Otam haqlarida

Assalomu alaykum! Otam yoshligimdan oilaga befarq, ichkilikka berilgan inson. Onam qiynalgan paytlarda ham, o‘zim yo‘limdan adashib qolganimda ham hech qayg‘urmagan. Namoz o‘qiyman, Dada bo‘ldi ichmen endi yoshiz ham 60 ga qarab ketyapdi, namozizdi o‘qing deb nech martalab aytdim, hech iloji bo‘lmayapdi. Otam doim mandan norozi, kasal bo‘lganida doim yonlarida turdim, mani hecham qo‘llav-quvvatlamaydi. Aytingchi man otamni shuncha yaxshi ko‘rsamu, otamni yoshligidagi oilaga masuliyatsiz bo‘lish haqidagi singib qolgan fikrlari va islomdan bilimi sayozligi sabab mandan norozi bo‘layotganligi sababidan oq bo‘lamanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Oq bo‘lmaysiz. Siz otangiz haqida yaxshi gumonda, haqqiga doimo duoda bo‘ling. Buyurganlarini bajaring, ko‘nglini og‘ritadigan ish yoki gap aytmang. Dinni mahkam tutmagan bo‘lsa ham, unda otalik fazli bor, unga go‘zal muomalada bo‘lish sizning zimmangizdagi burchdir.
Alloh taolo «Isro» surasida shunday deb marhamat qiladi:
Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka etsalar, bas, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!
Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt» 
(23–24‑oyatlar).
Bu oyati karimada Alloh taoloning O‘zigagina ibodat qilishga amr etilgandan so‘ng, bevosita, ota‑onaga yaxshilik qilish buyurilmoqda.
«Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota‑onaga yaxshilik qilishni amr etdi».
Bu amal bandalarning ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan ish emas, balki Allohning bandalariga amri, buyrug‘i, farmonidir. Xohlasa qilib, xohlamasa qilmaydigan havaskorlik ham emas. Qarib, hech narsaga yaramay qolganda yuzlaniladigan ko‘ngilxushi ham emas. Bu amr Alloh taoloning qat’iy va o‘zgarmas buyrug‘i bo‘lib, uni bajarish har bir bandaning burchidir.
Allohning ibodatidan keyingi keladigan ish ota‑onaga yaxshilik qilishdir. Bu ham Allohning amri. Alloh taolo O‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amrdan keyin, shu jumlaning davomida ota‑onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu ikki hukmning bir oyatdagi yagona jumlada bayon qilinishining o‘ziyoq Islomda ota‑onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini ko‘rsatadi.
«Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka etsalar, bas, ularga «uff» dema».
Bu jumlaning «uff» so‘ziga bog‘liq ikki xil ma’nosi bor. Bir ma’nosi – ota‑onaga yomon so‘z aytib, behurmat qilma, degani bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi – ota‑onang oldida «uff» dema, ular «Bolam og‘ir holga tushibdi», deb ozorlanadilar, deganidir.
«... ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!»
Ota‑onangga hech bir ozorni ravo ko‘rma! Qanday yaxshi so‘z bo‘lsa, o‘shani ota‑onangga ravo ko‘r!
«Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt».
Farzand ota‑onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U butun mehrini xokisorlik ila ota‑onasiga poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab, duo qilib turishi lozim. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 02:03 | Savol-javoblar | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar