Namozni jamoat bilan o‘qish
Assalomu alaykum! Shu kunlarda bir narsa eshitib qoldim, aytishlaricha jamoat bilan o‘qilmagan namoz, namoz emas, Ya’ni azonni eshitgandan so‘ng masjidga borib namoz o‘qish majburiy deb aytdilar, faqat sog‘lig‘i ko‘tarmagan odamgina uyda o‘qishi mumkin ekan, men har kuni bomdod namoziga masjidga chiqaman holos, qolgan vaqtda ishda bo‘lganligim sababli, o‘sha erda o‘qiyman, azon bizni ishxonaga eshitiladi, lekin borishga imkoniyat bo‘lmaydi shunga iltimos tushuntirish bersangiz, eshitgan narsam qanchalik to‘g‘ri? Qilayotgan ishimiz noto‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Namozlarni masjiddan boshqa erda o‘qisa ham ado bo‘ladi, lekin uning ajr-u savobi ozdir.JAMOAT NAMOZI Alloh taolo farz namozlarini jamoat bilan o‘qishni buyurgan. Masjidlarni barpo qilishdan murod ham namozni jamoat bilan ado etishga chorlashdir. Masjidga borishdan ham jamoat namozidan boshqa narsa ko‘zlanmaydi. Jamoat namozlarining fazli haqida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, farishtalarning oliy jamoasi gaplaridan ma’lum bo‘lganki, qadam bosib jamoat namoziga borish, masjidlarda jamoat namozidan so‘ng kelgusi namozni kutib o‘tirish va jamoat namozi uchun tahoratni komil qilish gunohlarni yuvuvchi narsalardan ekan. Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, xuddi kechaning yarmini ibodat bilan bedor o‘tkazgandek bo‘ladi. Kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa, xuddi kechaning hammasini namoz o‘qib o‘tkazgandek bo‘ladi», deganlar»
Imom Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom bunday deganlar: «Bir kishining boshqa bir kishi bilan o‘qigan namozi yolg‘iz o‘zi o‘qigan namozidan afzaldir. Uning ikki kishi bilan o‘qigan namozi bir kishi bilan o‘qiganidan afzaldir. Qanchalik ko‘paysa, Alloh azza va jalla uchun shuncha mahbubdir». Masjidlarda uch kishidan ortiq namozxonlarning to‘planib, imom rahbarligida ado etiladigan farz namozlari jamoat namozidir. Sog‘lom, balog‘atga etgan, oqil erkaklarga besh vaqt farz namozlarini jamoat bilan o‘qish sunnat bilan sobit bo‘lgan vojibdir. Jamoatga bormay, namozni doimo uyida yolg‘iz o‘qiydigan odamning guvohligi shar’an qabul qilinmaydi. Farz namozlar imomga ergashib, jamoat bo‘lib o‘qiladi. Ikki kishi bo‘lsa, iqtido qiluvchilar imomning yonida, agar uch yo undan ko‘p kishi bo‘lsa, imom oldinda, qolganlar uning ortida saf tortishadi. Iqtido qiluvchilar uch kishidan ko‘p bo‘lgan holda ularning imomning yonida turishlari tahrimiy makruhdir. Namozni masjidlarda jamoat bilan o‘qish afzal bo‘lib, namozxonlar orasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi, kuch jamoatda, birlikda ekanini anglatadi, ijtimoiy bog‘lanish va hamkorlikni kuchaytiradi. Jamoat namozi kishilar o‘rtasida tenglikni namoyish qiladigan eng muhim omil. Namozda bandalar kim bo‘lishidan qat’i nazar, bir joyda, bir safda turib, bir xil amalni bajaradilar va Alloh taologagina banda ekanlarini izhor etadilar. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat namozi yolg‘iz namozdan (ya’ni yolg‘iz o‘quvchining namozidan) yigirma etti daraja ortiqdir», deganlar.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Shunday bo‘lgach, Islom barcha musulmonlarni imkoni boricha namozni jamoat bilan o‘qishga chaqirgan, jamoat namoziga borishdan eringan, o‘zini tortganlarga ta’na qilgan, namozni jamoat bilan o‘qishga hech narsa mone, sabab bo‘lolmasligini ta’kidlagan. Quyida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu to‘g‘ridagi ta’limlari va ko‘rsatmalaridan ayrimlarini keltirib o‘tamiz. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qishloqdami, sahrodami uch kishi bo‘lsayu ular ichida jamoat namozi qoim qilinmasa, albatta shayton ularga ega chiqar. Jamoatni lozim tut», dedilar».
Abu Dovud, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilgan.
Imom Muslim keltirgan rivoyatda mashhur sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday deganlar: «Kim ertaga Alloh taologa musulmon holida ro‘para bo‘lishdan xursand bo‘lsa, namozlarni azoni aytilgan joyda ado qilsin. Alloh Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) hidoyat sunnatlarini shariatga kiritgandir. Albatta jamoat namozi hidoyat sunnatlaridandir. Agar siz manavi keyin qolganga o‘xshab uyingizda namoz o‘qisangiz, Payg‘ambaringizning sunnatini tark qilgan bo‘lasiz. Agar Payg‘ambaringizning sunnatini tark qilsangiz, zalolatga ketgan bo‘lasiz. Bizning ichimizda faqat nifoqi ochiq-oydin bo‘lgan munofiqqina jamoat namozidan qolishini ko‘rganman. Ba’zi kishilarni ikki kishi ko‘tarib kelib, safga turg‘azib qo‘yar edi». Hasan Basriy roziyallohu anhu: «Kimning ota-onasidan biri unga shafqat qilib, jamoatdan man qilsa, gapiga kirmasin», deganlar, Ushbu dalillardan kelib, hanafiy, molikiy, shofe’iy mazhablari jamoat namozlari – sunnati muakkada (ta’kidlangan sunnat), deyishgan va musulmonlarni jamoat namozlarini tark etmaslikka chaqirishgan. Bandalarning namozda jamoat shaklida imomga bo‘ysunishi, bir maqsadga yo‘nalish ko‘rinishlari namoyon bo‘ladi. Hatto jamoat namozi orqali musulmonlar bir-birlari bilan tanishib, birodar bo‘ladilar, yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishga, bir-birlarining hollaridan xabar olishga odatlanadilar. Oralarida bemor, mazlum, hojatmandlar chiqib qolsa, yordam beradilar. Shu bilan birga, ular bir-birlarining xatolarini ham tuzatadilar. Jamoat bilan o‘qiladigan namozga: «Jamoat namozidagi imomga iqtido qildim» mazmunida niyat qilish kerak. Imom takbiri tahrima aytgach, jamoat ham takbiri tahrima aytib qo‘llarini bog‘laydi va ichida «Sano»ni o‘qib, jim turadi. Jamoat qiyomda turganida rakatlarning hech qaysisida bundan boshqa hech narsa o‘qimaydi, faqat namozda imom ovoz chiqarib Fotiha surasini o‘qib bo‘lgach, ichida «omin» deydi. Jamoat namozidagi namozxon ruku’da uch karra «Subhana robbiyal ’aziym» deydi. Imom «Sami’allohu liman hamidah» deya qomatini to‘g‘rilaganida jamoat qaddini rostlagach ichida «Robbana! Lakal-hamd» deydi. Sajdalarda esa, odatdagidek, uch karra «Subhana robbiyal‑’alaa» deyiladi. Qa’dai uloda avval tashahhudni, qa’dai oxirda tashahhud, salavot va duolar o‘qiladi hamda imom bilan salom beriladi. Imom ortida namoz o‘qigan namozxon (muqtadiy) barcha ruknlarni ado etishda imomga ergashadi, undan oldin bajarmaydi. Bir rakatning ruku’ida, ya’ni imom hanuz ruku’da turgan paytda niyat qilib, imomga etib olgan namozxon o‘sha rakatga etishgan hisoblanadi. Agar namozxon to‘rt rakatli bo‘lmagan farz namozlaridan birini o‘qishni boshlab, uning birinchi rakati sajdasiga borgan yoki hali bormaganida jamoat shu namozni ado etishi uchun imom takbiri tahrima aytsa, namozxon o‘qilayotgan namozni buzadi va imomga iqtido qiladi (ergashadi). Agar to‘rt rakatli namoz bo‘lsa, ikki rakatini tugatib, keyin imomga iqtido qiladi. Agar to‘rt rakatli farz namozning uch rakatini ado etgan bo‘lsa, to‘rtinchi rakatni ham oxiriga etkazadi va salom berib, nafl o‘qish joiz bo‘lgan vaqtda bo‘lsa, nafl deb niyat qilgan holda jamoat namoziga qo‘shiladi. Bu hol asr va bomdod namozida bo‘lsa, jamoatga qo‘shilmaydi, chunki asr va bomdod namozidan keyin nafl namoz o‘qish makruhdir. Shuningdek, shomda ham, chunki nafl namoz uch rakatli bo‘lmaydi. Bomdod namozining farzi boshlanganida yoki o‘qilayotganida kelgan namozxon uning sunnatini o‘qisa jamoatdan qoladigan bo‘lsa, bomdodning sunnatini tark etib, farziga iqtido qiladi. Bu tark qilgan sunnatining qazosini o‘qimaydi. Lekin u bomdodning farzini ham, sunnatini ham qazo qilgan bo‘lsa, u holda har ikkovini ham keyin o‘qiydi. Agar mazkur holatda bomdod namozining sunnatini o‘qisa-yu, farzning ikkinchi rakatini jamoat bilan o‘qishga ulguradigan bo‘lsa, u holda bomdodning sunnatini o‘qiydi. Peshin namozining sunnatini o‘qiyotgan odam peshinning farziga aytilgan takbirni eshitsa ham sunnat namozini tark etmaydi, balki sunnatni tugatib, undan keyin farzga iqtido qiladi. Agar hali sunnatni boshlamagan paytida farzga takbir aytilsa, sunnatni tark qiladi. So‘ngra tark qilingan to‘rt rakatli sunnatni peshinning oxirgi ikki rakatli sunnatidan oldin o‘qiydi. Imomga ergashuvchilar (iqtido qiluvchilar) qay holatda ergashganlariga qarab uch toifagaga – mudrik, lohiq va masbuqqa bo‘linishadi. Namozni boshidan to oxirigacha imomga to‘la ergashib o‘qiganlar «mudrik» deyiladi. Imomga namoz boshida ergashganidan keyin bir yo undan ko‘proq yoki bir rakatning ba’zi qismida imomdan ortda qolgan kishi «lohiq» bo‘ladi. Lohiq namozda uxlab qolib yoki saflarning o‘ta zichligidan ruku’ yo sajda qilishda imomdan ortda qolib ketgan kishidir. Masalan, lohiq sajdadan so‘ng ko‘zi uyquga ketib qolib bir rakat ortda qolgan bo‘lsa, qiyomda qiroat qilmay bir lahza turgach, ruku’ga boradi. So‘ng sajda qiladi va imomga etib oladi. Agar imom sajdaga borganida lohiq ruku’ qilmagan bo‘lsa, oldin ruku’ qilib, so‘ng sajdaga boradi. Jamoat namoziga bir yoki undan ortiq rakat kechikib qo‘shilgan kishi «masbuq» deyiladi. Imom salom berib namozni tugatgunicha masbuq unga ergashishi mumkin. Imom salom berganidan so‘ng namozning qoldirgan rakatlarini o‘qishga turadi. Bunda u oldin «sano» o‘qiydi, ortidan ta’avvuz («A’uzu billahi») va tasmiya («Bismillah») aytadi. Masalan, uch yoki to‘rt rakatli farz namozlarining oxirgi bir rakatida imomga iqtido qilayotgan kishi qoldirgan (o‘qishga ulgurmagan) rakatlarini quyidagicha o‘qiydi: imom salom berganidan so‘ng masbuq o‘rnidan turib «sano» o‘qiydi, ta’avvuz va tasmiya aytadi. Oldin Fotiha surasini, unga zam qilib yana bir surani qiroat qiladi. So‘ng ruku’ va sajda qiladi. Keyin qa’daga o‘tiradi va tashahhud o‘qiydi. Keyin qiyomga turib, tasmiya aytganidan so‘ng surai Fotihani va yana bir surani o‘qiydi, ruku’ va sajda qiladi. Agar namoz uch rakatli bo‘lsa, qa’da qilib, tashahhud, salavot va duo o‘qib namozni tugatadi. Agar namoz to‘rt rakatli bo‘lsa, o‘tirmay qiyomga turadi, faqat tasmiya bilan Fotiha surasini o‘qiydi, keyin ruku’ va sajda qilib, so‘ng o‘tiradi. Tashahhud, salavot va duo bilan namozini tugatadi. Imom ruku’da turganida kech qolib kelgan masbuqning yo‘l-yo‘lakay niyat qilganicha shoshilib ruku’ga ketayotgan holida takbirni aytish bilan u imomga ergashgan bo‘lmaydi. Balki avval tik holida takbiri uvloni aytib, namozga qo‘shiladi. So‘ng takbir aytib ruku’ga boradi. Masbuq uch holatda: namoz vaqti chiqib ketayotgan bo‘lsa; mahsiga tortilgan mash muddati tugayotgan bo‘lsa; oldidan kishilarning kesib o‘tishlari xavfi bo‘lsa, imomning salom berishini kutib o‘tirmay, tashahhud o‘qish miqdoricha o‘tirib, so‘ng qoldirgan rakatlarini o‘qishga turib ketishi mumkin. Jamoat bilan peshin, shom va xuftonning farzlari o‘qib bo‘lingach, sunnat namozini o‘qishga tezda turish sunnatdir. Imom sunnat namozlarini farz namozni ado qilgan joyidan o‘ngga yoki chapga yo ortga o‘tib o‘qiydi. Imom bomdod va asr namozlarini o‘qib bo‘lgach, agar kechikib kelib namoz o‘qiyotganlar bo‘lmasa, qavmga qarab o‘tirgan holda duo qiladi. Namoz o‘qiyotganlar orqa saflarda bo‘lsa ham imomning to‘g‘risida turgan bo‘lishsa, imom ularga yuzlanib duo qilmaydi. Kech qolganlar namozlarini qolganini ado qilayotganlarida imom baland ovozda tasbeh va takbirlarni aytishi joiz emas.(“Mo‘minning me’roji” kitobidan). Vallohu a’lam!
23 May 2022, 10:55 | Savol-javoblar | 460 | Turli savollar