Zino qilib yuradigan odam nomoz o‘qimagani yaxshimi

Assalomu alaykum! Afsuski shunday odamlar borki nomoz o‘qib zino qilib yuradi. Men undan ko‘ra nomoz o‘qimagani yaxshi deb eshitganman. Afsuski shunday tanishlarim ham bor, ularni bu yuldan qaytara olmadim, savolim shuki bunday odamlar nomoz o‘qigani afzalmi yoki o‘qimagani?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz eshitgan gap noto‘g‘ri. Ular nima gunoh qilsalar ham namozlarida bardavom bo‘lib turishlari kerak. Namozlarining ruknlari to‘g‘ri bo‘lsa o‘qigan namozlari zimmalaridan ado bo‘ladi. Agar tavba qilmasdan vafot etsa qilgan gunohlarini javobini ham berishadi. Siz eshitgandek gunohni ham qilsa namozni ham o‘qimasa bu ikki karra shiddatli azob degani. Hech bo‘lmasa namozlarda bardavom bo‘lib tursa asta sekin Allohning hidoyati bilan bu ishlarini tashlashadi. Alloh taolo "Ankabut" surasida marhamat qiladi:  اتْلُ مَا أُوحِيَ إِلَيْكَ مِنَ الْكِتَابِ وَأَقِمِ الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاء وَالْمُنكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ۝ 45. Senga Kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil va namozni to‘kis ado et, albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri ulug‘dir. Alloh nima qilayotganingizni bilur.
«Ey Payg‘ambar,
«Senga Kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil…»
Qur’onni tilovat qilib, kishilarga etkazish Islom da’vatining asosiy omilidir. Ushbu ilohiy Kitob ma’nolarini kishilarga etkazish, uning ta’limotlariga amal qilishga chaqirish da’vatchining asosiy ishi bo‘lmog‘i lozim.
«...va namozni to‘kis ado et…»
Biz «namozni to‘kis ado et» deb tarjima qilgan jumlani to‘g‘ridan-to‘g‘ri, so‘zma-so‘z o‘zbekchaga o‘giradigan bo‘lsak, «Namozni tik turg‘iz» bo‘lib chiqadi. Demak, namozni o‘qish bilan namozni tik turg‘izish, ya’ni to‘kis ado etish orasida farq bor. Alloh taolo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga «Namoz o‘qi», deb emas, «Namozni to‘kis ado et», deb xitob qilmoqda. Ha, to‘kis ado qilinganda,
«…albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur».
Mana shu nuqtadan kimning namozi haqiqiy, kimniki soxta ekanini bilib olamiz. Namozni hamma ham o‘qiyveradi, lekin namozxon fahsh va munkar ishlardan qaytmasa, uning o‘qigan namozi haqiqiy bo‘lmaydi. Qachonki namozxon namozni to‘kis ado qilsa, fahsh va munkar ishlardan qaytadi.
Imom ibn Jarir Tobariy Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir namoz o‘qisa-yu, namozi uni fahsh va munkar ishlardan qaytarmasa, u kishining o‘z namozi ila Allohdan uzoq bo‘lishi ziyoda bo‘ladi, xolos», – deganlar.
Chunki namoz Allohning zikridir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 10:07 | Savol-javoblar | 208 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar