Hajdan qaytgan

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bizning qishlog‘imizda shunday urf bo‘lib haj ziyoratidan qaytgan xojilarimiz hurmat yuzasidan birinchi bo‘lib o‘z ota uyiga kelib tushadi. Shunday qilishlik to‘g‘rimi? Shu xonadon axliga yaxshilik olib keladimi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu ishni bilmadik, lekin hojilardan duo olish bor. HAJ QILUVChI KIShIDAN DUO SO‘RASh Haj safariga jo‘nayotgan kishidan «Bizni ham xos duolaringizda eslab, haqqimizga duo qilib qo‘ying», deb iltimos qilish joiz va hadislar bilan sobit bo‘lgandir. عَنْ صَفْوَانَ بْنِ عَبْدِ اللهِ بْنِ صَفْوَانَ، قَالَ: وَكَانَتْ تَحْتَهُ ابْنَةُ أَبِي الدَّرْدَاءِ، فَأَتَاهَا فَوَجَدَ أُمَّ الدَّرْدَاءِ وَلَمْ يَجِدْ أَبَا الدَّرْدَاءِ. فَقَالَتْ لَهُ: تُرِيدُ الْحَجَّ الْعَامَ؟ قَالَ: نَعَمْ. قَالَتْ: فَادْعُ اللهَ لَنَا بِخَيْرٍ، فَإِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَقُولُ: «إِنَّ دَعْوَةُ الْمَرْءِ مُسْتَجَابَةٌ لِأَخِيهِ بِظَهْرِ الْغَيْبِ، عِنْدَ رَأْسِهِ مَلَكٌ يُؤَمِّنُ عَلَى دُعَائِهِ، كُلَّمَا دَعَا لَهُ بِخَيْرٍ قَالَ: آمِينَ، وَلَكَ بِمِثْلِ». قَالَ: ثُمَّ خَرَجْتُ إِلَى السُّوقِ، فَلَقِيتُ أَبَا الدَّرْدَاءِ، فَحَدَّثَنِي عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِمِثْلِ ذَلِكَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ Safvon ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Dardoning qizi nikohimda edi. Uning oldiga kelib, Ummu Dardoni topdim-u, Abu Dardoni topmadim. Shunda (Ummu Dardo): «Bu yil haj qilasanmi?» dedi. Men: «Ha» dedim. U (Ummu Dardo): «Bizning haqqimizga ham Alloh taolodan yaxshilik tilab duo qilgin. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kishining g‘oyibdagi inisi haqqiga qilgan duosi ijobatdir. Bir farishta boshi ustida turib, qilgan duosiga «omin» deb turadi. Unga yaxshilik tilab duo qilganida: «Omin, senga ham o‘shaning misli», deydi», der edilar. So‘ng bozorga chiqib, Abu Dardoni uchratdim. Shunda u menga shunga o‘xshash hadisni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan aytib berdi».
Ibn Moja rivoyat qilgan. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ عُمَرَ اسْتَأْذَنَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي الْعُمْرَةِ، فَأَذِنَ لَهُ، فَقَالَ: «يَا أَخِي، أَشْرِكْنَا فِي صَالِحِ دُعَائِكَ، وَلَا تَنْسَنَا. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Umar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan umra qilishga izn so‘radi. Unga izn berib: «Ey birodarim! O‘zingning solix duoingda bizni ham sherik qilgin va bizni unutib qo‘ymagin», dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan. عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْحَاجُّ وَالْعُمَّارُ وَفْدُ اللهِ، إِنْ دَعَوْهُ أَجَابَهُمْ، وَإِنِ اسْتَغْفَرُوهُ غَفَرَ لَهُمْ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hoji va umra qiluvchi Allohning mehmonidir. Agar Allohga duo qilishsa, duolarini ijobat qiladi. Agar Undan mag‘firat so‘rashsa, ularni mag‘firat qiladi», dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Yuqorida kelgan hadislardan Nabiy sollallohu alayhi vasallam va sahobiy roziyallohu anhumlarning zamonalarida haj va umra qiluvchilardan duo so‘rab, iltimos qilish sobitligi ma’lum bo‘ladi. Shuning uchun haj yoki umraga ketuvchilardan duo qilishlarini iltimos qilish joiz va durustdir.
Lekin hajga ketuvchi haj safari oldidan izdihom qilib, odamlarni chaqirishi yoki tuhfa ulashishi yoki hojini aeroportgacha qo‘sh-qo‘sh mashinalar bilan kuzatib qo‘yish va shu kabi boshqa ishlarning barchasi joiz emas. Bularning hammasi isrof va haj amaliga nuqson etkazadigan ishlardandir. Ammo zarurat yuzasidan bir-ikki kishi hojini aeroportgacha kuzatib qo‘yishi va kutib olishining zarari yo‘q. (“Mo‘minning umr safari” kitobidan).  Vallohu a’lam!

3 May 2022, 21:06 | Savol-javoblar | 174 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar