Iblis farishta bo‘lganmi?

Assalamu alaykum va rahmatullohi va barakatuh Shayx hazratlari!Quyidagi savol paydo bo‘lib qoldi, uni sizga berishga ijozat bergaysiz:57-Masala. Iblis alayhi la’nah Allohga ibodat qilgan paytda Alloh va farishtalarning nazdida mo‘’min bo‘lgani haqida.Iblisning taqdirida baxtsiz bo‘lish yozilgan ekan. Hayotining avvalida toatkor bo‘lgani uchun mo‘’min edi. Vaqt-soati etib, Odam (a.s.)ga sajda qilmagani uchun taqdiridagi yozuv amalga oshib, kofirga aylandi.«Bas, farishtalarning barchalari jam bo‘lib, (Odam uchun) sajda qildilar. Faqat Iblisgina kibrlanib, kofirlardan bo‘ldi». (Sod surasi 73-74-oyatlar).Manba: MUHAMMAD ZOHID QO‘TQU IBN IBROHIM AL-BURSAVIYAHLI SUNNAT VAL-JAMOAT AQOIDIMutarjim Mirzo KENJABEKBir ma’ruzada eshitgandim, Shayton (Iblis) ham avval Azozil ismli farishtalar ustozi bulgan deyilgandi. Bir kuni farishtalar bizning oramizda Allohga osiy bo‘lib qoladiganimiz chiqarkan, bizlarni unday bo‘lib qolmasligimizni duo qiling deganda, Azozil mendan duo so‘rashmoqdaku deb, kibrga ketib, bularni osiy bo‘lib qolishdan asragin deb Allohdan so‘raganda, tug‘yonga ketgan ekan. Ma’lumki, farishtalar nurdan yaratilgan, shayton esa olovdan. Bundan kelib chiqib, qanday qilib shayton farishtalarga ustoz bo‘lgan yoki Alloh O‘z ilm sifati bilan uning kofir bulishini bilib olovdan yaratganmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ko‘pchilik ulamolar Azoziyl haqidagi rivoyatlarni Bani Isroilning to‘qimalaridan deyishadi.Alloh taolo “Kahf” surasida mahamat qiladi:«Farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar», deganimizni esla. Bas, o‘shanda ular sajda qildilar. Magar iblis qilmadi. U jindan bo‘lgan edi. U o‘z Robbining amridan chiqdi. Endi sizlar Meni qo‘yib uni va uning zurriyotlarini do‘st qilib olasizlarmi?! Holbuki, u sizlarga dushman-ku! U, zolimlar uchun naqadar yomon badaldir».Kofiru mushriklar – jinoyatchilar isyonlari bilan aslida kimga ergashayotganlarini biladilarmi? Bu savolga javob berish uchun Alloh taologa nisbatan qilingan birinchi isyonni eslash kerak. Birinchi isyon qachon va kim tarafidan sodir bo‘lganini bilish uchun esa:«Farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar», deganimizni esla».Bu o‘sha mashhur qissaga ishora. Alloh taolo Odam Atoni tuproqdan O‘z qudrati bilan yaratib, unga jon kirgizganidan so‘ng, farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi.«Bas, o‘shanda ular sajda qildilar.»Farishtalar Allohning amriga bo‘ysunib, odamga sajda qildilar. Uni izzat-ikrom etdilar.«Magar iblis qilmadi.»Iblis Odamga sajda qilmadi.«U jindan bo‘lgan edi.»Demak, iblisning asli jindir. Ba’zilar gumon qilganidek, farishtadan emas.«U o‘z Robbining amridan chiqdi.»Robbi unga Odamga sajda etishni buyurdi, u amrga bo‘ysunmadi— odamga sajda qilmadi. Natijada, Allohning la’natiga uchradi.«Endi sizlar Meni qo‘yib uni va uning zurriyotlarini do‘st qilib olasizlarmi?!»Ularga qo‘shilib Menga isyon qilasizlarmi, Mening amrimdan chiqasizlarmi?!«Holbuki, u sizlarga dushman-ku!»Qaysi aql bilan dushmanning aytganini qilasiz, uning yo‘lidan yurasiz?!«U, zolimlar uchun naqadar yomon badaldir.»Iblis kofirlar tomonidan Allohning o‘rniga qo‘yilgan juda ham yomon badaldir. Aslida, inson bu dunyoda Allohga toat qilib, Uning amriga bo‘yinsunib yashamog‘i lozim edi. Ammo Allohga toat etmasligi va Uning amriga bo‘yinsunmasligi ila iblisga toat qiladigan va uning yo‘liga yuradigan bo‘lib qoldi. Rohmanni qo‘yib, shaytonni tanladi. Shaytonni Rohmanga almashtirib oldi. Uning bu ishi naqadar yomon badaldir.

27 Aprel 2022, 08:56 | Savol-javoblar | 179 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar