Emikdoshlarning nikohi

Assalomu alaykum! Hurmatli zikr ahli ha’ati, bu savolni yaqin tanishim nomidan berayapman. Agar qiz va yigitda hech qanday qarindoshchilik rishtalari bo‘lmasa, ammo qizning onasi yoshligida shu yigitni bir marotaba emizib qo‘ygan bo‘lsa-yu, ular kelajakda bir-birini sevib qolishsa, ularga turmush qurishga shariatimizda ruxsat berilganmi? Bir doktor ayol ularda xech qanday qarindoshchilik yo‘qligi, genlar bir xilmasligi sabab tibbiyotda ruxsat berilgan debdi. Iltimos, telegrammdagi kanalingizga chiqarsangiz. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ular qarindoshlik rishtalari bo‘lmasada emikdoshlik rishtasi orqali bir-birlariga harom bo‘ladi. Qilingan nikohlar bog‘lanmaydi va agar nikoh o‘qilsa, go‘yoki aka singil nikohlangandek bo‘ladi. Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi: حُرِّمَتْ عَلَيْكُمْ أُمَّهَاتُكُمْ وَبَنَاتُكُمْ وَأَخَوَاتُكُمْ وَعَمَّاتُكُمْ وَخَالاَتُكُمْ وَبَنَاتُ الأَخِ وَبَنَاتُ الأُخْتِ وَأُمَّهَاتُكُمُ اللاَّتِي أَرْضَعْنَكُمْ وَأَخَوَاتُكُم مِّنَ الرَّضَاعَةِ وَأُمَّهَاتُ نِسَآئِكُمْ وَرَبَائِبُكُمُ اللاَّتِي فِي حُجُورِكُم مِّن نِّسَآئِكُمُ اللاَّتِي دَخَلْتُم بِهِنَّ فَإِن لَّمْ تَكُونُواْ دَخَلْتُم بِهِنَّ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ وَحَلاَئِلُ أَبْنَائِكُمُ الَّذِينَ مِنْ أَصْلاَبِكُمْ وَأَن تَجْمَعُواْ بَيْنَ الأُخْتَيْنِ إَلاَّ مَا قَدْ سَلَفَ إِنَّ اللّهَ كَانَ غَفُورًا رَّحِيمًا۝ 23. Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, o‘zingiz qovushgan xotinlaringizning qaramog‘ingizdagi qizlari – agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo‘lsangiz, sizga gunoh yo‘q – va pushtingizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari hamda opa-singilni jamlamog‘ingiz harom qilindi. Magar avval o‘tgan bo‘lsa, mayli. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir. «...emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz»ning nikohi harom qilindi. Bu jumlada emish orqali nikohi harom bo‘lgan ayollar zikr qilinmoqda. Oyati karimada faqat ikki toifa – emish tufayli aslga aylangan, ya’ni ona bo‘lganlar va ularning shoxobchalari bo‘lmish emikdosh opa-singillargina zikr qilinmoqda. Payg‘ambarimiz alayhissalom esa bu borada: «Nasab jihatidan (nikohi) harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladilar», – deganlar. Ya’ni nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emish tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi. Bunday hukmlar ostiga kiradigan emish shuki, ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning onasidan boshqa sutli ayolni to‘yib emishidir. Ana o‘shanda u ayol bolaning onasiga, u ayolning eri bolaning otasiga, u ayolning bolalari esa uni emgan bolaning aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, ayolning boshqa qarindoshlari ham uni emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Bu hukmning hikmati to‘laligicha Allohning O‘ziga ma’lum. Ba’zi hikmatlari esa ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan bir necha asrlar o‘tib, ma’lum bo‘ldi. Go‘dakning suyagi va eti ona sutidan shakllanar ekan. Bir onaning sutini emib katta bo‘lgan insonlarning fiziologik xususiyatlari bir xilda shakllangani tufayli ular orasida nikoh aloqasi bog‘lansa, o‘zlariga ham, ulardan bo‘lgan bolalarga ham katta zarar bo‘ladi. Buni musulmonlardan boshqalar endi-endi tushunib kelmoqdalar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 00:09 | Savol-javoblar | 162 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar