Jamiyatdagi munkar ishlar

Assalomu alaykum! Bir nechta holatlar yuzasidan maslahat beringlar. Chin mo‘min inson o‘z jamiyatida bo‘layotgan munkar ishni ko‘rib bilib turib, befarq bo‘la olmaydi debsizlar. Bu gapdan kelib chiqib bir necha savollar so‘ramoqchiman. Maqsadim hech kimga hech qanday e’tiroz bildirish yoki birovni yomonlash emas faqatgina mukammal iymonga ega bo‘lishni istayman xolos. Aytmoqchimanki bugungi kunda musulmonlar juda ko‘p farz va sunnat amallarga amal qilishmayapti. Masalan, g‘iybat qilmaslik kerakligi haqida bilishadi lekin baribir g‘iybat qilishadi; yolg‘on gapirish yomonligini bilishadi lekin yolg‘on gapirishadi; avratlarini ochib yurmaslik haqida bilishadi lekin baribir shunday qilishaveradi. Ya’ni shu holatlarga deyarli har kuni har kim bilan duch kelyapmiz. O‘zim qo‘ldan kelgancha gunohlardan tiyilishga harakat qilyapman, lekin har doim jamiyatimizda gunoh ishlarni qilayotgan odamlarni ko‘rganimizda ularni doimo shu ishlardan qaytishiga davat qilishga majburmizmi? Demoqchimanki agar ularga g‘iybat qilma desak g‘iybatmas bu haqiqat deyishsa, yolg‘on gapirma desak yolg‘on gapirsam ham birovga zararim tegmayapti yoki yaxshilik yo‘lida yolg‘on gapiryapman desa va hokazo hollarda har doim ularga bu ishni qilma deyishga majburmizmi. Va yana eng asosiy savolim oilada kenja farzandman ikkita opam bor, ular erga tegib ketishgan, hijobda yurishmaydi. O‘zim ham dinimizning buyruqlariga amal qilishni boshlaganimga uncha ko‘p bo‘lmadi. Ularga hech qachon hijobda kiringlar demaganman. Aytsam ham ular bu gapimga mutlaqo kirishmaydi. Kamiga meni dinda chuqur ketyatganlikda ayblashi, inson zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerakligi haqida gapirishlari ham mumkin. Bu holatda men dayus bo‘lib qolmaymanmi(Xudo saqlasin)? To‘g‘risi bunday bo‘lishidan juda qattiq qo‘rqib ketyapman negaki hijobga kirishilar kerak ekan deb ayta olishimga uncha ishonmayman. Iltimos menga maslahat berilar. Men yashayotgan muhitda deyarli hamma tanishlarim g‘iybat qiladi ularni g‘iybatini tinglashga majbur bo‘lib qolaman, bemalol yolg‘on gapiradi, ochiq-sochiq kiyinishadi, men esa deyarli ularga hech narsa demaganman. Lekin iymonim mukammal bo‘lishini istayman. Shunday holatda qanday yo‘l tutay? Alloh hammamizga mukammal iymon ato etsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu ishni hamma, hamma joyda qilishi kerak. Boshliq qo‘l ostidagilariga, ota-ona farzandlariga, o‘qituvchilar o‘quvchilariga qilishlari shart. Aks holda qiyomatda qattiq javobgarlikka qoladilar. Avvalo qaytaruvchilarimiz qaytarish usullarini o‘rganishi va taqvo hosil qilishlari kerak. Shunda jamiyatning islohi  paydo bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda ba’zi bir insonlarni iymon keltirmasligini xabarini berdi. Shunday bo‘lsa ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi daqiqalarigacha ham ularni iymonga chaqirdilar. Biz bir narsani yaxshi tushunaylik, o‘sha chiroyli yo‘l bilan qaytarishimizning o‘zi savobli ish. Zimmamizga yuklatilgani ham etkazishgina xolos. Majbur qilish bizning zimmamizga vojib emas. Meni so‘zlarim foyda bermayapti deyish bu shaytonning vasvasasidir. Chunki hidoyat Alloh taoloning qo‘lida. Ayting, savobini oling bo‘ldi. Boshqa gap yo‘q. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:26 | Savol-javoblar | 183 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar