Bandaning konglini boshqa banda og‘ritganda

Assalomu alaykum! Alloh bandasini toki u ko‘nglini og‘ritgan inson kechirmaguncha kechirmaydimi? Shu xaqidagi juda yaxshi bir xadisni o‘qigan edim, lekin qidirib topa olmadim, xadisning qisqacha man’nosi, bir inson boshqa bir insonni ko‘nglini og‘ritadi, ko‘ngli og‘rigan inson esa xech narsa demaydi. Oradan biroz vaqt o‘tib o‘sha odam nimadir sabab bo‘lib jon beradi, shunda odamlar nega u seni ranjitganda xech narsa demading, agar nimadir deganingda u tirik bo‘lar edi deb aytishadi. Yana bir bor kechirim so‘rayman aziz vaqtlaringizni olganim uchun, Allohim qilgan ishlaringizni ajrini bersin
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Insonning qalbini og‘ritish ikki jihatdan bo‘ladi.
Birinchisi nohaqdan og‘ritish. Bu o‘ta og‘ir gunoh. Chunki mo‘min bandaning qadri Alloh taoloning nazdida Ka’badan ham ustun turadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taolo sizlarni tashqi suratingizga qaramaydi. Qalb va amallaringizga qaraydi” degan hadislariga binoan inson qalbi Alloh doimiy nazar qiluvchi joy hisoblanadi. Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga qarab: “Ey Ka’ba sen muqaddassan, ulug‘san, lekin bir mo‘minning hurmati sendanda ulug‘” deganlar. Bir a’robiy Madinadagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlariga kirib bavl qilishni boshladi. Sahobalar turib uni to‘xtatishmoqchi va unga ta’zir berishmoqchi bo‘lganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bavl qilib bo‘lishga tek qo‘yinglar” dedilar. Hadisning shorihlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarining qadri o‘ta ulug‘, unda o‘qilgan ikki rak’at namoz boshqa masjidlarga nisbatan ming barobar savobi ko‘p bo‘lsada bavl qilishni boshlagan mo‘minni bavlidan to‘xtatib qo‘ysa ko‘radigan ziyoni undanda yuqori ekanligi uchun u zot bemalol oxirgacha bavl qilib olishga qo‘yib berdilar va suv olib kelib, bavl qilgan joyini yuvib tozalashga buyurdilar. So‘ng chiroyli yo‘l bilan a’robiyga unday qilmaslikni o‘rgatdilar. Bu ham Alloh va payg‘ambarning nazdida mo‘minning qadri qanchalar ulug‘ ekanligini bildiradi.
Ikkinchisi. Ta’lim, tarbiya uchun dilini og‘ritish. Aslida bu dilini og‘ritishga kirmaydi. Bizning tabiatimiz buzilib, aynib qolgani uchun biz uni dilog‘ritish deb tushunib olganmiz. Bir kuni bir sahobiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan adashib qolgan qo‘yni topib olib uni nima qilish haqida so‘rab «Yo‘qolgan qo‘y-chi?» dedi. «U seniki yoki birodaringniki yoki bo‘rinikidir», dedilar».
«Yo‘qolgan tuya-chi?» dedi. U zot g‘azablanib ketdilar, hatto yonoqlari qizarib ketdi [yoki yuzlari qizarib ketdi].
«Sening u bilan nima ishing bor?! Suvi ham, tuyog‘i ham o‘zi bilan, borib suvini icha oladi, butalardan o‘tlab yuraveradi, egasi uchratgunicha uni o‘z holiga qo‘y!» dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xulqni eng oliy darajasida bo‘laturib, u sahobiyga qattiq muomala qildilar. Agar hozirgi kundagi bizga savol beruvchilarimiz o‘sha vaftda bo‘lganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ham kommentariyalardagi kallasiga kelgan gaplarni yozib yuborgandek gapirib yuborgan bo‘lishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu o‘rinda ta’lim berishni iroda qildilar. Ya’ni avval o‘ylab, aqlni ishlatib, keyin savol berishni ta’limini berdilar. Bizda hozirgi kunda u zotning bu muomalasini dilog‘ritish deb tushunadiganlar ham ko‘p. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zgalarni dillarini og‘ritishlari aslo mumkin emas. Albatta dilog‘ritish nohaqdan bo‘lsa buning misoli, inson o‘zganing kiyimiga loy sachratishiga o‘xshaydi. Loyni sachratgandan keyin u top toza bo‘lgunicha yuvib berishi shart. Xuddi shuningdek insonni qalbiga nafratni kiritib qo‘yganidan keyin uni tozalangunicha roziligini olish kerak.  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:11 | Savol-javoblar | 258 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar