Kreditga savdo qiladigan do‘konlar uchun dastur yaratish

Assalomu alaykum! Men dasturchiman. Menga hozir bitta do‘konlar tarmog‘ining dasturini yaratish topshirilgan. Bu dastur orqali do‘kondagi barcha harakatlar nazorat qilib boriladi. Mahsulot kirim bo‘lishi va sotilishi, omborda qancha mahsulot qolganligi, oylik va yillik foydalar hisoboti, ishchilarning sotgan mahsulotlari hisoboti va hakazo. Bu do‘konda mahsulotlari kreditga ham sotilar ekan. Mendan dasturga o‘sha kreditga sotiladigan mahsulotlarning sotilishi va undan kelgan foydalarni hisoblaydigan imkoniyatni ham qo‘shib berishimni so‘rashyabdi. Men ushbu dasturni yaratib berib pul ishlashim halolmi? Agarda bu ish halol hisoblanmasa men buyurtmachidan dasturning kreditga oid bo‘limlarining pullarni olmasam ish haqqimning qolgan qismi menga halol hisoblanadimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Islomda, “Dinda yaxshilikda hamkor bo‘linglar, yomonlik va gunohda hamkor bo‘lmanglar” degan qoida aytilgan. O‘zingiz shunga solib ko‘ring. Ishlab chiqariladigan narsalar uch turga bo‘linadi. Faqat gunoh uchun ishlab chiqariladiganlar, faqat yaxshilik uchun ishlab chiqariladiganlar va umumiy maqsadda ishlab chiqariladiganlar. Ammo kimdir ularni yaxshi maqsadda va kimdir uni yomon maqsadda ishlatadi. Masalan oddiy pichoq. Kimdir undan oshxonalarda yaxshi ishlarga foydalanadi. Kimdir u bilan jinoyat sodir qiladi. Hozirgi kundagi telefon, radio, internet kabilar ham xuddi shunday. Sizni narsangizni ham kimlardir yaxshi maqsadda va kimlardir yomon maqsadda ham foydalanadigan bo‘lib, yuqoridagiga tushsa qilish joiz. Yomon maqsadda foydalanishini ochiq-oydin aytsa unga bu narsani qilib berishingiz joiz emas. Bu xuddi bilib turib qotilga pichoq yasab bergandek bo‘ladi. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 14:04 | Savol-javoblar | 133 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar