Qur’on o‘qib tilanchilik qilish

Assalomu alaykum! Bir kun tramvayda ketyotganimda bir yigit chiqdi va "Ihlos" surasini o‘qib odamlardan pul yig‘ib chiqdi. Keyin unga Qur’onni pulga sotish yaxshi emasligini, qilayotgan ishi to‘g‘rimasligini aytib sal qattiqroq gapirdim. U onasi kassalligini, pul kerakligini aytib, tushunishni istamadi va mendan ranjidi. Ko‘rinishi zabardastligi uchun unga boshqa ish qilib pul topishligini aytdim. Sal o‘tib shuni yumshoqroq tushuntirsam bo‘lardiku deb o‘ylab, noto‘g‘ri qilganimni tushundim. Shu vaziyatga o‘z munosabatingizni bildirsangiz, iltimos. Bunday pul topish joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Avvalo bu erda biz o‘z munosabatimizni bildirmaymiz, balki shariatdagi ahkomlarni Alloh qodir qilganicha bayon qilishga harakat qilamiz. Shariatda bu qilyapgan ishi durust emas. Yaxshi gumon qilamiz, muhtojligi tufayli bo‘lsa ham tilanchilik qilishi kerak emas. Siz mulohaza qilganingiz kabi kuch-quvvati, salomatligi joyida bo‘lsa, halol mehnat qilib pul topishi zarur. Hadisi sharifda shunday deyilgan:وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لأَنْ يَحْتَطِبَ أَحَدُكُمْ حُزْمَةً عَلَى ظَهْرِهِ خَيْرٌ لَهُ مِنْ أَنْ يَسْأَلَ أَحَدًا فَيُعْطِيَهُ أَوْ يَمْنَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ أَبَا دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, sizlardan biringizning bir bog‘ o‘tin terib orqalab kelishi birovdan so‘rashi, unga berish yoki man qilishdan yaxshidir», dedilar». 

Beshovlaridan Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadisi sharifda o‘z mehnati bilan kasb qilib, rizqiro‘z talab qilish katta fazilat ekani bayon etilmoqda. Birovdan bir narsa so‘rasa, u o‘sha so‘ralgan narsani bermasa uyat, bersa minnat bo‘ladi. Ammo o‘tin terib sotib, kun ko‘rish – birovga yuzini sarg‘aytirmay o‘zining halol mehnati bilan ro‘zg‘or tebratish sharaf bo‘ladi.
Islom dini musulmonlarni ayni ana shu ruhda tarbiya qiladi. (“Hadis va hayot” kitobidan”)
O‘zingizning muomalangiz haqida ham to‘g‘ri mulohaza qilibsiz. Musulmon kishi har qanday vaziyatda ham go‘zal xulqli va xushmuomala bo‘lishi kerak. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 02:42 | Savol-javoblar | 186 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar