Ramazon oyidan avval ro‘za tutish

Assalomu alaykum! Uztozlar, oylarning sultoni Ramazonga ham oz qoldi. Allohdan savob umidida ramazondan 2-3 kun avval ro‘za tutish mumkunmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تَقَدَّمُوا رَمَضَانَ بِصَوْمِ يَوْمٍ وَلَا يَوْمَيْنِ، إِلَّا رَجُلٌ كَانَ يَصُومُ صَوْمًا فَلْيَصُمْهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَلِأَصْحَابِ السُّنَنِ: إِذَا انْتَصَفَ شَعْبَانُ فَلَا تَصُومُواAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon oldidan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmanglar. Magar bir kishi biror ro‘za tutib yurgan bo‘lsa, o‘shani tutsin», dedilar».Beshovlari rivoyat qilganlar.«Sunan» egalarining rivoyatida: «Sha’bon yarmiga etganda, ro‘za tutmanglar», deyilgan. Sharh: Ahli kitob bo‘lmish kofir qavmlar o‘zlariga farz qilingan ro‘zaning qaysi kun boshlanishiga shubha qilib, bir-ikki kun oldin tutishar, oqibatda nafl ibodat bilan farz ibodatni aralashtirib yuborishar edi. Islomda esa ikkilanishga, nafl va farzlarni aralashtirib yuborishga ruxsat yo‘q. Musulmonlar har bir ibodatni jazm bilan, azmu qaror bilan naflni nafl o‘rnida, farzni farz o‘rnida ado etishlari lozim. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirishidan oldin bir-ikki kun qolganda ro‘za tutishdan qaytarganlar. Ammo bir odam ma’lum kunlarda, misol uchun, dushanba va payshanba kunlarda nafl ro‘za tutib yurishga odatlangan bo‘lsa-yu, o‘sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, tutsa bo‘laveradi. Shuningdek, ba’zi bir kishilar nazr ro‘za niyat qilib qo‘ygan bo‘lsalar-u, o‘sha nazr ro‘zani tutishlari Ramazondan bir-ikki kun oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, ular ham tutsalar bo‘laveradi. Yuqorida zikr etilgan sabablarga hamda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Sha’bon yarmiga etganda, ro‘za tutmanglar», degan hadislariga binoan, Sha’bon oyining o‘n oltinchi kunidan boshlab, to Ramazoni sharif kirguncha nafl ro‘za tutish makruh bo‘ladi. Ushbu tafsilotlarni yaxshi tushunmaslik oqibatida Odamlar ichida Sha’bon oyida ro‘za tutib bo‘lmas ekan, degan tushuncha yuzaga kelgan. Aslida esa gap Sha’bon oyining ikkinchi yarmida ekanligini bilib oldik. Sha’bon oyining avvalida ro‘za tutish masalasini esa kelgusi hadislarni o‘rganish jarayonida bilib olamiz, inshaalloh. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 08:34 | Savol-javoblar | 153 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar