Qadarga rozilik

Assalomu alaykum! Imom g‘azzoliyning Mukoshafat ul qulub degan kitoblarida yozilishicha: kishining to‘g‘ri yoki egriligi mo‘min yoki osiyligi sog‘lik chog‘ida va musiybat onida ma’lum bo‘ladi. Agar sog‘ salomat kunlarida shukr qilsayu, musiybatga duchor bo‘lganda Allohga zorlanaversa, u g‘irt yolg‘onchilardandir. Savolim: masalan bir inson kasal bo‘lib qoldi. Allohdan shifo so‘rab zorlanib duo qilsa qadariga norozilik hisoblanadimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Norozilik hisoblanmaydi, lekin sog‘aygandan keyin yana iflos ishlarida davom etsa yolg‘onchi bo‘ladida. Alloh taolo "Hud" surasida marhamat qiladi:   وَلَئِنْ أَذَقْنَا الإِنْسَانَ مِنَّا رَحْمَةً ثُمَّ نَزَعْنَاهَا مِنْهُ إِنَّهُ لَيَئُوسٌ كَفُورٌ۝ 9. Agar insonga O‘z tomonimizdan rohatni tottirib, so‘ngra undan uni tortib olsak, u albatta noumid va noshukr bo‘lur.
Bu vasf iymon va Islom sifatlari bilan to‘la sifatlanmagan insonning vasfidir. Agar unday odamga biror ne’mat berib turib, so‘ngra olib qo‘yilsa, tushkunlikka tushib, dod-voy qiladi. O‘zini har tomonga uradi. وَلَئِنْ أَذَقْنَاهُ نَعْمَاء بَعْدَ ضَرَّاء مَسَّتْهُ لَيَقُولَنَّ ذَهَبَ السَّيِّئَاتُ عَنِّي إِنَّهُ لَفَرِحٌ فَخُورٌ۝ 10. Agar unga etgan qiyinchiliklardan so‘ng ne’mat tottirsak, albatta: «Mendan yomonliklar ketdi», – deydi. Albatta, u o‘ta xursanddir, o‘ta faxrlanuvchidir.
“Fussilat” 
surasida esa:  وَلَئِنْ أَذَقْنَاهُ رَحْمَةً مِّنَّا مِن بَعْدِ ضَرَّاء مَسَّتْهُ لَيَقُولَنَّ هَذَا لِي وَمَا أَظُنُّ السَّاعَةَ قَائِمَةً وَلَئِن رُّجِعْتُ إِلَى رَبِّي إِنَّ لِي عِندَهُ لَلْحُسْنَى فَلَنُنَبِّئَنَّ الَّذِينَ كَفَرُوا بِمَا عَمِلُوا وَلَنُذِيقَنَّهُم مِّنْ عَذَابٍ غَلِيظٍ۝ 50. Agar unga uni tutgan qiyinchilikdan so‘ng O‘zimizdan rahmat tottirsak, albatta, u: «Bu menikidir. Men Soat qoim bo‘lur deb o‘ylamayman. Agar Robbimga qaytarilsam, albatta, men uchun Uning huzurida go‘zal (mukofot) bordir», – der. Bas, albatta, kufr keltirganlarga qilgan amallarining xabarini berurmiz. Albatta, ularga qattiq azobdan tottirurmiz. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:29 | Savol-javoblar | 168 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar