Mulk surasi

Assalomu alaykum! Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Qur’onda o‘ttiz oyatdan iborat bir sura bor. Kim uni o‘qisa, gunohlari kechirilgunicha shafoat qiladi. U Taborak surasidir”, deganlar (Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilgan)
1. Yuqoridagi hadisga muvofiq bo‘lishi uchun Mulk surasini oilada bir kishi o‘qib, qolganlar eshitsa bo‘ladimi? Yoki hamma o‘zi uchun o‘qishi shartmi?
2. Mulk surasini faqat uxlashdan oldin o‘qish kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Boshqalar ham yod ogunlarigacha bir kishi o‘qib, qolganlar eshitsa ham bo‘ladi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: ضَرَبَ بَعْضُ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم خِبَاءَهُ عَلَى قَبْرٍ وَهُوَ لَا يَعْلَمُ، فَإِذَا فِيهِ إِنْسَانٌ يَقْرَأُ سُورَةَ "تَبَارَكَ الَّذِي بِيَدِهِ الْمُلْكُ" حَتَّى خَتَمَهَا، فَأَتَى النَّبِيَّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، ضَرَبْتُ خِبَائِي عَلَى قَبْرٍ وَأَنَا لَا أَحْسِبُ أَنَّهُ قَبْرٌ، فَإِذَا فِيهِ إِنْسَانٌ يَقْرَأُ تَبَارَكَ حَتَّى خَتَمَهَا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: هِيَ الْمَانِعَةُ هِيَ الْمُنْجِيَةُ تُنَجِّيهِ مِنْ عَذَابِ الْقَبْرِ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biri bilmay o‘z kapasini bir qabrning ustiga qurdi. Bir payt uning ichida bir inson «Tabarokallazi biyadihil Mulk»ni oxirigacha qiroat qildi. Bas, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Kapamni bir qabrning ustiga qurdim. Uning qabr ekanini bilmagan edim. Birdan uning ichida bir inson «Tabarokallazi biyadihil Mulk»ni oxirgacha qiroat qildi», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U man qiluvchi va najot beruvchidir, qabr azobidan najot beradi», dedilar». Sharh: Shuning uchun bu sura «Saqlovchi» va «Najot beruvchi» deb ham ataladi, chunki u bandalarni katta azobdan saqlaydi. Ushbu surani qabr ichidagi odam o‘qiganidan keyin uning sirtidagi tiriklarning o‘qishlari  foydali bo‘lishi turgan gap. Boshqa bir hadisi sharifda esa: «Mayit qabrga qo‘yilgandan so‘ng (azob farishtalari) oyoqlari tarafdan kelsalar, oyoqlar: «Sizning buning oldiga kelishingizga yo‘l yo‘q, chunki u biz bilan turib, kechasidagi namozda «Mulk» surasini o‘qir edi», derlar. Agar bosh tarafdan kelsalar, tili: «Sizning buning oldiga kelishingizga yo‘l yo‘q. Chunki u men bilan «Mulk» surasini o‘qirdi», deydi», deyilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Mulk» surasi har bir mo‘minning qalbida bo‘lishini xohlardim», deganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). 2). Asli har kechada o‘qish. Yotishdan oldin o‘qilsa sunnatga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:27 | Savol-javoblar | 321 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar