choy shamasi haqida

Xalq orasida "choy shamasini har joyga tashlab bo‘lmaydi, u dunyoda savol javobi qiyin bo‘ladi", "piyoz pustida allohning ismi bor, uni axlatga tashlash yoki yoqish mumkin emas", "Anjir daraxtining shoxlarini yoqish mumkin emas"degan gaplar  bor. Bu narsalar haqida manbalarda nima deyilgan? Javobingiz uchun oldindan rahmat!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
 - Bu haqida manbalarda hech narsa deyilmagan. Bu va bunga o‘xshash gaplarni dindan, ilmdan, ma’rifatda, hayotdagi ahamiyatli narsalardan bexabar odamlar to‘qib chiqarganlar. Shu bilan mo‘minlarni ovora qilishga hissa qo‘shganlar. Hayot uchun, bu dunyo va oxiratning saodati uchun mo‘minlarning harakat qilishlariga to‘siq bo‘lganlar. Boshqa millatlar etishtirgan narsalarni eb, ichib, foyda olib o‘zlari hech narsa qilishni o‘ylamay yurishlariga undash uchun to‘qib chiqarganlar. Boshqalar hamma tarafdan ilg‘or bo‘lib, ixtirolar qilib dunyo boshqarib borishayotgan bir vaqtda biz choyning shamasi, piyozning po‘stlog‘i va anjirning shoxini nima qilish kerakligini so‘rab, vaqt, imkon, zehn, kompter, internet va javob beruvchining asabini isrof qilib yuraversak hozirgidan ham battar holga tushib qolishimiz turgan gap. Nahotki, hayotda bu kabi narsalardan boshqasi bo‘lmasa? ! Din va diyonat, hayot va saodat, ilm ma’rifat, inson hayotini go‘zal qilish uchun, ikki dunyo saodatini taqdim qilish uchun yuborilgan Islom diniga mansub kishilarda bu kabi savollarning bo‘lishi aybdir, uyatdir, or-nomusdir!  

21 Aprel 2022, 16:37 | Savol-javoblar | 215 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar