Xajga borganda gunohlar butunlay yuvuladimi?

Assalomu alaykum! Bilmay katta kichik gunoh qilamiz va unga doim tavba qilib yuraman. Bilib bilmay qilgan gunohlarim uchun astag‘firullohni ko‘p aytaman. Nazarimda etmayatkandek bo‘ladi. Qur’on o‘qiyotkan payitimda juda ham engil bo‘lib xuddi Alloh meni kechirgandek xis qilaman, duo qilyatkanimda ham. Shu payitkacha nima duo qilib so‘ragan bo‘lsam beryapti. Lekin oldin qilgan gunohlarimdan Allohni oldida uyalyapman. Alloh chaqirsa xajga borsa gunohlari butkul yuviladi degan gapni eshitkan edim. Shu to‘g‘rimi? Xajga Alloh uchun, Uning roziligi uchun boriladi. Shunda gunohlardan xam xalos bo‘lib, yangi tug‘ulgan chaqaloqdek begunoh bo‘ladimi? Oldin qilgan gunohlarim ichimni eb bitiryapti xar namozimda tavba qilaman. Shu xajga borsa gunohini kechiradimi Allloh degan savolga qiynaydi. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu shaytonning vasvasasi. Siz astoydil tavba qiling va hayotingizni davom ettiring. Gunohga tavba qilgandan keyin esga tushsa istig‘for aytish kerak. Astoydil tavba qilgandan keyin ezilaverish kerakmas. Bu Alloh taoloning G‘affor sifatini mensimaslikka kiradi. Inson chin dildan bir bora tavba qilsa, albatta Alloh taolo uning gunohini kechiradi. Chunki Qur’oni Karim va hadis shariflarda, tavba qiluvchining gunohi kechirilishi haqida Alloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va’da berganlar. Alloh taolo va’dasiga xilof qiluvchi Zot emas. Chin dildan tavba qilgandan keyin gunohini eslab ezilaverish Alloh taoloning “G‘affor” ya’ni o‘ta mag‘firatli ekanligini qadrlamaslik bo‘ladi. Siz ulug‘ bir insonning oyog‘ini bosib olsangiz va chin dildan, samimiy kechirim so‘rasangiz, u kishi kechirishini aytsa, siz yana qayta-qayta kechirim so‘raverishingiz u kishining o‘ta kechirimsiz, ginachi va pastkashga chiqargan bo‘lasiz. Qolaversa shayton Odam alayhissalomga dushman bo‘ldi va qiyomatgacha keladigan farzandlaridan qasos olishga qasam ichdi.
Alloh taolo “Sod” 82-83-oyatlarida marhamat qiladi :  قَالَ فَبِعِزَّتِكَ لَأُغْوِيَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ۝  إِلَّا عِبَادَكَ مِنْهُمُ الْمُخْلَصِينَ۝ 82. U: «Sening izzating ila qasamki, men ularning barchasini yo‘ldan ozdirajakman.
83. Ulardan tanlangan bandalaringgina mustasno», – dedi.
Iblis Alloh taoloning izzati ila qasam ichib, Odam bolalarini qiyomat kunigacha ig‘vo qilishni qasd etdi. Shu bilan birga, Allohga ixlos qilgan, Alloh taolo tanlab olgan bandalarga ig‘vosi ta’sir qilmasligini ham aytib qo‘ydi. Insonni shaytonning ig‘vosidan saqlovchi qalqon uning Allohga ixlos bilan ibodat qilishidir. Allohga ixlos bilan ibodat qilmaganlar esa iblisning ig‘vosiga uchrashi turgan gap. Iblisning ig‘vosiga uchganlarning oqibatini Alloh taolo o‘sha paytdayoq e’lon qilib qo‘ygan. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Shaytonning tabiati xuddi jirkanch bir kishiga siz tarafingizdan bir xatolik o‘tsa, u hadeb sizni aybingizni yuzingizga solib, ezib tushkunlikka tushirgani kabidir. Siz bunga hech parvo qilmang. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 22:40 | Savol-javoblar | 167 | Haj va umra
|
Boshqa savol-javoblar