Qaysi manbaga qarab bunaqa javob qaytarayapizlar

Assalomu alaykum!
KO‘KRAKDOShLAR NIKOHI
@Savollar_kanal 6161-savol Assalomu alaykum! Mening bir tanishim, eri bilan roddomda bir kunda tug‘ilgan ekan. Kuyov egizak Xasan-Xusanlar bo‘lib, onasini ko‘krak suti etmagandan otalaridan rizolik so‘rab o‘sha tanishimni onasi 1 xafta emizgan ekan. Ular endi emikdosh xisoblanadi. Oradan 21 yil o‘tib bir birini sevib qolib turmush quribdi. Bilib turib qilgan bu ishining kafforati bormi? JAVOB: – Va alaykum assalom! Tezdan ajrashish kerak. Ular shariat nazdida tug‘ishgan aka-singil bilan bir xil. Nikohi harom, har bir qilingan ishlar ham zino bo‘lib, tug‘ilgan farzand ham valadizino bo‘ladi. Vallohu a’lam!
Sizlar qaysi manbaga qarab bunaqa javob qaytarayapdizlar, nima ikki yoshni ajratvotish osonmi shunchalik, bollari bo‘lsa tirik etim qilasizlarku, Odam alayhissalomning ham egizak farzandlari bo‘lgan bir birlariga nigohlab berganku, menga nimaga asoslanib ajratvorish deb aytganingizni tushintirib bersangiz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Biz siz aytgandek safsata bilan shug‘ullanmaymiz. Hujjatimiz bo‘lmasa javob bermaymiz. Oyat va hadislarda kelganini yozamiz. عَنْ عُقْبَةَ بْنِ الْحَارِثِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّهُ تَزَوَّجَ ابْنَةً لِأَبِي إِهَابِ بْنِ عَزِيزٍ، فَأَتَتْهُ امْرَأَةٌ فَقَالَتْ: إِنِّي قَدْ أَرْضَعْتُ عُقْبَةَ وَالَّتِي تَزَوَّجَ بِهَا. فَقَالَ لَهَا عُقْبَةُ: مَا أَعْلَمُ أَنَّكِ أَرْضَعْتِنِي وَلَا أَخْبَرْتِنِي. فَرَكِبَ إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِالْمَدِينَةِ فَسَأَلَهُ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «كَيْفَ وَقَدْ قِيلَ». فَفَارَقَهَا عُقْبَةُ، وَنَكَحَتْ زَوْجًا غَيْرَهُ Uqba ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi Abu Ihob ibn Azizning qiziga uylandi. Shunda bir ayol kelib: «Men Uqbani ham, u uylangan(kelin)ni ham emizganman», dedi. Uqba unga: «Meni emizganingni bilmayman, menga buning xabarini bergan ham emassan», dedi. Keyin Madinada turgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ulovda borib, u zotdan so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qanday qilib? Aytilibdi-ku axir?!» dedilar. Shunday qilib, Uqba u bilan ajrashdi va u (qiz) boshqa erga nikohlandi». (“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy").
Imom Buxoriy Uqba ibn Horisdan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Bir ayol Uqba roziyallohu anhuga «Men seni ham, xotiningni ham emizganman», debdi. Shunda Uqba darhol ulovini minib, Makkadan Madinaga qarab yo‘lga chiqibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, bilmasdan, emikdosh singlisiga uylanib qo‘ygan, keyin esa emizgan shaxs xabar bergan odamning hukmi haqida so‘ragan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qanday gap?! Buning hukmi aytilgan-ku!» deb, ikkovlarini o‘sha zahoti ajratdilar. So‘ngra ayol boshqa erga tegdi». (“Hadis va Hayot” kitobidan).
"Kifoya" kitobida quyidagicha keladi: حُرِّمَتْ عَلَيْكُمْ أُمَّهَاتُكُمْ وَبَنَاتُكُمْ وَأَخَوَاتُكُمْ وَعَمَّاتُكُمْ وَخَالاَتُكُمْ وَبَنَاتُ الأَخِ وَبَنَاتُ الأُخْتِ وَأُمَّهَاتُكُمُ اللاَّتِي أَرْضَعْنَكُمْ وَأَخَوَاتُكُم مِّنَ الرَّضَاعَةِ وَأُمَّهَاتُ نِسَآئِكُمْ وَرَبَائِبُكُمُ اللاَّتِي فِي حُجُورِكُم مِّن نِّسَآئِكُمُ اللاَّتِي دَخَلْتُم بِهِنَّ فَإِن لَّمْ تَكُونُواْ دَخَلْتُم بِهِنَّ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ وَحَلاَئِلُ أَبْنَائِكُمُ الَّذِينَ مِنْ أَصْلاَبِكُمْ وَأَن تَجْمَعُواْ بَيْنَ الأُخْتَيْنِ إَلاَّ مَا قَدْ سَلَفَ إِنَّ اللّهَ كَانَ غَفُورًا رَّحِيمًا۝ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ النِّسَاء إِلاَّ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ كِتَابَ اللّهِ عَلَيْكُمْ Alloh taolo:
«Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, o‘zingiz qovushgan xotinlaringizning qaramog‘ingizdagi qizlari – agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo‘lsangiz, sizga gunoh yo‘q – va pushtingizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari hamda opa-singilni jamlamog‘ingiz harom qilindi. Magar avval o‘tgan bo‘lsa, mayli. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir. (Niso surasi, 23-24-oyatlar).
Islom shariati musulmon erkaklarga uylanishni harom qilgan toifalardan ba’zilari ushbu oyatda bayon qilingan.
Islom shariatida ulkan hikmatlarni e’tiborga olib, nasab aloqasi, emikdoshlik aloqasi va qudachilik aloqasi tufayli ma’lum toifa ayollarning nikohi ma’lum toifa erkaklarga harom qilingan. Shularning hammasi emikdoshlik orqali bo‘lganda ham.
«...emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz...»ning nikohi harom qilindi.
Bu jumlada emish orqali nikohi harom bo‘lgan ayollar zikr qilinmoqda. Oyati karimada faqat ikki toifa – emish tufayli aslga aylangan, ya’ni ona bo‘lganlar va ularning shoxobchalari bo‘lmish emikdosh opa-singillargina zikr qilinmoqda. Ya’ni nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emish tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi.
Bunday hukmlar ostiga kiradigan emish shuki, ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning onasidan boshqa sutli ayolni emishidir. Ana o‘shanda u ayol bolaning onasiga, ayolning eri esa otasiga, bolalari aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, boshqa qarindoshlar ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَحْرُمُ مِنَ الرَّضَاعَةِ مَا يَحْرُمُ مِنَ الْوِلَادَةِ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Tug‘ilish tufayli harom bo‘lganlar emizish tufayli ham harom bo‘ladi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Tug‘ishganlik, ya’ni nasab aloqasi bo‘yicha qaysi toifa ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emizish orqali, ya’ni birovning bolasini begona ayol emizishi tufayli sodir bo‘ladigan emikdoshlik yaqinligi tufayli ham o‘sha toifa ayollarning nikohi harom bo‘ladi.
Misol uchun, tuqqan onasining nikohi harom bo‘lganidek, emizgan onasining nikohi ham harom bo‘ladi. Tug‘ishgan singlisining nikohi harom bo‘lganidek, emikdosh singlisining nikohi ham harom bo‘ladi va hokazo. وَرُغِّبَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فيِ نِكَاحِ بِنْتِ عَمِّهِ حَمْزَةَ، فَقَالَ إِنَّهَا لَا تَحِلُّ لِي، إِنَّهَا ابْنَةُ أَخِي مِنَ الرَّضَاعَةِ، وَيَحْرُمُ مِنَ الرَّضَاعَةِ مَا يَحْرُمُ مِنَ الرَّحِمِ رَوَاهُ الشَّيْخَانِ «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga amakilari Hamzaning qizini nikohlab olish targ‘ib qilindi. Shunda u zot:
«U
(qiz) menga halol bo‘lmaydi, chunki u emikdosh akamning qizidir. Qarindoshlik tufayli harom bo‘lganlar emikdoshlik tufayli ham harom bo‘ladilar», dedilar».
Ikki shayx rivoyat qilishgan.
Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam yoshliklarida o‘z amakilari Hamza roziyallohu anhuni emizgan ayolni emgan edilar. Ular bir-birlari bilan emikdosh aka-uka edilar. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hamza roziyallohu anhuning qizlariga uylanishdan bosh tortdilar. Bu ish xuddi nasabiy akaning qiziga uylanishdek harom ekanini bayon etdilar. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:26 | Savol-javoblar | 180 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar