Zulumkor erga chidasa ajri bormi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, savolim  agar er zulumkor bo‘lsa ya’ni uy joy bilan ta’minlamasa, boqmasa, kiyim kechak qilib bermasa, o‘zi xoxlagan vaqtta uyga kelsa oylab xabor olmasa, xiyonatkor bo‘lsa ayoli bunga chidab yashasa oxiratda ajri bormi? Yoki o‘zi va farzandlariga jabr qilgan bo‘ladimi? Javob uchun oldindan rahmat. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Har bir o‘tkazgan vaqtiga ajr oladi. Er qilgan ishiga o‘zi javob beradi. Ammo bu suratda shariatimiz ayolga ixtiyor beradi. Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: الطَّلاَقُ مَرَّتَانِ فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ وَلاَ يَحِلُّ لَكُمْ أَن تَأْخُذُواْ مِمَّا آتَيْتُمُوهُنَّ شَيْئًا إِلاَّ أَن يَخَافَا أَلاَّ يُقِيمَا حُدُودَ اللّهِ فَإِنْ خِفْتُمْ أَلاَّ يُقِيمَا حُدُودَ اللّهِ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْهِمَا فِيمَا افْتَدَتْ بِهِ تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَعْتَدُوهَا وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ اللّهِ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ۝ 229. Taloq ikki martadir. So‘ngra yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo‘yib yuborish. Ularga bergan narsangizdan biror narsani olish sizga halol bo‘lmas, ikkovlari Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqsalar, mustasno. Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasliklaridan qo‘rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo‘qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar zolimlardir. Yana qaytib yarashib, oilaviy turmushni qaytadan boshlab ketish mumkin bo‘lgan taloq ikki marta bo‘ladi: «Taloq ikki martadir». Ya’ni bir marta taloq qilsa, qayta yarashsa bo‘ladi, ikkinchi marta taloq qilsa, yana yarashsa bo‘ladi. Undan keyin yana taloq qilsa, yarashib bo‘lmaydi. Bundan oldingi oyatda taloq qilingan ayolni uch qur’u kutishga berilgan amrdan ko‘zlangan maqsadlarning biri ham shu. Bu muddat ichida erkak o‘z ishiga pushaymon bo‘lib, yarashishni istasa, marhamat, ayoli kutib turibdi, yarashib olsin, oila buzilmasin. Mabodo ikkinchi marta yana shunday holat yuzaga kelib qolsa, mayli, insonchilik, yana yarashsin. Ammo shuncha ishlardan keyin yana bir bor taloq qilsa, bu erkak subutsiz odam ekani ma’lum bo‘ladi. Unga xotinni o‘yin qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bechora ayolni azoblashning oldi olinadi va qayta yarashishga ruxsat berilmaydi. Buning hukmi kelgusi oyatda bayon qilinadi. Bu erda esa ikkinchi taloqdan «So‘ngra yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo‘yib yuborish» tavsiya qilinmoqda. Islomda har bir narsani yaxshilik bilan qilish shiori bor. Taloq, ajrashish – xunuk ish, ko‘ngilsiz hodisa, lekin Qur’oni Karim shuni ham yaxshilik bilan hal etishni amr qilyapti. Urush-janjalsiz, yaxshilik bilan ajrab ketish kerakligini tushuntiryapti. Juda iloji topilmasa, shunday qilinadi. Aslida esa, oyatda aytilganidek, «yaxshilikcha ushlab qolish»ga, oilani buzmaslikka harakat qilish kerak. Taloq sonining bunday cheklab qo‘yilishi ham aslida ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish uchundir. Islomdan avval taloqning chegarasi yo‘q edi. Er kishi xotinini xohlagancha taloq qilib, xohlaganicha qaytarib olaverardi. Ba’zi tabiati buzuq kishilar bu holatdan ayollarni azoblash, ularning huquqlarini poymol qilish yo‘lida foydalanar edilar. Bir kuni asli madinalik ansoriy kishilardan biri xotinidan achchig‘i chiqib: – Allohga qasamki, seni o‘zim bilan ham olmayman, ajrashmayman ham! – debdi. Ayol: – Qanday qilib? – deb so‘rabdi. Erkak: – Avval taloq qilaman, iddang tugay deganda, qaytarib olaman, so‘ng yana taloq qilaman, yana qaytarib olaman va hokazo, – debdi. Bu gap Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga etganda, Alloh taolo «Taloq ikki martadir» oyatini nozil qilgan ekan. Shundan aniq ko‘rinib turibdiki, taloqning sonini chegaralash ayollarning haqqini himoya qilish uchun bo‘lgan. Ma’lumki, oilaning buzilishi turli kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Jumladan, ajralish paytida erkaklarning xayoliga keladigan dastlabki savollardan biri – «Men bu ayolga uylanish chog‘imda mahriga mol-dunyo bergan edim, endi ham xotindan, ham mol-dunyodan ajrab qolamanmi?» degan savoldir. Bu savol voqe’likda ham bo‘lib turadi. Bunga oyatda: «Ularga bergan narsangizdan biror narsani olish sizga halol bo‘lmas» degan hukm bilan javob berilgan. Mahrni er o‘zi rozi bo‘lib, sof ko‘ngildan bergan. U ayolning haqqi. Taloqni ham o‘zi rozi bo‘lib qilyapti, uni hech kim majburlayotgani yo‘q. Ayol kishi uchun oilasining buzilishi, eridan ajralish katta musibat, mahrini yoki uning bir qismini olib qolish esa musibat ustiga musibat bo‘lar edi. Agar ayol eri bilan turishni xohlamay, o‘z ixtiyori bilan ajrashishni talab qilsa, unda istisno tariqasida, er nikoh paytida xotiniga bergan mahrini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi: «…ikkovlari Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqsalar, mustasno». Ya’ni bunday holda er bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib olsa bo‘ladi. Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqish holati xotin kishi eri bilan yashay olmaydigan darajaga borib, o‘zi ajrashmoqchi bo‘lganida vujudga keladi. Ya’ni ajrashishga harakat xotin kishi tomonidan bo‘ladi. Islomda ayol kishiga ushbu huquq berilgan. «Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasliklaridan qo‘rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo‘qdir». Ya’ni bu shunday holatki, mabodo er-xotin ikkovlari birga yashashda davom etsalar, shariatning hukmi buzilib, gunohkor bo‘lishlari havfi tug‘iladi: xotin kishi ajrashishni qattiq talab qilmoqda. Shunda ayol o‘z roziligi bilan mahrning hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, ikkovlariga gunoh bo‘lmaydi. Bu ish shariatda «xulu’» deyiladi. Islomdagi birinchi xulu’ Sobit ibn Qays bilan uning xotini o‘rtasida bo‘lgan. Imom Molik ibn Anas o‘zlarining «Muvatto» nomli kitoblarida rivoyat qiladilarki, Habiba binti Sahl Ansoriy Sobit ibn Qays ibn G‘ammosga turmushga chiqqan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni tong chog‘ida tashqariga chiqsalar, qorong‘ida Habiba binti Sahl turgan ekan. – Bu ayol kim? – dedilar. U: – Men Habiba binti Sahlman, men bilan Sobit ibn Qays birga yashay olmaydiganga o‘xshaymiz, – dedi. Uning eri Sobit ibn Qays kelganida, Nabiy alayhissalom: – Mana bu Habiba binti Sahl Allohning xohlaganicha aytadigan gapini aytdi, – dedilar. Shunda Habiba: – Ey Allohning Rasuli, hamma bergan narsasi menda turibdi, – dedi. Rasululloh alayhissalom Sobitga: – Undan bergan narsalaringni ol, – dedilar. Xuddi shu hodisaning tafsilotini to‘ldirgan boshqa rivoyatlardan bilib olamizki, jumladan, Habiba binti Sahl Rasululloh alayhissalomga: – Men uni dinida yoki xulqida ayblay olmayman, lekin Islomda kufr keltirishdan qo‘rqaman, – degan. (Ya’ni er haqidagi diniy amrlarni bajara olmay, gunohkor bo‘lishdan qo‘rqaman). U yana: – Pardani ko‘tarib qarasam, bir guruh odamlar bilan kelayotgan ekan, nazar solsam, u hammasidan qora va pakana ekan. Eng xunugi ham shuning o‘zi ekan, – degan. Shunda eri: – Ey Allohning Rasuli, men unga eng yaxshi molim, – bog‘imni bergan edim, agar menga bog‘imni qaytarib bersa, mayli, – degan. Nabiy alayhissalom Habibaga: – Nima deysan? – deganlar. U esa: – Xohlasa, ziyoda ham beraman, – degan. Shunda Rasululloh ularning orasini ajratib qo‘yganlar. Oilaviy ishlarda talashib-tortishish, turli ixtilofli holatlar ko‘plab uchrab turganligidan oyatning oxirida Allohdan qo‘rqish – taqvo qilish qayta-qayta takrorlanadi. «Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar zolimlardir». Xulu’ – ayollarning o‘z huquqlarini himoya qilishlari uchun ochib berilgan yaxshi yo‘ldir. Ba’zi tushunmagan kishilarning «Islomda ayollarning ajrashishga haqlari yo‘q», deyishlari noo‘rin ekani shundan ko‘rinib turibdi. Ayol kishining eri bilan turmushi davom etishiga ko‘zi etmay qolsa, qoziga arz qilib, xulu’ bilan ajrashib ketsa bo‘laveradi. Ushbu holatlarni Hazrati Umar davrlarida bo‘lib o‘tgan bir hodisa ham tasdiqlaydi. Hazrati Umarning oldilariga eriga qarshi chiqqan bir xotinni olib kelishibdi. U zot ayolni axlat to‘plangan uyga qamab qo‘yishni buyuribdilar. Vaqti kelib, ayolni opkeltiribdilar va: – Holing qalay? – deb so‘rabdilar. Ayol bo‘lsa: – Erga tekkanimdan buyon faqat siz qamab qo‘ygan kuni rohat qildim, – debdi. Hazrati Umar ayolning eriga qarab: – Uning isirg‘asini olib bo‘lsa ham, xulu’ qil, – degan ekanlar. Endi ikki marta taloqdan keyin yarashib, birga yashab yurgan er o‘z xotinini uchinchi marta taloq qilsa, nima bo‘lishi haqida so‘z ketadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 09:56 | Savol-javoblar | 199 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar