Chigirtka tanovul qilish

Bir birodarimiz chigirtkani tanovul qilish halol deb aytib qoldilar. Menda ushbu birodarimizning gaplariga shubha paydo bo‘ldi. Haqiqatdan ham bizning dinimizda chigirtkani tanovul qilish halolmi? Savoldagi xato va kamchiliklar uchun uzr so‘rayman. Alloh sizu bizdan rozi bo‘lsin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ibn Abu Avfaa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan ettita yoki oltita g‘azotda ishtirok etdik. U zot bilan chigirtkani er edik». Sharh: Ushbu hadisi sharifdan chigirtka halol ekani, uni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham, sahobai kiromlar ham tanovul qilganlari kelib chiqadi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bizga ikki o‘limtik va ikki qon halol qilindi. Ikki o‘limtik baliq va chigirtkadir. Ikki qon bo‘lsa, jigar va qora taloqdir», dedilar». Ibn Moja va al-Hokim rivoyat qilganlar. Sharh: Aslida Alloh taoloning: «Menga vahiy qilingan narsada taomlanuvchi uchun harom qilingan narsani topmayapman. Magar o‘limtik yoki oqizilgan qon yoki to‘ng‘iz go‘shti bo‘lsa, albatta, u iflos, haromdir», degan oyati ka-rimasiga binoan, asli halol hisoblangan hayvonlarning o‘limtigi va oqizilgan qoni haromdir. Ushbu hadisi sharif esa, o‘sha umumiy hukmdan to‘rt narsani: ikkita o‘limtikni va ikkita qonni istisno qilmoqda. «Ikki o‘limtik baliq va chigirtkadir. Ikki qon bo‘lsa, jigar va qorataloqdir». O‘limtik nopok, inson salomatligi uchun zararli bo‘lgani sababli Islom shariatida harom qilingan. Agar bemorlik oriz bo‘lmasa, hayvon o‘z-o‘zidan o‘lmaydi. Qolaversa, hayvon shar’iy yo‘l bilan so‘yilmay, boshqa sabablarga ko‘ra o‘lsa, qoni va u bilan birga undagi mikroblar, kasalliklar butun badaniga tarqalib ketadi. Uni taom sifatida tanovul qilgan odamga zarar etkazadi. Ammo, baliq va chigirtkada bu holat yo‘q. Ularning so‘yilganda oqadigan qoni yo‘q. Shuning uchun, ularning o‘limtigi hech zarar etkazmaydi. Bu narsa ilmiy tajribalar orqali ham tasdiqlandi. Lekin, chigirtkadan boshqa qoni yo‘q quruqlik hayvonlari haromdir. Chayonlar, arilar, pashshalar shular jumlasiga kiradi. Jigar bilan qorataloq ham asosan qondan tarkib topgan bo‘ladi. Ammo o‘sha qon jigar va taloqqa aylanganda zararsiz holga o‘tib qoladi, Shuning uchun ham, shariatimizda bu ikki narsa halol qilingan. Ushbu birinchi faslda taom sifatida iste’mol qilish halol bo‘lgan hayvonlar haqidagi ba’zi hadisi shariflarni o‘rganib chiqdik. Alloh taoloning yordami ila ikkinchi–eb bo‘l-maydigan hayvonlar haqidagi faslni o‘rganganimizdan so‘ng vaziyat yana ham oydinlashadi. Ushbu emoqligi halol bo‘lgan hayvonlar haqidagi bobning nihoyasida Islom shariatida faqatgina pok va foydali hayvonlarni taom sifatida tanovul qilish halol qilinganini yana bir bor ta’kidlamoqchimiz. Shu bilan birga, suv hayvonlariga oid bir mulohazani eslatib qo‘ymoqchimiz. Avval aytib o‘tilganidek, suv hayvonlari haqida ulamo ahllarimiz turlicha ijtihod qilganlar. Albatta, ul muhtaramlar o‘z zamonlari, imkonlari, madaniyatlari va tushunchalari hamda boshqa omillardan kelib chiqib ijtihod qilganlar. Bugunga kelib suv hayvonot olami ham atroflicha o‘rganildi. Qadimda bo‘lmagan ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Shuning uchun, suv hayvonlarining halol-haromini aniqlashda avvalgi ma’lumotlarga yangi ma’lumotlarni ham qo‘shib, umumiy qoidalardan kelib chiqib ish yuritilsa, ma’qul bo‘lsa kerak. Misol uchun, suvda o‘ta zaharli, eyish u yoqda tursin, biror joyiga tegib ketsa ham insonga zarar etkazadigan hayvonlar borligi aniq bo‘ldi. Bas, shundoq ekan, qandoq qilib uni halol, esa bo‘ladi, deya olamiz. Demak, bu masalada ehtiyot bo‘lmog‘imiz zarur bo‘ladi.

27 Aprel 2022, 16:13 | Savol-javoblar | 169 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar