Ro‘za aslida bir kunmi

Assalomu alaykum! Bir odam bunday gapirib qoldi, uning aytishicha aslida ro‘za bir kun tutularkan, qaysi kunligini xech kim bilmas ekan, bilmagani uchun musulmonlar 30 kun tutaykanlar, o‘sha 30 kun ichida bir kun ro‘za kuni bo‘larkan, ro‘za kuni qaysi ekanini faqat yaxudiylar bilar ekan va xech kimga aytmas ekanmish. Shu gap qanchalik xaqiqatga yaqin? Man ishonmadim va so‘rashga qaror qildim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘sha odam islomga tuhmat qilibdi. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:   أَيَّامًا مَّعْدُودَاتٍ فَمَن كَانَ مِنكُم مَّرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِّنْ أَيَّامٍ أُخَرَ وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ فَمَن تَطَوَّعَ خَيْرًا فَهُوَ خَيْرٌ لَّهُ وَأَن تَصُومُواْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ۝184. Sanoqli kunlarda. Sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan. Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomicha fidya bordir. Kim yaxshilikni o‘z ixtiyori ila qilsa, bu o‘zi uchun yaxshidir. Agar bilsangiz, ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir.
Ya’ni ro‘za farz qilingan kunlar «sanoqli kunlar»dir. Ro‘za tutishning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Shuning uchun Alloh taolo bemorlik va musofirlik tufayli bir oz qiyinchilikda turgan bandalariga mashaqqat ustiga mashaqqat bo‘lmasin deb, engillik berdi:
«Sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan».
Ya’ni bemor tuzalgandan so‘ng, musofir safardan qaytgandan so‘ng necha kunni tutmagan bo‘lsa, o‘shancha kun qazo ro‘za tutadi. Ulamolarimiz bemorlar safiga homilador va emizadigan ayollarni ham qo‘shganlar. Homilador ayol necha kun ro‘za tutmagan bo‘lsa, tuqqanidan keyin shuncha kun qazo ro‘za tutadi. Emizadigan ayol ham bolasini ko‘krakdan ajratganidan so‘ng qazo ro‘za tutadi.
«Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomicha fidya bordir».
Ya’ni yoshlari ulug‘ bo‘lib, ro‘za tutishga yaramay qolgan kishilar tutilmagan har bir kunlik ro‘za o‘rniga bir miskinni to‘ydiradilar. Bu esa o‘zi yashab turgan diyorning o‘rtacha taomi hisobida bo‘ladi. Buni «fidya berish» deyiladi.
Ulamolarimiz ushbu toifaga tuzalmaydigan, surunkali kasali bor kishilarni ham qo‘shganlar. Ularning kasallari ro‘za tutishga qo‘ymaydi. Qazosini tutadi, deyilsa, tuzalishlaridan umid yo‘q.
«Kim yaxshilikni o‘z ixtiyori ila qilsa, bu o‘zi uchun yaxshidir».
Kim savobni ko‘proq olaman, deb bir kishiga emas, ikki-uch kishiga yoki o‘rtacha emas, oliy darajadagi taomlarni bersa, o‘zi uchun yaxshidir.
«Agar bilsangiz, ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir».
Boshqa ibodatlar kabi, ro‘za ham, avvalo, bu ibodatni ado etuvchi shaxslarga yaxshilik keltiradi. Jannatga kirish, oliy maqomlarga erishish, irodaning kuchli bo‘lishi, rahm-shafqat sifatining kuchayishi, taqvo hissining uyg‘onishi, sog‘lik va salomatlik hamda boshqa ko‘plab biz bilgan-bilmagan yaxshiliklarga ro‘za tutish orqali erishiladi.
Kelgusi oyatda yuqorida zikr qilingan «sanoqli kunlar»ning vaqti tayin qilinadi va o‘sha vaqtning fazli hamda ro‘zaning boshqa hukmlari bayon etiladi. شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ وَمَن كَانَ مَرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِّنْ أَيَّامٍ أُخَرَ يُرِيدُ اللّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلاَ يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُواْ الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ اللّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ۝185. Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan. Sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Va sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan. Alloh sizlarga osonlikni iroda qiladi va sizlarga qiyinlikni iroda qilmaydi. Sanoqni mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsangiz.
Avvalgi oyatda ro‘za «sanoqli kunlar» farz qilingani aytilgan edi, bu oyatda o‘sha «sanoqli kunlar «Ramazon oyi» ekani bayon qilinyapti. Ayni chog‘da, Ramazon oyining fazli ham zikr etilyapti.
«Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan».
Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar, ulug‘ ulamolarning so‘zlari, madhlar, she’rlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqdagi ta’riflarning gultojisi Robbil Olaminning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu madh turli oyatlarda kelgan. Ushbu oyatdagi ta’rif Ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidadir. Ya’ni:
«...unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan».
Alloh taolo O‘zining abadiy mo‘’jizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat bo‘ladigan kitobi – Qur’oni Karimni nozil qilish vaqti qilib Ramazoni sharif oyini ixtiyor qilganining o‘zi bu oyning fazilatini yuksakka ko‘targan. Endi esa nur ustiga nur, fazilat ustiga fazilat qo‘shib, ro‘za ibodatini ham shu Ramazon oyida tutishni farz qilmoqda.
«Sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin».
Kim ushbu Ramazon oyiga sog‘-salomat etsa, Ramazonning yangi oyi shohidi bo‘lsa yoki Ramazon oyi boshlanganining xabari unga etsa, ro‘zasini tutsin. Bu farmon umumiydir, lekin odamlarda «Yangi, umumiy farmon bo‘ldi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, hamma ro‘za tutishi farz ekan» degan fikr paydo bo‘lmasin uchun ushbu hukmdan istisno qilinganlar yana bir bor zikr etilmoqda:
«Va sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan».
So‘ngra ro‘za tutish farziga muhabbatni oshirish uchun:
«Alloh sizlarga osonlikni iroda qiladi va sizlarga qiyinlikni iroda qilmaydi», – deydi.
Doimo bandalarga engillikni xohlash va ularni og‘ir mashaqqatli taklif ostida qoldirmaslik Islom dinining asosiy va ulkan qoidasidir. Islom shariati osonlikka bino qilingan. Nabiy alayhissalom sahobalardan Mu’oz ibn Jabal va Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhumolarni Yamanga yuborayotib, «Bashoratli so‘zlar aytinglar, nafrat qo‘zg‘atadiganini aytmanglar, engillashtiringlar, qiyinlashtirmanglar», – deganlar.
Ushbu ro‘za tutish ibodatida ham Alloh taolo engillik yo‘lini tutganini eslatmoqda. «Ro‘za tutish hammaga farz», desa, Allohning haqqi bor, hech kim e’tiroz bildira olmaydi. Ammo U mehribon Zot «Bemor va musofirlar o‘z vaqtida tutmasalar mayli, keyin tutib beradilar», – dedi. Shuningdek, muddatni bir oy emas, ikki, uch, balki undan ham ko‘proq oylarni farz qilsa bo‘lardi. Bir oynigina farz qilishi ham engillikdandir. Alloh taolo amr qilgan ibodatni so‘zsiz bajarish har bir bandaning burchidir. «Nima uchun? Foydasi bormi? Bo‘lsa, nimada?» kabi savollarni berishga hech kimning haqqi yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham, ba’zan iymon quvvatlanishi uchun, ilohiy farmonlarning mo‘’jizakorligini tasdiqlash uchun ba’zi ma’lumotlar zikr qilinadi. Qur’on, Islom, ro‘za kabi haqiqatlardan bexabar yoki xabardor bo‘lsa ham, bu haqiqatlarni qaysarlik ila tan olmay kelayotgan hatto g‘ayridin tib olimlari ham uzoq ilmiy izlanishlari, tajribalari davomida dinimiz buyurgan amallarning inson hayoti uchun naqadar foyda ekanini bilvosita tasdiqlamoqdalar. Jumladan, ular har bir inson sog‘-salomat bo‘lishi uchun bir yilda hech bo‘lmasa, bir oy ixtiyoriy och qolishi kerak, degan xulosaga keldilar.
Uzr sababli ro‘za tuta olmaganlar ajru savobdan bebahra qolmasinlar deb, Alloh taolo ro‘zaning qazosini tutishni joriy qildi. Ro‘za tutish ibodati Allohni ulug‘lash, unga shukr keltirishga arziydigan ibodatdir.
«Sanoqni mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsangiz».
Ha, Islomdagi ibodatlarni farz qilib, bandalik burchini ado etishga, gunohlarni yuvishga, ajr-savob olishga sharoit yaratib bergan Alloh taoloni tinmay ulug‘lab, unga doimo shukr qilish kerak. Har bir farz ibodat bandada Alloh boshlagan hidoyatning qadriga etish hissini kuchaytirishi kerak. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 17:37 | Savol-javoblar | 165 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar