Qorilar haqidagi hadis

Assalomu alaykum! Murattab qori bo‘lgan qalbiga Qur’onni jo qilgan insonning 7 avlod va ajdodi Allohning rahmati bilan jannatga kiritilishi sahihmi? Ushbu qorining ota-onasiga qorilik darajasiga etishishiga sababchi bo‘lgan insonga mukofot qanday bo‘lishi mumkinligini aytsangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Etti pushtiga shafoati etishi “etti pushti xohlaganini qilaversin” degani emas. Shafoatga loyiq bo‘lish ham kerak. Bu boradagi hadislarni quyida o‘qiysiz. وَلِأَبِي دَاوُدَ: مَنْ قَرَأَ الْقُرْآنَ وَعَمِلَ بِمَا فِيهِ أُلْبِسَ وَالِدُهُ تَاجًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ، ضَوْءُهُ أَحْسَنُ مِنْ ضَوْءِ الشَّمْسِ فِي بُيُوتِ الدُّنْيَا لَوْ كَانَتْ فِيكُمْ فَمَا ظَنُّكُمْ بِالَّذِي عَمِلَ بِهَذَا Abu Dovudning rivoyatida:
«Kim Qur’onni o‘qisa va undagi narsaga amal qilsa, uning ota-onasiga qiyomat kuni toj kiydiriladi. Agar u orangizda bo‘lsa edi, uning ziyosi bu dunyo uylaridagi quyoshning ziyosidan ham yaxshiroq bo‘lar edi. Endi bunga amal qilganga nima bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering», deyilgan.
Sharh: 
Ya’ni Qur’oni Karimni o‘qimagan ota-onaga shunchalik takrim va tashrif bo‘lsa, Qur’oni Karimni o‘qigan va unga amal qilganning o‘ziga qanchalar takrim va tashrif bo‘lishini har kim o‘zi bilib olaversin.
Shunday bo‘lganidan keyin har bir ota-ona o‘zining har bir bolasiga Qur’oni Karimni o‘qitishga o‘tsin.
Shunday bo‘lganidan keyin har birimiz Qur’oni Karimni o‘qishga va unga amal qilishga o‘taylik. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَجِيءُ الْقُرْآنُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيَقُولُ يَا رَبِّ حَلِّهِ، فَيُلْبَسُ تَاجَ الْكَرَامَةِ، ثُمَّ يَقُولُ يَا رَبِّ زِدْهُ، فَيُلْبَسُ حُلَّةَ الْكَرَامَةِ، ثُمَّ يَقُولُ يَا رَبِّ ارْضَ عَنْهُ، فَيَرْضَى عَنْهُ، فَيُقَالُ لَهُ: اقْرَأْ وَارْقَ وَتُزَادُ بِكُلِّ آيَةٍ حَسَنَةً. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ صَحِيحٍ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Qiyomat kuni Qur’on kelib:
«Ey Robbim! Unga sarpo kiydir», deydi.
Bas, unga karomat toji kiydiriladi.
So‘ngra u yana:
«Ey Robbim! Unga ziyoda qil» deydi.
Shunda unga karomat sarposi kiydiriladi.
So‘ngra u yana:
«Ey Robbim! Undan rozi bo‘l» deydi.
Bas, U Zot undan rozi bo‘ladi.
So‘ngra unga:
«Qiroat qil va ko‘tarilaver. (Senga) har bir oyat uchun bir hasana ziyoda qilinadi», deyiladi».
Termiziy sahih sanad ila rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda boshqa hadisi shariflarda aytilgan Qur’oni Karimning o‘zini o‘qigan qoriga shafoat qilishining tafsilotlaridan biri bayon qilinmoqda.
Ha, Qur’oni Karim qiyomat kuni o‘z qorisiga karomat toji kiydirilishiga, karomat sarposi kiydirilishiga, Alloh taoloning undan rozi bo‘lishiga va jannat martabalarida ko‘tarilishga yordam berar ekan.
Shuning uchun ham Qur’oni Karimni iloji boricha ko‘proq o‘qishga, ko‘proq yod olishga, ko‘proq o‘rganishga va unga ko‘proq amal qilishga harakat qilmoq lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:13 | Savol-javoblar | 181 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar