Musulmonning ilxomlanishi

Assalomu alaykum! Musulmon bandaning qalbida biror narsadan qo‘rqqanda, xavotir olganda yoki biror ishni xukmini bilmay turganda Alloh tomonidan ilxomlanishi mumkunmi? Meni qalbimda ba’zida ba’zi narsalar sodir bo‘ladiki o‘zim qo‘rqib ketaman.. bugun musxafga qarab ovozimni chiqarib Qur’on o‘qib o‘tirganimda qalbimda xuddi bu oyatlarni Alloh O‘zi menga Gapirib berayotganday xis tuyg‘u o‘tardi albatta bu xissiyotning lazzati bor edi ammo noto‘g‘ri e’tiqod bo‘lmasmikan deb sizdan so‘rashga qaror qildim. Boshqa ishlarda xam ichimda qandaydir gaplar aylansa go‘yoki bu vasvasami yoki nafsimni xoxishimi ajratadiganday bo‘lib qolganman shunaqa ilxomni xis qilaman qalbimda. Shunday bo‘lishi yaxshi xolatmi yoki islox qilish kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Musulmon kishining qalbiga g‘aybiy masdardan tushgan, ilm beruvchi, yo‘llovchi, eslatuvchi narsa «ilhom» deyiladi. U haqiqiy narsa bo‘ladi. Alloh taoloning fazli ila ba’zi mo‘min-musulmonlarga ilhom berilishi bor gap.
Rasululloh alayhissalomdan hazrati Umar roziyallohu anhu haqlarida kelgan quyidagi hadisi sharifni aynan ilhom ma’nosida tushunishimiz lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Batahqiq, sizdan oldin, Banu Isroildan, anbiyolardan bo‘lmasalar ham, ularga gapiriladigan kishilar bor edi. Agar mening ummatimda birorta o‘shandoq odam bo‘lsa, Umar bo‘lardi», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifdagi «ularga gapiriladigan kishilar», ya’ni «gapi to‘g‘ri keladigan kishilar» o‘ziga berilgan ilhom tufayli bir narsani bo‘lishidan oldin gapiradigan kishilardir.
Bunday kishilarga Alloh taolo pok fitrat, yuksak fahm-farosat, kuchli aql-zakovat bergan bo‘ladi. Bo‘lishi lozim bo‘lgan narsalarni ular avvaldan butun vujudlari ila his qilib turadilar. Ular «Ey Robbul olamin, qani endi shu paytda bunday bo‘lsaydi», deb orzu qiladilar va o‘sha orzulari ro‘yobga chiqadi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ana shunday kishilardan bo‘lganlar.
Kishining qalbiga g‘aybiy masdardan tushgan har bir narsa ham ilhom bo‘lavermaydi. Aslida inson qalbiga tushadigan narsalar to‘rtga bo‘linadi:
1. Shaytonning vasvasasi.
Alloh taolo An’om surasida:
«Shuningdek, har bir Nabiyga insu jin shaytonlarini dushman qilib qo‘ydik. Ularning ba’zilari ba’zilarini g‘ururga ketkazishlari uchun jimjimador kalomlarni tanlarlar», degan (112-oyat).
Alloh taolo Maryam surasida:
«Biz shaytonlarni kofirlarga ularni doimiy qo‘zg‘ab turishga yuborganimizni ko‘rmadingmi?» degan (83-oyat).
2. Nafsning g‘ulg‘ulasi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda:
«Albatta, nafs yomonlikka ko‘p amr qiluvchidir», degan (Yusuf surasi, 53-oyat).
3. Farishta xotiraga soladigan narsa.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qalbda ikki tutish bor: 1. Farishtadan bo‘ladigan tutish. U yaxshilikni va’da qilish va haqni tasdiq qilish ila bo‘ladi. Kim o‘zida o‘shani topsa, uni Allohdan deb bilsin va hamd aytsin. 2. Dushmandan bo‘ladigan tutish. U yomonlikni va’da qilish va haqni yolg‘onga chiqarish hamda yaxshilikni qaytarish ila bo‘ladi. Kim o‘zida o‘shani sezsa, Allohdan shaytoni rojiymning sharridan panoh so‘rasin», deganlar.
4. Robboniy ilhom.
Alloh taolo Muhammad surasida:
«U Zot hidoyat topganlarning hidoyatini ziyoda qilgay va ularning taqvolarini bergay», degan (17-oyat).
Demak, mazkur to‘rt narsani farqlay bilish kerak bo‘ladi. Ko‘ngilga kelgan narsani «ilhom» deb baholab bo‘lmaydi. Ilhom bo‘lganda ham, uning o‘zini yoki ilhomga sazovor bo‘lgan boshqa kimsani shariat qoidasidan tashqaridagi shaxs sifatida baholashga hech kimning haqqi yo‘q.
Ammo ba’zi so‘fiylar bu masalada hadlaridan oshib, o‘zlari zalolatga ketganlar va boshqalarning ham zalolatga ketishiga sabab bo‘lganlar.
Ulardan ba’zilari: «Kashf, ilhom va tush bilan kifoyalanib, Qur’oni Karim va hadisi shariflarni o‘rganmasa ham bo‘laveradi, aqoid, fiqh hamda boshqa ilmlarni o‘rganishning hojati yo‘q», degan botil fikrlarni aytganlar.
Boshqa birlari esa: «Kashf, ilhom tufayli shayxlarning qalbi ismat darajasiga etadi. O‘shanday qalblarga tushgan narsa vahiy o‘rniga o‘tadi», deyishgacha borib etganlar. Ularning fikricha, avliyolarning qalblari anbiyolarning qalblari kabi emish. Aslida bu holat kufr va zalolatdan boshqa narsa emas, deydilar muhaqqiq ulamolarimiz.
So‘fiylarning yana bir toifasi shayxlariga haddan tashqari baho berib, ularning gaplarini shariatning hukmidan ustin qo‘yishgacha borib etganlar.
Bu va bunga o‘xshagan ilmsizlik asosidagi gap-so‘z va tasarruflar haqiqiy tasavvuf yo‘liga, Alloh taoloning roziligini tilagan soliklar yo‘liga mutlaqo ziddir. Bu yorqin yo‘ldagi javhariy narsa – iymon, Islom, taqvo, ehson va shukr masalalarining haqiqatiga etib zavqlanishdir. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taologa xolisona ibodat qilishdir. Ana o‘sha maqom siddiqlarning talabi va soliklarning maqsadidir.
Agar solik uchun yaxshi tush, kashf, ilhom yoki karomat in’om etilsa, bu narsa uning ma’lum darajaga etganining alomati va xursand bo‘lish bashoratidir. Ammo tasavvuf yo‘lida yurishning asosiy maqsadi kashf, ilhom yoki karomat sohibi bo‘lish emas. Balki asosiy maqsad Alloh taologa qurbat hosil qilishdir. Ko‘p hollarda mazkur narsalar o‘sha yo‘lda to‘g‘ri ketayotganlikning alomati, xolos.
Aksincha, ayrim hollarda bu narsalar solik uchun xolislik sinovi bo‘lishi ham mumkin. Zero, solikning taqvosi, ibodati kuchaygan sari Alloh taoloning unga bo‘lgan e’tibori, muhabbati, do‘stligi – valiyligi ham ortib boradi. Va Robbul olamin kimni ko‘proq sevsa, uni yanada og‘ir sinovlarga duchor qiladi. Banda uchun eng og‘ir sinov esa unga turli ne’matlarni o‘zi loyiq bo‘lgandan ko‘ra ko‘proq berib, sinashdir.
Binobarin, o‘ziga kashf, ilhom, bashoratli tush yoki karomat etgan solik o‘z holiga nazar solsin. Shariat buyurgan amallarda va unga qo‘shimcha ravishda sunnatdan o‘ziga o‘zi odat qilib olgan vazifalarda nuqsonga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa-yu, «Alloh azza va jallaning jaloliga loyiq ibodat qilolmadim», degan afsusda bo‘lsa, Alloh taologa behad shukrlar aytib, holini yashirsin va ibodatini kuchaytirsin. Zero, bu holi Alloh azza va jalla ham uni sevishiga dalildir, inshaalloh.
Ammo yuqorida aytilgan amallardan birontasida yoki odobida biroz bo‘lsa-da nuqsonga yo‘l qo‘yganini sezsa yoxud ko‘nglida o‘zi erishgan darajadan qoniqish paydo bo‘lsa, darhol Alloh taologa tavba qilib, istig‘for aytishni ko‘paytirsin. Zero, bu holida unga etgan turli bashoratlar eng kamida zo‘r bir sinov-imtihondir. Binobarin, u yoki tavbai nasuh ila, istig‘forni ko‘paytirib, Alloh taoloning do‘stiga – valiysiga aylanadi, yoki o‘ziga etgan karomatga aldanib, manmanlikka berilib, chin do‘stidan – Alloh azza va jalladan malomatga qoladi. (“Tasavvuf haqida tasavvur” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 23:09 | Savol-javoblar | 143 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar