Oila qurish haqida

Assalomu alaykum! Javobingiz uchun oldindan rahmat. Turmush qurmaslik gunoh  deb eshitdim. Men turmush qurish yoki qurmaslik taqdirdan deb o‘ylayman. Yoki bu insonning o‘ziga bog‘liq ishmi? Turmushga chiqmagan qizlar gunoh ish qilgan bo‘ladilarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Nikohlanish mening sunnatim, kim sunnatimdan yuz o‘girsa mendan emas” deganlar. Bu hukm ayollarga ham tegishli bo‘lib, ayollar nikohdan yuz o‘girsalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Mendan emas” ya’ni “Mening ummatimdan emas” degan va’id ostiga kiradi.عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَمَا وَاللهِ إِنِّي لَأَخْشَاكُمْ ِللهِ، وَأَتْقَاكُمْ لَهُ، وَلَكِنِّي أَصُومُ وَأُفْطِرُ، وَأَصَلِّي وَأَرْقُدُ، وَأَتَزَوَّجُ النِّسَاءَ فَمَنْ رَغِبَ عَنْ سُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Ogoh bo‘ling! Allohga qasamki, men Allohdan eng ko‘p qo‘rqadiganingizman, Unga eng ko‘p taqvo qiladiganingizman. Ammo ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarni nikohimga ham olaman. Kim mening Sunnatimga rag‘bat qilmasa, mendan emas», dedilar». 
Ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilishgan. عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَصَبْتُ امْرَأَةً ذَاتَ جَمَالٍ وَحَسَبٍ، وَإِنَّهَا لَا تَلِدُ أَفَأَتَزَوَّجُهَا؟ قَالَ: لَا، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّانِيَةَ فَنَهَاهُ، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّالِثَةَ، فَقَالَ: تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ، فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمُ الْأُمَمَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَالْحاَكِمُ وَصَحَّحَهُMa’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Bir jamolli va hasabli ayol topdim. Ammo tug‘mas ekan. Unga uylanaveraymi?» dedi.«Yo‘q», dedilar. Keyin u zotga ikkinchi marta keldi. Yana qaytardilar. So‘ngra uchinchi marta kelganida: «Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman», dedilar». 
Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.
Sharh: Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Uylanishdan oldin ahli fazl, ilmli kishilardan maslahat so‘rash yaxshi ekanligi. 2. Tug‘mas ayolga, agar u go‘zal va aslzoda bo‘lsa ham, uylanmagan ma’qul ekanligi. 3. Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish kerakligi. Bu sifatlar unga yaqin bo‘lgan ayollarning holini o‘rganish bilan bilinadi. Unga yaqin qarindosh ayollar odatda eriga muhabbat qiladigan, ko‘p tug‘adigan bo‘lsalar, ko‘pincha ularning urug‘ida bo‘lgan yoshlar ham o‘sha sifatlarga ega bo‘ladilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Ayollar ham farzand ko‘radigan erkaklarga turmushga chiqishi, o‘zlaridan nasl qoldirishlari kerak. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 08:23 | Savol-javoblar | 161 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar