Ribodan qaytarish

Assalomu alaykum! Ota o‘g‘lining qarz olib tadbirkorlik qilishidan norozi, chunki o‘g‘il qarz ustiga qarz olib ish qilyapti, orasida foizga olingan qarzlar ham ko‘p, ammo ishi 5 yillardan beri aytarlik foyda bermagan, aksincha qarzi ko‘payyapti, yana buni Allohning bir hikmati bo‘lsa kerak deb yaxshilikni umid qilyapti, ayoli Alloh qaytargan ishni qilib yana Allohning hikmati demang, ishlaringizni shariatdagi hukmini o‘rganing, riboni aralashtirmang, bunda baraka bo‘lmaydi deyapti ammo hech kimga quloq solmayapti, diplomi bor, ammo davlat ishida ishlashni xoxlamaydi. Shayximizning "Ijtimoiy odoblar" nomli kitoblarida bir ishga uch marta urinib ham foyda ko‘rmasa u ishni tashlasa bo‘ladi, (manimcha shunday edi) deb yozilgan ekan, ustozlar iltimos bizga nasihat qilsangiz, bu masalaning hukmi nima?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Allohning qaytargan ishini qilib hech kim baraka topmaydi. Topganlar bo‘lsa ular istidrojda bo‘ladilar. Alloh taolo "A’rof" surasida marhamat qiladi:فَلَمَّا نَسُواْ مَا ذُكِّرُواْ بِهِ فَتَحْنَا عَلَيْهِمْ أَبْوَابَ كُلِّ شَيْءٍ حَتَّى إِذَا فَرِحُواْ بِمَا أُوتُواْ أَخَذْنَاهُم بَغْتَةً فَإِذَا هُم مُّبْلِسُونَ۝44. Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik. Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar.
Bunday muomalaga «istidroj» – bildirmasdan, darajama-daraja olish deyiladi. Alloh ogohlantirish maqsadida avval balo-ofatga duchor qilgan edi, tazarru qilmadi, kufrda davom etdi. Balo-ofat ta’sir qilmaydigan qalb tosh qotgan, yaxshilik umid qilib bo‘lmaydigan qalbdir. Undan endi iymon ham, biror-bir yaxshilik ham kutib bo‘lmaydi. Alloh O‘zi hikoya qilayotgan avvalgi ummatlardan shunday qattiq qalblilarini bir muddat tek qo‘yib qo‘ygan. Ular boshidan o‘tgan musibatlarni va:
«Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik», – deydi.
Ya’ni ular istaganlaridan ham ortiq nozu ne’matlarga ko‘mib tashlanganlar. Bu dunyoning matohlari ularga seldek oqib kelgan. Albatta, ular bu narsalarga cheksiz xursand bo‘lganlar. Ammo iymonsiz, tazarrusiz kelgan nozu ne’mat yaxshilikka olib bormasligi turgan gap. Aslida iymonli, tazarruli va taqvolilarga nozu ne’matlar, farovon turmush berilishi lozim. Alloh taoloning va’dasi shu. Ammo bu narsalar kofir-mushriklarga berilsa, xususan, hamma narsaning eshigi ochib qo‘yilsa, orqasida boshqa gapi bo‘ladi. Nozu ne’matga ko‘milgan kofirlar g‘ururga ketib, yana ham ko‘proq isyonga, gunohkorlikka o‘zlarini uradilar. Ammo haqiqiy hikmat keyin paydo bo‘ladi:
«O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik».
Bunday bo‘lishini xayollariga ham keltirmagan edilar. Ularni birdaniga Allohning azobi tutdi.
«Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar».
Endi tavba-tazarru qilishga imkon qolmadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).  Vallohu a’lam!

9 May 2022, 02:12 | Savol-javoblar | 147 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar