Kundalik vird

Assalomu alaykum! Ayrim tasavvuf kitoblarida 100 marta La ilaha illalloh deb aytish buyurilgan, ayrimlarida esa 100 marta La ilaha illallohu Muhammadur rosullulloh deb aytish buyurilgan. Biz qaysisini aytganimiz yaxshi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Tolibi ilmlarga Qur’onni yodlatishda turli uslublardan foylalaniladi. O‘quvchining layoqatiga qarab, kimlardir har oyatni 100tadan takrorlaydi, kimlardir 5 qatorni 100tadan o‘qib, keyingi 5 qatorni o‘qishga o‘tadi va hokazo. Maqsad natijaga oson va tez etishdir. Bu uslublar hech qachon bir xil holatda davom etmaydi. Ya’ni kimlargadir qaysi usul, yana kimlargadir boshqasi manfaatliroq. Arablarning o‘z yodlatish uslublari bo‘lsa, ajamlarniki o‘zlariga xos. Shuningdek birinchi yodlashda alohida usul bo‘lsa, bir qator tugatganidan keyin esa yana boshqa usul qo‘laniladi. Ruhiy tarbiya fani ham qiroat kabi bir fan bo‘lib, uning ham tajribadan o‘tgan o‘z usullari va vazifalari bor. Shuni doimo yodda tutish kerakki, u vazifa va usullar asliy maqsad emas. Balki asl maqsad nafsni poklash, Qur’oni karimni qalbga mustahkam joylash kabi zikrlarni ham qalbga joylash va uni amalga oshirishni odatga aylantirishdir. Kim vazifalarni asl maqsad deb olsa, u xato qilib, natijasiz qoladi. Qur’oni karimni ustozsiz yodlash mumkin bo‘lmaganidek (ba’zilar bundan mustasno) ruhiy tarbiyada ham ustoz va uning tajribalarisiz maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ustozimiz rahimahullohni o‘zingizga ustoz tutgan bo‘lsangiz, u kishi “Tasavvuf haqida tasavvur” kitoblarida necha adad aytish kerakligini aytgan bo‘lsalar o‘shancha marta ayting. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:50 | Savol-javoblar | 163 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar