Uzrli namoz o‘qimaslik

Assalomu alaykum! Bobom 80 yosh atrofidalar. Ikki marta mikroinsult bo‘lganlar. O‘tirib, turish harakatlanishlari juda sust. Birovni yordamisiz o‘tirib turishlari juda mushkul. Peshoblari ham o‘tib turadi. Shu sababli namoz o‘qimay qo‘yganlar. Shuni hukmi qayday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Sohibi uzr  Jarohatining qoni yoki yiringi, ayol kishidagi istihoza yoki burni qonab qoni,  yoki siydigi to‘xtamay oqib turadigan yoki el kelishi to‘xtamaydigan, yoki yarasi ochilib yiring yoki qoni oqib turgan namozxonlarga agar mana shu holat bir namozning vaqti kirib chiqib ketgunicha qilgan tahorati sinib qolaveradigan  darajada bo‘lsa (ya’ni tahorat qilib kelib namoz o‘qimoqchi bo‘lsa tahorati sinib qoladi. Yana qilib kelsa yana sinib qoladi, yoki qilmay tursa ham shu holat to‘xtamasa  bu kabi kishilarga) engillik bo‘lishi uchun o‘sha namozni o‘qib oladigan vaqt qolganda qilgan tahorati bilan tahorat sinib tursa ham o‘sha namozni o‘qiydi. Bunday kishilarni sohibi uzr deyiladi.
Keyingi vaqti kirgan namoz uchun bir tahorat qiladi va xohlaganicha namoz o‘qiy oladi. Bunda avvalgi tahoratning sinish suvrati bir marta topilishi kifoya qiladi. Yana tahoratni sindiradigan holat takrorlanishini kutib o‘tirmaydi.
Keyingi (uchinchi) namoz vaqti kirganidan boshlab oxirigacha  o‘sha holat topilmasa sohib uzrlik holatidan chiqadi.
 (Masalan peshin namozi vaqtida sohibi uzr bo‘ldi. Namoz vaqti tugagunicha tahoratli bo‘lib namoz o‘qishga fursat bo‘lmadi. Peshin namozi o‘qish sig‘adigan vaqt qolganda tahorat olib namoz o‘qiydi. Asr namozi vaqtida o‘sha uzri bir marta topilsa bir tahorat olib namozini o‘qiydi. Shom vaqti kirganidan tugagunicha uzri topilmasa oxirida tahorat qilib namoz o‘qiydi. Shu bilan u kishi sohibi uzrlikdan chiqadi.)
Sohibi uzr kishilar namoz vaqtidan oldin (avvalgi namoz vaqtida) tahorat olsalar vaqti kirgan namoz uchun boshqa tahorat qiladilar. (Masalan peshin namozi vaqtida asr uchun deb tahorat olsa asr namozi vaqti kirgach boshqa tahorat oladi.
Sohibi uzrning tahorati vaqti kirgan namoz uchun olinadi va namoz vaqtining oxirigacha etadi. O‘sha namoz vaqtining oxirida olsa ham keyingi namoz uchun yaroqli hisoblanmaydi.
Bir namozning vaqtida olingan tahorati o‘sha namozning vaqti chiqishi bilan sinib qolaveradi. Peshin namozi bundan mustasno. Chunki farz namozning vaqti bo‘lmagan vaqtda  masalan peshin namozidan oldin tahorat olsa bu tahorat bilan peshin namozini  o‘qishi mumkin. Chunki namoz vaqtining kirishi sohibi uzrning tahoratini sindirmaydi. Lekin namoz vaqtining chiqishi sindiradi.
Siydigi to‘xtamay oqib turadigan kishilar  kiyimini pok tutib turishi uchun engillik bo‘lishi uchun siydik kanali ichiga paxta yoki bir martalik qog‘oz (salfetka yoki hojat qog‘ozli ) sochiqdan kerak miqdorini kirgazib oladi. O‘sha kirgazib olgani o‘z joyida turib siydikni tashqariga chiqarmay tursa tahorati ham sinmay turadi.
Ro‘za tutgan kishilar ham bu imtiyozdan foydalanishlari mumkin. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:18 | Savol-javoblar | 151 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar