Marhumning qarzi soqit bo‘lishi

Assalomu alaykum! Qarz olgan kishi vafot etib qolsa va uning bo‘ynidagi qarzini uning opasining o‘g‘li o‘z bo‘yniga olib o‘zidan to‘lasa marhumning qarzi soqit bo‘ladimi yoki marhumning do‘konlarini mashinasini sotib to‘lashi kerakmi? Lekin marhumning uyida sag‘ir(etim) ham bor.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Biror inson vafot topsa, kafan va qabrdan oshgan molni avvalo qarzlarga to‘lanadi. Biror inson birovning qarzini bo‘yniga olib qo‘yishning o‘zi bilan mayyitdan qarz soqit bo‘lmaydi. Bo‘yniga olgan va’dasida turib qarzni uzsin yoki mayyitning molidan uzilishi shart bo‘ladi. Ba’zi kishilar aytganidek kimdir bo‘yniga olish bilan mayyit qarzdan qutilib qolmaydi. Qachon uzsa keyin qutiladi. Uzmasa, mayyit jannatiy bo‘lgandayam jannatga kirolmay turadi. Bo‘yniga olgan uzmasa merosxo‘rlari uzishi shart. Shuning uchun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘yniga olgan sahobiydan bir necha bor uzdingmi deb so‘raganlar. وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ  Nasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi, xolos. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 14:37 | Savol-javoblar | 168 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar