Qiyomul-layl

Assalomu alaykum! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxajjudga tursalar 1-engil 2 rakat o‘qarkanlar. 11-13 rakat o‘qib tugatarkanlar, ya’ni toq o‘qarkanlar. Bu qanday o‘qiladi? Oxiri 3 rakat o‘qiladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي سَلَمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَأَلَ عَائِشَةَ: كَيْفَ كَانَتْ صَلَاةُ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي رَمَضَانَ؟ فَقَالَتْ: مَا كَانَ يَزِيدُ فِي رَمَضَانَ وَلَا فِي غَيْرِهِ عَلَى إِحْدَى عَشْرَةَ رَكْعَةً، يُصَلِّي أَرْبَعًا فَلَا تَسَلْ عَنْ حُسْنِهِنَّ وَطُولِهِنَّ، ثُمَّ يُصَلِّي أَرْبَعًا فَلَا تَسَلْ عَنْ حُسْنِهِنَّ وَطُولِهِنَّ، ثُمَّ يُصَلِّي ثَلَاثًا، فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَتَنَامُ قَبْلَ أَنْ تُوتِرَ؟ قَالَ: يَا عَائِشَةُ، إِنَّ عَيْنَيَّ تَنَامَانِ وَلَا يَنَامُ قَلْبِي. رَوَاهُ الْخَمْسَةُAbu Salama ibn Abdurrahmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«U kishi Oishadan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi namozi qanday edi?» deb so‘ragan ekan. Shunda u kishi: «Ramazonda ham, undan boshqa vaqtda ham o‘n bir rak’atdan ziyoda qilmas edilar. To‘rt rak’at namoz o‘qir edilar. Ularning husni va uzunligini asti so‘rama. So‘ngra yana to‘rt rak’at o‘qir edilar. Ularning ham husni va uzunligini asti so‘rama. Keyin esa uch rak’at o‘qir edilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, vitrni o‘qishingizdan oldin uxlaysizmi?» dedim. U zot:«Ey Oisha, albatta, mening ko‘zlarim uxlaydi, ammo qalbim uxlamaydi», dedilar», dedi». Beshovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Oisha onamizning rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhissalom Ramazonda ham, Ramazondan boshqa vaqtlarda ham kechasi namoz o‘qiganlarida o‘n bir rak’at o‘qiganlar. Tungi namozlarni nihoyatda chiroyli va uzun qilib o‘qiganlar. Bu haqda «Hadis va Hayot» silsilasining avvalgi juzlarida keltirilgan bir nechta hadislarda va ularning sharhlarida bayon etilgan. Bu hadisda ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning kechasi o‘qiydigan namozlari necha rak’atli bo‘lganligi haqida Oisha onamiz o‘zlari bilgan narsani aytmoqdalar. Bu esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘n bir rak’atdan boshqa namoz o‘qimagan ekanlar, degan fikrga olib bormasligi kerak. E’tibor beradigan bo‘lsak, bu erda taroveh namozi haqida emas, tahajjud namozi haqida so‘z bormoqda. Chunki taroveh namozi Ramazondan boshqa paytda o‘qilmaydi. Oisha onamiz roziyallohu anho esa: «Ramazonda ham, undan boshqa vaqtda ham o‘n bir rak’atdan ziyoda qilmas edilar», deb marhamat qilmoqdalar. Chunki u zot Oisha onamizning hujralarida tahajjud namozini aynan shu tarzda o‘qiganlar. Taroveh namozining rak’atlari adadi qancha, deganda mazhab imomlari ham sharoitlaridan kelib chiqib, o‘zlariga etib kelgan rivoyatlarning kuchiga qarab, turlicha adadlarni olganlar. Misol uchun, Shof’eiy mazhabida sakkiz rak’at olingan bo‘lsa, Hanafiy mazhabida yigirma rak’at olingan. Demak, taroveh namozi rak’atlari adadi haqidagi rivoyatlar ixtilofli emas, turlilikni ifoda etgandir. Boshqa masalalar ham xuddi shunga o‘xshaydi. Ularda xilof yo‘q, turlilik bor. Fuqaholar esa ana shu turli narsalar ichida qay biri afzalligi haqida bahs yuritganlar.عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اجْعَلُوا آخِرَ صَلَاتِكُمْ بِاللَّيْلِ وِتْرًا. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُIbn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Tundagi oxirgi namozingizni vitr qilinglar», dedilar».To‘rtovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Shuning uchun har bir musulmon kechasi uyquga yotishdan oldin vitr namozini o‘qib yotishni, agar uxlab qolishdan qo‘rqmasa, vitrni kechasi turib o‘qishni yo‘lga qo‘ymog‘i kerak.عَنْ مَسْرُوقٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قُلْتُ لِعَائِشَةَ: مَتَى كَانَ يُوتِرُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ؟ قَالَتْ: كُلَّ ذَلِكَ قَدْ فَعَلَ، أَوْتَرَ أَوَّلَ اللَّيْلِ وَوَسَطَهُ وَآخِرَهُ، وَلَكِنِ انْتَهَى وِتْرُهُ حِينَ مَاتَ إِلَى السَّحَرِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُMasruq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Oishaga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon vitr o‘qir edilar?» dedim. «U zot hammasini ham qilganlar: kechaning avvalida ham, o‘rtasida ham, oxirida ham vitr o‘qiganlar. Vafotlaridan avval u zotning vitrlari sahar yaqin qolganda edi», dedi».Beshovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Mana shu rivoyatdan toqati etgan odam vitrni tong otishiga oz qolganda o‘qishi afzalligi kelib chiqadi. Toqati etmagan odam Xuftondan keyin, qachon ilojini qilsa, o‘qib olsa bo‘laveradi.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ خَافَ أَنْ لَا يَقُومَ مِنْ آخِرِ اللَّيْلِ فَلْيُوتِرْ أَوَّلَهُ، وَمَنْ طَمِعَ أَنْ يَقُومَ آخِرَهُ فَلْيُوتِرْ آخِرَ اللَّيْلِ، فَإِنَّ صَلَاةَ آخِرِ اللَّيْلِ مَشْهُودَةٌ وَذَلِكَ أَفْضَلُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim kechaning oxirida tura olmaslikdan qo‘rqsa, uning avvalida vitr o‘qisin. Kim kechaning oxirida turishiga ko‘zi etsa, vitrni uning oxirida o‘qisin. Albatta, tungi namoz shohid bo‘lingandir. O‘sha afzaldir», dedilar».Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.عَنْ أَبِي قَتَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لِأَبِي بَكْرٍ: مَتَى تُوتِرُ؟ قَالَ: أُوتِرُ مِنْ أَوَّلِ اللَّيْلِ، وَقَالَ لِعُمَرَ: مَتَى تُوتِرُ؟ قَالَ: أُوتِرُ آخِرَ اللَّيْلِ، فَقَالَ لِأَبِي بَكْرٍ: أَخَذَ هَذَا بِالْحَزْمِ، وَقَالَ لِعُمَرَ: أَخَذَ هَذَا بِالْقُوَّةِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَAbu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Bakrga: «Qachon vitr o‘qiysan?» dedilar.«Kechaning avvalida o‘qiyman», dedi u. U zot Umarga:«Qachon vitr o‘qiysan?» dedilar.«Kechaning oxirida o‘qiyman», dedi u. Bas, u zot Abu Bakrga:«Bu ehtiyot tarafini olibdi», dedilar. Va Umarga:«Bu quvvat tarafini olibdi», dedilar».Abu Dovud rivoyat qilgan.Sharh: Ha, kim quvvat tarafini oladigan bo‘lsa, vitrni kechaning oxirida o‘qiydi. Kim ehtiyot tarafini oladigan bo‘lsa, uni kechaning avvalida o‘qiydi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 12:14 | Savol-javoblar | 580 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar