Eng to‘g‘ri javob nima?

Assalomu alaykum! Do‘stim menga ikki hadis o‘qiganini aytib qoldi. Uning matni quyidagicha: «Sahihayn»da Abu Zar va boshqalardan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Alloh taologa biror narsani shirk keltirmasdan vafot qilsa, jannatga kiradi», dedilar. «Zino va o‘g‘rilik qilsa hammi?» deyishdi. «Zino va o‘g‘rilik qilsa ham», dedilar. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Malakul mavt (O‘lim farishtasi) bir kishining oldida hozir bo‘ldi. A’zolarining har birini qarab chiqdi va hech qanday yaxshilik topmadi. So‘ng qalbini yorib ko‘rdi, unda ham hech narsa topmadi. So‘ng jag‘ini ochdi va tili tanglayiga «laa ilaha illalloh» deb yopishib qolganini ko‘rdida; «Ixlos kalimasini aytganing evaziga senga jannat vojib bo‘ldi», dedi» (Tabaroniy rivoyati).

Tabiiyki unda savol bo‘ldi jannatga kirish shunchakik osonmi degan. Men unga o‘z fikrimni bildirdim: “Bu hadis islom endi tarqalish vaqtida aytilgan bo‘lsa kerak. Chunki u paytda Payg‘ambarimizning asosiy vazifalari Allohning birligiga da’vat etish edi, namoz va boshqa amallarga keyin mas’ul bo‘ldik. Bu hadisga juda ham ishonib qolish kerakmas» dedim. Endi bu so‘zim xato emasmikan, gunoh gap gapirib qo‘ymadimmikan deb o‘ylab qo‘rqyapman. Chunki bu gaplarimga menda manba yo‘q, faqatgina do‘stimning shu gaplargagina ishonib, g‘aflatda qolmasligi uchun so‘zlagandim. Aytingchi do‘stimning savoliga eng to‘g‘ri javob nima?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shu erda e’tibor berish kerak bo‘lgan bir nuqta bor. Jannatga kirish boshqa, birdaniga do‘zaxga tushmasdan, azoblanmasdan birinchilardan bo‘lib jannatga kirish boshqa narsa. Mo‘min qalbida zarracha iymoni bo‘lsa kunlar kelib bir kun jannatga kirishi aniq. Ammo gunohga bulg‘ansa, namozlarni tark qilsa, haromlarga qo‘l ursa Alloh taolo undaylarni do‘zaxga tushirishini aytgan. “Nima bo‘lsa ham mo‘min bo‘lsak bir kun jannatga kirar ekanmizku” degan narsa shaytonning aldovidir. Chunki hadisda bir vaqt namozni tark qilgan bir huqub do‘zaxda bo‘ladi – deyilgan. Huqubni tafsir qilganlar 80.000 yil deganlar. Oyatda qiyomatning bir kuni bu dunyoning 1000 kuni kabi ekanligi aytilgan. Oxiratni cheki bo‘lmagani uchun qayta o‘lim va qayta qiyomat qoim bo‘lmagani uchun bunga ajablanishning hojati yo‘q. Hadisda do‘zax ahlining eng engil azob tortuvchisi Abu Tolib ekanligi va unga do‘zaxda olovdan kovush kiydirilishi va uning ta’sirida miyasi qaynab turishi aytilgan. Siz keltirgan hadislarda ham solih bo‘lsa birinchilardan bo‘lib kirishi, o‘g‘ri, fosiq va zinokor bo‘lsa va iymoni salomat qolsa qachonlardir bir kun azoblardan keyin jannatga kirishi iroda qilingan. “Kimning oxirgi so‘zi Laa ilaaha illalloh” degan hidisning sharhida ham solih bo‘lsa birinchilardan bo‘lib, fosiq-fojir bo‘lsa iymon bilan ketgani uchun do‘zaxdagi azobdan keyin jannatga kirishi aytilgan. Gunohkor, birovlarning haqqini egan kishilar garchi shahid bo‘lgan taqdirda ham jannatga kirolmay turishi ham aytilgan. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 02:57 | Savol-javoblar | 154 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar