Tushkunlikka tushib qolyabman

Assalomu alaykum! Nima uchundir shu kunlarda juda xam qattiq tushkunlikka tushib qolyabman, maxzun bo‘lib biror ish xam qilgim kelmayabdi. Ammo menda xammasi joyida o‘qishlarim, ota-onam, yaqinlarim Alxamdulillax sog‘-salomat. Ushbu xolatdan chiqish uchun biror duo o‘qish kerakmi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! To‘rt narsadan g‘aflatda qolmang!
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rohimahulloh aytadi:
«To‘rt narsadan g‘aflatda qolgan to‘rt kishiga hayronman:
Birinchisi g‘am-g‘ussaga botgan odam. U qanday qilib Yunus alayhissalomning Qur’onda kelgan, «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, innii kuntu minaz-zolimiyn» (Sendan o‘zga iloh yo‘q, Seni poklab yod etaman! Men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim) degan duosidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va g‘am-g‘ussadan najot berdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 87, 88-oyatlar)
Ikkinchisi katta zarar etgan odam. U qanday qilib Ayyub alayhissalomning Qur’onda kelgan, «Innii, massaniyad-durru, va anta arhamur-rohimiyn» (Menga og‘ir zarar etdi. Ammo Sen rahm qiluvchilarning eng rahmlisisan) degan duosidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va unga etgan zararni ketkazdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 83, 84-oyatlar)
Uchinchisi dahshatga tushgan odam. U qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlarning «Hasbunalloh va ni’mal-vakil!» (Bizga Allohning O‘zi kifoya, U Zot qanday yaxshi vakil!) degan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Ular Allohning ne’mati va fazli ila qaytdilar, ularga aslo zarar etmadi» demoqda-ku! (Oli Imron surasi, 173, 174-oyatlar)
To‘rtinchisi odamlarning makriga aldangan kishi. U qanday qilib Muso alayhissalomning Qur’ondagi «Va ufavvidu amrii ilalloh. Innalloha basiyrun bil’ibaad» (Ishimni Allohga topshirdim. Albatta, Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir) degan so‘zidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Alloh uni ularning yomon makridan saqladi» demoqda-ku? (G‘ofir surasi, 44, 45-oyatlar).  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 16:35 | Savol-javoblar | 182 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar