Kelin salomda egilish

Assalomu alaykum! Muslim.uz saytidagi bir maqoladagi matndan iqtiboz keltiraman. Salom berish vaqtidagi egilishning hukmi to‘g‘risida kelgan faslda aytilishicha, egilib salom berishdan qaytarilganmiz. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: «Kishi birodariga yo‘liqqanda (salomlashish uchun) unga egilsa bo‘ladimi?» deb so‘radilar. Shunda u zot: «Yo‘q», dedilar («Majallatul buhusil islamiya»). Demak, «kelin salom» marosimida kelinlarimiz etti bukilib salom berar ekanlar, bu shariatimizning ko‘rsatmasiga xilofdir. Agar namozdagi ruku’ darajasida egilib salom bersa, qattiq gunohkor bo‘ladi. Qolaversa, yangi kelinchak barcha mehmonlarning oldida ketma-ket egilib salom beraverishi uning nafaqat jismi, balki kayfiyatiga ham salbiy ta’sir qiladi. Iqtiboz tugadi. Hozirda sir emaski, ko‘p kelinlar namozdagi ruku darajasidan ham ko‘proq egilib salom berishadi kelin salomda. Johil bo‘lgandan keyin shunday bo‘ladi. Shunday egilish shirkmi? Shunday deb aytgan odam gunohkor bo‘lmaydimi ya’ni Allohdan o‘zgaga shunday egilish haqida.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hozirgi kundagi bizning urfimizga kirgan kelin salomlar harom amal hisoblanadi. Shunga majbur qilayotganlar haromga targ‘ib qilish va majbur qilish hisoblanadi. Gap bu erda salom berishda emas, balki Allohga ruku’ qilgandek bandalarga ruku’ qilishda. Alloh bandalarini O‘ziga ibodat deb belgilagan ishlarni masalan sajda, qurbonlik va hokazolarni bandalari uchun qilishni harom qilgan. Vallohu a’lam! Quyidagi linkda berilgan maqolani o‘qing https://fiqh.uz/maqola/626

21 Aprel 2022, 09:56 | Savol-javoblar | 187 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar