Bir inson ustidan yomonlik tilab duo qilib tashlash

Assalomu alaykum! Savolim quyidagicha, bir do‘stim bor namozxon, xudojuy inson. O‘z o‘zidan bir kun yuragim g‘ash bo‘lib yurdi. Shu kuni do‘stim telefon qilib qoldi. Men unga holatimni aytdim. Bir kun o‘tib do‘stim sening ustingdan ishlari yurishmasin, o‘zi bor budidan ayrilib qamalib ketsin deb duo qilib tashashibdi. Ishlaring yaxshimas deb qoldi. Qamalib ketishing xam mumkin ekan deb aytdi. Xaqiqatdan xam ishxonamda ishlarim yaxshimasdi shu kunlarda. Oxir oqibat ishlayotgan ishimdan xam ayrilish arafasidaman. Savolim : bir kishi ustidan yomonlikga duo qilib tashash bor narsami? Javob uchun oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Bor narsa. Mazlumning duosi Alloh taoloning huzurida rad qilinmaydi. Kimlardir birovlarning haqqini eb yallo qilib yashab yurgan bo‘lsa unga aldanmaslik kerak. Alloh taolo muhlat beradi, aslo jazosiz qoldirmaydi. Alloh taolo “An’om” surasida marhamat qiladi:  فَلَمَّا نَسُواْ مَا ذُكِّرُواْ بِهِ فَتَحْنَا عَلَيْهِمْ أَبْوَابَ كُلِّ شَيْءٍ حَتَّى إِذَا فَرِحُواْ بِمَا أُوتُواْ أَخَذْنَاهُم بَغْتَةً فَإِذَا هُم مُّبْلِسُونَ۝ 44. Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik. Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar.
Bunday muomalaga «istidroj» – bildirmasdan, darajama-daraja olish deyiladi. Alloh ogohlantirish maqsadida avval balo-ofatga duchor qilgan edi, tazarru qilmadi, kufrda davom etdi. Balo-ofat ta’sir qilmaydigan qalb tosh qotgan, yaxshilik umid qilib bo‘lmaydigan qalbdir. Undan endi iymon ham, biror-bir yaxshilik ham kutib bo‘lmaydi. Alloh O‘zi hikoya qilayotgan avvalgi ummatlardan shunday qattiq qalblilarini bir muddat tek qo‘yib qo‘ygan. Ular boshidan o‘tgan musibatlarni va:
«Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik», – deydi.
Ya’ni ular istaganlaridan ham ortiq nozu ne’matlarga ko‘mib tashlanganlar. Bu dunyoning matohlari ularga seldek oqib kelgan. Albatta, ular bu narsalarga cheksiz xursand bo‘lganlar. Ammo iymonsiz, tazarrusiz kelgan nozu ne’mat yaxshilikka olib bormasligi turgan gap. Aslida iymonli, tazarruli va taqvolilarga nozu ne’matlar, farovon turmush berilishi lozim. Alloh taoloning va’dasi shu. Ammo bu narsalar kofir-mushriklarga berilsa, xususan, hamma narsaning eshigi ochib qo‘yilsa, orqasida boshqa gapi bo‘ladi. Nozu ne’matga ko‘milgan kofirlar g‘ururga ketib, yana ham ko‘proq isyonga, gunohkorlikka o‘zlarini uradilar. Ammo haqiqiy hikmat keyin paydo bo‘ladi:
«O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik».
Bunday bo‘lishini xayollariga ham keltirmagan edilar. Ularni birdaniga Allohning azobi tutdi.
«Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:19 | Savol-javoblar | 171 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar