Mazxabga ergashish

Assalomu alaykum!. Bir do‘stim mendan qaysi masxabdalimni so‘radi. men unga xanafiydaman deb javob berdim. So‘ng men uning o‘zidan so‘rasam u « men qaysi xadis yoki masalada qaysi masxab kuchli kelgan bo‘lsa o‘shandaman, muayan bitta masxabni ushlamayman» deb javob berdi». Ya’ni agar bir masalada qaysi masxabda zaifroq xadis kegan bo‘lsa olmay, ishonchli bo‘lgan mazxabdan olaman dedi. Shu to‘g‘rimi? Axir bir mazxabga ergashish vojibku. Va yana u ko‘p bora aytadiki xanafiy mazxabda ko‘p narsa zaif va zoxir kelgan deb takidlaydi. Iltimos shu to‘g‘risida ma’lumot bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sizga oddiy bir tushuncha bersak, tog‘dan qorlar erib ma’lum bir masofagacha pokiza holatda bo‘ladi. so‘ng u ba’zi ariqchalarga tushib loyqalanadi. Loyqalanadigan joyda yashovchilar o‘sha suv haqida loyqa deb hukm chiqaradi. Undan yuqoridagilar o‘sha suv haqida tiniq deb hukm chiqarishadi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh va boshqa mazhab imomlari ham mazhab masalalarini o‘sha tiniq qismidagi hadislarga bino qilganlar. Hadisni kitobga tushirganlar davrida esa yuqoridagi tiniq hadislardan bir qanchasi loyqalanib bo‘lgan edi. O‘sha loyqalangan hadislarga muhaddislar loyqa deb hukm chiqarishgan edi. Endi bir kishi loyqa deb hukm qilingan hadisni ko‘rib “Imomlar mazhabidagi hukmlar loyqa hadisga qurilgan” desa to‘g‘ri bo‘ladimi? Aliy roziyallohu anhu masjid yonidan o‘tib ketayotganlarida bir kishi qissalar aytayotganini ko‘rdi. Albatta uni ichida hadislar ham bor edi. Shunda Aliy roziyallohu anhu “Bu hadislarni qaysi biri mansux bo‘lganligini bilasanmi? Agar bilmasang bularni aytish senga halol bo‘lmaydi” deganlar. Muhaddis olimlarning o‘zlari hadisda tog‘ bo‘laturib, faqihlarning oldida “Sizlar tabib, bizlar dorishunosmiz” ya’ni biz faqat dorilarnigina bilamiz, sizlar esa qaysi dorini qaerga ishlatilishini bilasizlar deb tan olib turgan bo‘lsalar. Siz bilan bizga o‘xshagan fosiq fojir, taqvosiz, ilmsiz, biror kuni telefondagi rasmlarga xohlasak ham xohlamasak ham ko‘zimiz tushishidan holi bo‘lmagan, egan ovqatimiz shubhaga to‘la bo‘lgan insonlar “Men xohlagan hadisimga amal qilaman” deyishimizni nimaga o‘xshatish mumkin? O‘z haddini bilmagan nonko‘rgami yoki ilm borasida faqir, gadoy bo‘laturib mutakabbirlik qilayotgan kishigami yoki botqoqda yashab tog‘ni uchidagilarga loy otayotgan kishilargami? Qancha qancha haq so‘zni ayblaguvchilar bor uning bu ofatining sababi kaltafahmligidandir deyilgan maqol bor. Bizni holimiz shunga tushadi. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 05:43 | Savol-javoblar | 153 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar