ أَقِيمُوا حَوْلَ قَبْرِي قَدْرَ مَا تُنْحَرُ جَزُورٌ وَيُقْسَمُ لَحْمُهَا حَتَّى أَسْتَأْنِسَ بِكُمْ وَأَنْظُرَ مَاذَا أُرَاجِعُ بِهِ رُسُلَ رَبِّي. رَوَاهُ مُسْلِمٌ فِي الْإِيمَانِ  Ibn Shamos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«O‘lim siyoqida (to‘shagida) yotgan Amr ibn Ossning huzurida hozir bo‘ldik. U uzoq yig‘ladi va yuzini devor tomonga o‘girib oldi. Shunda o‘g‘li:
«Ey otajon, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizga manavi bashoratni bergan edilar-ku, anavi bashoratni bergan edilar-ku», deya boshladi. U yuzi bilan o‘girilib:
«Albatta, biz tayyorlagan narsalar ichida eng afzali «Laa ilaaha illalloh, Muhammadur Rasululloh», deb shahodat keltirishdir. Men uch xil holda bo‘ldim.
Men o‘zimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni mendan ko‘ra yomon ko‘radigan odam yo‘q holda ko‘rdim. Agar o‘sha holimda o‘lganimda, albatta, do‘zax ahlidan bo‘lar edim.
Alloh taolo qalbimga Islomni solib qo‘yganida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib:
«O‘ng qo‘lingizni bering, bir bay’at qilay», dedim.
U zot o‘ng qo‘llarini uzatdilar. Men qo‘limni tortib oldim.
«Senga nima bo‘ldi, ey Amr?!» dedilar.
«Shart qo‘ymoqchiman», dedim.
«Nimani shart qo‘yasan?» dedilar.
«Mening mag‘firat qilinishimni», dedim.
«Islom o‘zidan oldingi narsani yuvib yuborishini, hijrat o‘zidan oldingi narsani yuvib yuborishini va haj o‘zidan oldingi narsani yuvib yuborishini bilmasmiding?» dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra men uchun mahbubroq odam bo‘lmay qoldi. Mening ko‘zimda u zotdan ulug‘roq biror odam yo‘q edi. Men u zotni shunchalar ulug‘laganimdan u kishiga tik qarab, ko‘zim to‘lib, nazar sola olmas edim. Agar mendan u kishini vasf qilib berish so‘ralsa, qilib bera olmasdim. Chunki u zotga ko‘zimni to‘ldirib, boqa olmas edim. Agar o‘sha holimda o‘lganimda, albatta, jannat ahlidan bo‘lishimni orzu qilar edim.
So‘ngra turli narsalarni qildik. Endi holim nima bo‘lishini bilmayman. Men o‘lganimda menga yig‘ichi ham, olov ham ergashmasin. Qachon meni dafn qilsangiz, ustimga tuproqni yaxshilab torting. So‘ngra qabrim atrofida tuya¬lar so‘yilib, go‘shtlari taqsimlanguncha muddat turinglar. Sizlardan uns olib turay va Robbimning elchilariga qanday javob qaytarishimga nazar solay», dedi».
Muslim rivoyat qilgan.
Amr ibn Ossning o‘lim to‘shagida yotib aytgan bu gaplaridan u zotning taqvolari va oxiratdan qanchalar qo‘rqishlari aniq ko‘rinib turibdi.
Amr ibn Ossning o‘g‘illarining «Ey otajon, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizga manavi bashoratni bergan edilar-ku, anavi bashoratni bergan edilar-ku», deyishlaridan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning u kishiga oxiratlari yaxshi bo‘lishi haqida ham bashoratlar berganliklari ko‘rinib turibdi. Albatta, bu narsalar yaxshilik va ulkan fazl alomatlaridir.
Islomga tish-tirnog‘i bilan qarshi oilaning farzandi bo‘lgan Amr ibn Oss Alloh taoloning inoyati ila oxiri kelib, Islomning ana shunday fidokoriga aylandilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ashaddiy dushmani bo‘lgan Oss ibn Voilning farzandi Amr ibn Oss Alloh taoloning inoyati ila oxiri kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ana shunday mahbublariga aylandilar.
Yigirma yil Islomga dushmanlik qilgan Amr ibn Oss oxiri kelib, Islomning abadiy mo‘’jizalaridan biriga aylandilar.
Yigirma yil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga dushmanlik qilgan Amr ibn Oss oxiri kelib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ko‘zga ko‘ringan shogirdlaridan biriga aylandilar.
Bularning barchasi Islomning hammaga munosib din ekanidandir.
Alloh taolo Amr ibn Ossdan rozi bo‘lsin! Omin! (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

2 May 2022, 09:50 | Savol-javoblar | 146 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar