Telegrammdagi kanallarda bir birini kamsitish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar telegrammda xar xil futbol kanallari bor ekan. Bir tanishi futbol muxlisi va u "ANTIMADRID" degan kanalga a’zo ekan. U kanalda barcha raqib futbolchilarini ustidan kulishar xar xil tuxmat va karikaturalar bilan masxaralar ekan. Savolim shuki shu kabi kanallarga a’zo insonlar gunoxkor bo‘lishadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Gunohkor bo‘lishadi. Alloh taolo “Humaza” surasida marhamat qiladi:  وَيْلٌ لِّكُلِّ هُمَزَةٍ لُّمَزَةٍ۝ 1. Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin.
Odamlarning obro‘sini g‘iybat yo‘llari bilan ko‘p to‘kuvchi odam arab tilida «humaza» deyiladi. Odamlarning aybini, kamchiliklarini imo-ishora ila masxara qiluvchi «lumaza» deyiladi. «Vayl» jahannamdagi bir vodiyning nomi yoki «holiga voy», «halok bo‘lsin» degan ma’nodagi so‘z ekanini oldin ham o‘rganganmiz.
Ushbu ikki sifatga ega bo‘lganlarning barchasi do‘zaxga tushadi va ularning ahvoliga voy bo‘ladi, deydi Alloh taolo. Chunki mo‘min kishining qonini to‘kish qanchalik gunoh bo‘lsa, obro‘sini to‘kish ham shunchalik gunoh. Odam o‘ldirib – qon to‘kib gunoh qilganlar jahannamga tushganlaridek, g‘iybat qilib – obro‘ to‘kib, kishilarni xafa qilganlar ham jahannamga tushadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:37 | Savol-javoblar | 157 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar