Sura va oyat

Assalomu alaykum! Sura va oyatlarning bir-biridan nima farqi bor?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Oyat» so‘zining bir necha lug‘aviy ma’nosi bor:
1. «Mo‘’jiza».
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi: سَلْ بَنِي إِسْرَائِيلَ كَمْ آتَيْنَاهُم مِّنْ آيَةٍ بَيِّنَةٍ «Banu Isroildan ularga qanchadan-qancha ochiq-oydin oyat(mo‘’jiza)larni berganimizni so‘ra» (211-oyat).
2. «Belgi-alomat».
Alloh taolo yana Baqara surasida marhamat qiladi: إِنَّ آيَةَ مُلْكِهِ أَن يَأْتِيَكُمُ التَّابُوتُ فِيهِ سَكِينَةٌ مِّن رَّبِّكُمْ وَبَقِيَّةٌ مِّمَّا تَرَكَ آلُ مُوسَى وَآلُ هَارُونَ «Albatta, uning podshohligining oyati (belgisi) – sizlarga ichida Robbingizdan sakina va Oli Musodan hamda Oli Horundan qoldiq bor sandiq kelishidir» (248-oyat).
3. «Ibrat».
Alloh taolo Hijr surasida marhamat qiladi: إِنَّ فِي ذَلِكَ لآيَةً لِّلْمُؤمِنِينَ «Albatta, bunda mo‘minlar uchun oyat (ibrat) bordir» (77-oyat).
4. «Ajoyib ish».
Alloh taolo Mu’minun surasida marhamat qiladi: وَجَعَلْنَا ابْنَ مَرْيَمَ وَأُمَّهُ آيَةً «Ibn Maryamni va uning onasini oyat (ajoyib ish) qildik» (50-oyat).
5. «Burhon, dalil».
Alloh taolo Rum surasida marhamat qiladi: وَمِنْ آيَاتِهِ خَلْقُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَاخْتِلَافُ أَلْسِنَتِكُمْ وَأَلْوَانِكُمْ «Va osmonlaru erning yaratilishi hamda tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishi Uning oyat (burhon)laridandir» (22-oyat).
6. «Jamoat».
Arablarda «Qavm oyati – jamoasi bilan chiqdi» degan gap bor.
7. Qur’on oyati.
Ulamolar istilohida oyat shunday ta’riflanadi:
«Oyat Qur’on surasiga kirgan, boshlanishi va tugashi belgili bo‘lgan so‘zlar majmuasidir».
Shu bilan birga, Qur’oni Karimning har bir oyati yuqoridagi lug‘aviy ma’nolarni o‘z ichiga olgan bo‘ladi. Ha, Qur’oni Karimning har bir oyati mo‘’jiza, ibrat, ajoyib ish, belgi-alomat, burhon, dalil, harf va so‘zlar majmuasi hamda Alloh taoloning qudrati dalilidir.
Qur’oni Karimning har bir oyati, uning avvali va oxiri haqidagi ilmni Alloh taolodan Jabroil alayhissalom o‘rgangan. U kishidan Nabiy alayhissalom, u zotdan esa musulmonlar o‘rganganlar.
Oyatlarni bir-biridan ajrata bilish, ularning boshlanish va tugash joylarini anglab etish ma’nolarni yaxshi tushunib etishda va boshqa bir qancha ishlarda yordam beradi.
Qur’oni Karimda «oyat» so‘zi ko‘p marta takrorlangan. «Oyat» so‘zi ba’zi bir joylarda yuqorida zikr qilingan ma’nolarning hammasini, ikkinchi bir joyda ikki-uchtasini, uchinchi joyda esa faqat bittasini ifoda etib kelgan. Ushbu nozik farq anglab etilgandagina ma’no to‘g‘ri tushuniladi. «Sura» so‘zi lug‘atda «qo‘rg‘on», «manzil» va «sharaf» degan ma’nolarni anglatadi.
Ulamolarimiz istilohida esa «Sura Qur’on oyatlarining boshlanishi va tugashi belgilangan mustaqil majmuasidir».
Boshqacha qilib aytsak, Qur’on oyatlarining qo‘rg‘on bilan o‘ralgandek bir to‘plami «sura» deyiladi.
Qur’oni Karimdagi eng qisqa sura Kavsar surasi bo‘lib, uch oyatdan, eng uzun sura esa Baqara surasi bo‘lib, 286 oyatdan iborat.
Qur’onda 114 ta sura bo‘lib, ulardan har birining o‘z nomi bor. Ba’zi suralarning nomi suraning avvalidagi so‘zdan olingan. Ba’zilariniki esa o‘sha surada zikri ko‘proq kelgan narsalarning nomiga qo‘yilgan.(“Ulumul Qur’on” kitobidan). Vallohu a’lam.

27 Aprel 2022, 12:03 | Savol-javoblar | 312 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar